Amerikaning yangi prezidenti Donald Tramp inauguratsiyadan so‘ng birinchi kuniyoq migrantlarga qarshi qattiq choralarni ko‘rdi. Biroq, bu jihatdan Rossiya hatto Trampni ham ortda qoldirgan. Rossiya Federatsiyasidagi migrantlarning hayoti nafaqat qonunlar, balki migrantlar haqida deyarli hech narsa bilmaydigan, ularni tushunmaydigan va tushunishga harakat ham qilmaydigan mahalliy aholi bilan qiyin munosabatlarda ham murakkablashadi. Migrantlar, o‘z navbatida, ruslarga ishonchsizlik bilan javob berishadi va jamiyatga chinakam integratsiya bo‘lishni xohlamaydilar.
Sirli rus qalbi
O‘z nazorati ostidagi hovlini tozalovchi farrosh Erkin binoda yashovchi aholi chatida «Bolkondan shisha va axlat tashlamaslikka, madaniyatsizlik qilmaslikka», chaqirdi.
Odamlarning bunday yo‘l tutishi haqiqatan ham madaniyatsizlik va xavfli holat edi. Unchalik baland bo‘lmagan bolkondan otib yuborilgan shishali pivo idishi nafaqat Erkinning, balki har qanday tasodifiy o‘tkinchining boshini yorib tashlashi mumkin. Va taxminan o‘n ikkinchi qavatdan yaxshi mo‘ljal bilan tashlangan suvli plastik idish har qanday odamning ta’tini xira qilishi mumkin.
Biroq, Erkinning murojaati hech qanday natija bermadi. Odamlar axlat tushashda davom etishdi, uchib tushayotgan shishalar qarg‘alar va kaptarlarni to‘zitib yuborardi. Tozalik uchun kurash barbod bo‘lganini ko‘rgan Erkin farroshlik ishini tashlab, yetkazib beruvchilik ishiga kirdi, so‘ng butunlay uydan chiqib ketdi.
Erkin yaxshi yigit edi – odobli, kulimsirab turardi, hamma uni yaxshi ko‘rardi. Biroq, axlat tashlaydiganlar o‘z odatlarini tashlashni xohlamadilar. Garchi ularning soni juda oz bo‘lsa-da, bir qoshiq qairon bochka to‘la asalni rasvosini chiqarishi mumkin.
Erkin farrosh bo‘lib io‘lab yurgan kezlari negadir egalari ko‘chaga tashlab ketgan mushukchalarni mehribon odamlar qo‘liga toshirishga harakat qilardi. U odamlarning nima uchun mushukchalarni ko‘chaga uloqtirib tashlashlarini tushunmas edi. Muhammad S.A.V. mushuklarni yaxshi ko‘rgan, Rossiyada esa ularni hatto bizning kichik birodarlarimiz deyishadi – bu haqda Erkinning yettinchi qavatdagi yozuvchi do‘sti gapirib bergandi. Ammo birodarlarga nisbatan shunday munosabatda bo‘lishadimi, hayron bo‘lardi Erkin, ularni ko‘chaga tashlab yuborish mumkinmi?
«Sirli rus qalbi, — deb o‘ylardi farrosh axlatni supurarkan, — sirli G‘arb ...»
Bir kuni Erkin birinchi pod’ezdga kechki soat yettidan so‘ng yetkazib berish xizmati mopedlari tez-tez kela boshlaganini payqadi. Ularni minib olgan yosh yigitlar uyga g‘oyib bo‘lishardi. Biroz vaqt o‘tgach, birma bir chiqishib, ish bo‘yicha yo‘lga otlanishardi. Ba’zilar keraksiz e’tiborni jalb qilmaslik uchun, shekilli, piyoda kelishardi.
Erkin ularning hammasi kimning oldiga kelishayotganini taxmin qildi – o‘n birinchi qavatda tojikistonlik aka-uka yashardi. Mulla bilan birgalikda Qur’on o‘qishga kelishsa kerak, deb o‘ylardi Erkin. Qur’oni karim juda murakkab kitob bo‘lib, u arab tilida yozilgan, shuning uchun bilimdon kishi oddiy musulmonlarga unda nimalar deyilganini tushuntirib berishi kerak.
— Balki men ham ularning oldiga borib, Qur’on tinglarman? — dedi Erkin xotiniga.
— Yana nimalarni o‘ylab topdingiz? — dedi xotini. — Balki ular terrorchilardir. Uyda qolib, televizor ko‘ring.
Erkinning o‘zi dindor bo‘lmagan, lekin vaqti-vaqti bilan chinakam taqvodor odamlarni uchratib turardi. Bir kuni u bir musulmon birodari boshqaruvidagi taksida ketayotgan edi. Taksi haydovchisining qulog‘ida naushnik bor edi va u jimgina Qur’on so‘zlarini takrorlardi. Agar o‘ris yo‘lovchi bo‘lganida qo‘rqib ketgan bo‘lardi, haydovchi shahodat o‘qiyapti, taksi portlamoqchi bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi, Erkin esa uning shunchaki Qur’on tilovat qilayotganini bilardi. Qanchalik tez-tez Qur’on o‘qisangiz, Yaratganga shunchalik yaqin bo‘lasiz. Hatto shunday farishtalar ham borki, ular Allohning kalomi dunyoda doimo jaranglab turishi uchun Qur’onni baland ovozda o‘qiydilar.
Nihoyat, taksichi qulog‘idan naushnikni olib, Erkinga yuzlanib dedi:
— Tez orada jihod boshlanadi. Tayyormisan?
Erkin jihodga tayyor emasdi va avtobusda borish yaxshiroq, degan qarorga kelib taksidan tushishga shoshildi.
Avtobus bekatida unga politsiyachi va harbiy kiyimdagi bir kishi yaqinlashdi. Ular hujjatlarni ko‘rsatishni so‘rashdi. Erkin pasportini ko‘rsatdi.
— Demak, siz Rossiya fuqarosisiz? — harbiy negadir xursand bo‘ldi. — Harbiy xizmat ro‘yxatidan o‘tganmisiz? Keling, shartnoma imzolaylik ...
Nafrat ko‘zi bilan qaraydi
O‘tgan 2024 yil Rossiyada juda qiyin kechdi. «Krokus Siti Xoll»dagi terakt, qamoqxonalardagi islomiy qo‘zg‘olonlar — bu va yana ko‘p narsalar mehnat migratlariga hayotiga ta’sir qildi, ularning asosiy aybi faqat mahalliy ruslar emasligi edi.
Aytish joiz, ilgari ham ularning hayoti silliq kechmagan, lekin o‘tgan yili qabul qilingan cheklovchi qonunlar tufayli yashash sezilarli darajada murakkablashgandi. Bu qonunlar chet elliklarning ishi, til bilishi, mamlakatda yashashi va oilaviy hayotiga tegishli edi. Davlat Dumasi hatto migratlarga oila a’zolarini Rossiyaga olib kelishni taqiqlamoqchi ham bo‘ldi.
Ammo bu tanganing faqat bir tomoni edi. Uning yana bir muhim ikkinchi tomoni – chetdan kelganlarning mahalliy aholi bilan munosabatlari edi. Bu sohada haliyam qo‘rquv va ishonchsizlikni keltirib chiqaradigan o‘zaro tushunmovchilik mavjud.
Umuman olganda, migrantlarning integratsiyalashuvi nafaqat Rossiyada, balki hamma joyda qiyin muammo. Masalan, G‘arbiy Yevropani olaylik. Bundan 15 yil avval Germaniya kansleri Angela Merkel ko‘p madaniyatli jamiyat qurishga urinish barbod bo‘lganini e’lon qilgandi.
To‘g‘ri, Rossiyada bu ma’noda vaziyat oddiyroq. Yevropada musulmon migrantlar tom ma’noda mahalliy qonunlar yoki urf-odatlar haqida hech qanday tasavvurga ega bo‘lmasdan va hatto tilni bilmasdan bu yerga kirib kelishardi. Rossiyada esa Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya bilan tarixan chambarchas bog‘langan, chunki ular bir paytlar Rossiya imperiyasi, so‘ng Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan. Ya’ni, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz va tojiklar ruslar uchun qanday bo‘lishsa, nemis yoki italyan uchun suriyaliklar, turklar yoki Qora Afrika aholisi shunday bo‘ladi, degani emas. Yoshi katta mehnat migrantlari rus tilini juda yaxshi bilashadi, keksa yoshdagi ruslar ham odatda chetdan kelganlarga yaxshi munosabatda bo‘lishadi, ularni nafaqat xizmat xodimlari, balki odamlar sifatida ko‘rishni afzal ko‘rishadi.
Buning isboti shundaki, Krokus Siti Xolldagi teraktdan so‘ng ham rossiyaliklarning katta avlodi umuman olganda xorijliklarga munosabatini o‘zgartirmagan, yoshlar esa, o‘zlarining e’tirofiga ko‘ra, ularga nafrat ko‘zi bilan qarashadi.
Rossiya ko‘p millatli davlat va bu keskinlik hovurini biroz pasaytiradi. Umuman olganda, bu yerdagilar boshqa elatlarga o‘rganib qolishgan. Qozoq yoki qirg‘izlarni ko‘zining shakli tufayli buryatga, soqolli tojikni esa kavkazlikka bemalol o‘xshatishlari mumkin. Ammo bu yerda bir narsa borki, Rossiyada ozchilikni tashkil qiluvchi millatlarga munosabat har doim ham ideal bo‘lmagan.
Begona odam bilan bog‘liq muammo har safar o‘ziga xos holatlardan kelib chiqib, shaxsiy munosabatlar darajasida hal qilinadi. Dastlab dahanaki so‘z jangi bo‘lib o‘tadi, keyin bir-birimiga kulib boqishadi — mana endi unchalik begona emas, demak o‘zaro da’volar va dashnomlarsiz yonma-yon yashasa bo‘ladi.
Aslida, o‘rtahol rus odamiga Rossiyadagi barcha mehnat migrantlari bilan uyg‘un munosabat o‘rnatishga hojat yo‘q, u bilan muntazam aloqada bo‘lgan yoki hech bo‘lmaganda vaqti-vaqti bilan uchrashadigan odamlar bilan normal munosabatda bo‘lishning o‘zi kifoya.
Albatta, bu eng yaxshi ssenariyda. «Rossiya ruslar uchun» kabi shiorlar anchadan beri quloqqa chalinmayapti, ammo ko‘pchilik hali ham chetdan kelganlarni xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ikkinchi darajali odamlar deb hisoblashga moyil. Bu yerda ba’zi odamlar muhojirlar tomonidan sodir etilgan vahshiylik haqidagi voqealarni darhol eslashadi, garchi rasmiylar Rossiyada sodir etilgan jinoyatlarning atigi 4 foizini chet elliklarga to‘g‘ri kelayotganini ta’kidlashsa ham.
Qanday bo‘lmasin, murosasizlik muammosini global miqyosda, ya’ni uzil -kesil hal qilish juda qiyin. Ksenofobiya asnosida biologiya va instinktlar yotadi: kimdir mendan boshqacha ko‘rinyaptimi, demak u begona, ehtimol dushman ham bo‘lishi mumkin. Vaziyat chetdan kelganning nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki o‘zini boshqacha tutishi bilan yanada vaziyatni murakkablashtiradi.
Yaqin yaqinlargacha taqvodor muhojirlar Rossiya shaharlari ko‘chalarida, ba’zan qor ostida tiz cho‘kib, namoz o‘qishardi. Kuniga besh vaqt namoz o‘qishga odatlangan haqiqiy mo‘min uchun bu xatti-harakatlar mutlaqo normal, ammo o‘rtahol rus odami uchun bu yanada qo‘rqinchli holat. Bu migratlarni kim taniydi? U nimalarnidir aytib, atrofni portlatib yubormaydimi? Soqol qo‘ymasa ham, bu soqollilardan nima kutishingni bilmaysan.
Keyinchalik tendensiya o‘zgardi va tashrif buyuruvchilarning xatti-harakati o‘rtacha rus me’yoriga ko‘proq mos kela boshladi, ammo bu ishonchsizlik muammosini hal qilmadi. Va bu, hatto migratlarni yoqtirmaydiganlar ham, ularning odatlarida ko‘p yaxshi narsalar borligini – mast alast yurmasliklari, kattalarni hurmat qilishi va murosaga moyil bo‘lishini tan olishlariga qaramay. Lekin ular baribir begonalar, hatto jilmayishganda ham ularning nima maqsadda yurganlarini hech kim bilmaydi — ular oxir migrantlar.
Ular hammaga kerak va hech kim ularni yoqtirmaydi
Ko‘pchilik oddiy ruslar uchun migrantlar deyarli bir xil ko‘rinishga ega bo‘lib, bu yerda tojikni qozoqdan farqlash qiyin. Biroq, bu, ehtimol, kerak ham emas. Aslida, siz millatiga emas, balki odamning o‘ziga qarashingiz kerak. Ammo, afsuski, hamma ham bunga qodir emas.
Hozirda mavjud qiyin sharoitda migrantlar uchun ikkita xulq-atvor strategiyasi qolgan: yo tabassum qilish yoki xo‘mrayib qarash. Qadimgi xitoyliklar ta’tiri bilan aytganda, kulib turgan yuzga musht tushirishmaydi. Lekin Rossiyada shunaqangi musht tushirishlari mumkinki…Bu erda tabassum hech narsani kafolatlamaydi, ruslarga bolalar bog‘chasidan bir ibora singib ketgan: nega tirjayyapsan?
Biroq, kulib turadiganlar boshqalar bilan ko‘proq uyg‘unlikni saqlab qolish imkoniyatga ega. Yuqorida aytib o‘tilganidek, Rossiyada hamma ham yangi kelganlarga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lmaydi va bundan tashqari, hamma ham ularga qarshi hech qanday da’vo qilmaydi. Mahalliy aholining aksariyati muhojirlarga nisbatan xushmuomala, hattoki mehmondo‘st. Ammo agar to‘qqiz kishi sizga tabassum qilsayu va bittasi yuzingizga tupursa, buning ta’siri kuchliroq seziladi va avvalgi tabassumlar yuvilib ketadi. Odamlar mehribonlikka javoban g‘azab va tajovuzga duch kelishsa, albatta xafa bo‘lishadi.
Bu holatda nima qilish kerak – kulib turish kerakmi? Ba’zi mehnat migrantlari qattiqqo‘llikni himoya siyosati sifatida tanlaydilar va mahalliy aholi bilan aloqa qilishni istamasliklarini ko‘rsatadilar. Biroq, hatto bunday odamlar ham oxir-oqibat tinchlik va hamjihatlikka intiladi. Siz muhojir bilan salomlashasiz, lekin u hatto javob ham bermayligi mumkin. Bu hech narsani anglatmaydi, chunki u hali ham qandaydir tarzda sizning insoniy munosabatingizni qadrlashini bildiradi — masalan, eshikni siz uchun ushlab turish orqali.
O‘zaro dushmanlikka har doim sabab topiladi. Shunday qilib, yaqinda migrantlar yetkazib berish xizmatida yuqori daromad olishlari haqidagi mish-mishlar tufayli ularga nisbatan munosabat yomonlashganidan shikoyat qila boshladilar — oyiga ikki yuz minggacha olarmish... Ammo bu holatda yuqori maosh faqat ksenofobiyani ko‘rsatish uchun yetarli sababdir. Migrantlarning arzimagan daromadiga past nazar bilan qarashadi; Shu bilan birga, umuman olganda, hech kim mahalliy rus kishisini yetkazib berish xizmatiga borishiga to‘sqinlik qilmaydi. Ba’zi odamlar borishadi, lekin ko‘pchilik tiyilishadi — ish juda og‘ir va ochig‘ini aytganda, unchalik istiqbolli emas. Aynan migratlar zimmasiga yuklanadigan ish turi.
Va bu yerda bir paradoks paydo bo‘ladi: migrantlar barcha kerak, lekin hamma ulardan norozi. Qolaversa, negadir ular birinchi navbatda Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlardan norozi. Garchi Armaniston, Belarus, Moldovadan kelgan muhojirlar bor. Nima uchun? Balki Markaziy Osiyo musulmonlar mintaqasi bo‘lgani uchundir?
Qidirdilar va topolmadilar
Ruslar uchun islom dini yangilik emas. Hatto rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 20 millionga yaqin musulmonlar bor, ular asosan Tatariston, Boshqirdiston va Kavkazda yashaydilar. Lekin bular o‘zimizniki, tanish musulmonlar, deb o‘ylaydi o‘rtahol rus odami, lekin kelgindilardan nimani kutish mumkin?
Lekin, hatto o‘zimizning rossiyalik musulmonlar ham ba’zida shunday nayranglar qiladiki, yoqa ushlaysan. Dog‘istondagi samolyot turbinalarida yahudiylarni qanday qidirganliklari to‘g‘risidagi voqeani eslang. Izlashganiyam uyat, topa olishmagani ham.
Bunday voqealar qanchalik shubhali bo‘lmasin, shunchaki chigalligi aniq. Dunyoni samolyotdagi yahudiylar emas, islom dinining radikallashuvi xavotirga solmoqda. Jihod g‘oyasidan qo‘rqib ketgan oddiy odam esa, Islom haqida umuman tasavvurga ega bo‘lmasa ham, terrorizm va islomni chalkashtirib yuborishga, ba’zan esa ularni tenglashtirishga moyil.
Albatta, Islom tinchlik dini degan siyosiy to‘g‘ri formulani hamma biladi. Vaholanki, Rossiyada va butun dunyoda vaqti-vaqti bilan Alloh nomi bilan terror hujumlari sodir bo‘lib turadi. Ha, terrorchilarning millati, vatani, dini yo‘q, deya ayrim davlatlar rahbarlari tomonidan terror xurujlari qoralanadi. Ammo dyakon Andrey Kurayev (RFda xorijiy agent sifatida tan olingan) bir paytlar kinoya bilan ta’kidlaganidek, negadir biz hech qachon bir guruh daochilar, buddaviylar yoki yahudiylarning samolyot yoki savdo markazini qo‘lga olib, uni portlatish bilan tahdid qilishlariga oid xabarlarni eshitmaymiz.
Albatta, radikal islomni, ta’bir joiz bo‘lsa, oddiy islom bilan aralashtirib bo‘lmaydi. Ikkinchisi shaxs va ummat, musulmonlar jamoasi uchun ma’naviy hayot shaklidir. Radikal islomchilar esa, birinchi navbatda, siyosiy maqsadlarga – Eron kabi teokratik davlatlar, ba’zan esa global islom xalifaligini barpo etishga intiladilar.
Biroq, hozirda barcha nomusulmonlarni tashvishga solayotgan asosiy savol shuki, radikal va an’anaviy islom o‘rtasida o‘tib bo‘lmaydigan chegara bormi va oxir-oqibat biri muqarrar ravishda ikkinchisiga aylanib qolishi xavfi bormi?
Agar Markaziy Osiyo haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yerdagi vaziyat idealdan yiroq, lekin nisbatan farovon. Hozirgi Markaziy Osiyo respublikalari rahbarlari – Turkmanistonni hisobga olmaganda – sovet millatiga mansub, dinni davlatdan ajratib, uning jamiyatga ta’sirini cheklashga odatlangan odamlardir. Aynan shuning uchun ham mintaqada har xil diniy oqimlar va terroristik tashkilotlarning rivojlanishi qiyin. Shunga qaramay, mo‘minlarning tafakkuri ko‘p jihatdan islom targ‘ibotchilari – turli xil mullalar, imomlar, ulamolar, muftiylar va shayxlarning vijdonliligiga bog‘liq. Bu, xususan, Markaziy Osiyodagi oddiy musulmonlarning aksariyati arab tilini bilmasligi bilan bog‘liq. Qur’on arab tilida nozil bo‘lgan, u arabcha matndir, u Qodir Allohning so‘zining yagona ishonchli manbasi hisoblanadi. Boshqa tillarga tarjimalar hatto tarjimalar deb ham aytilmaydi, balki ma’nolarning talqini.
Qanday bo‘lmasin, Qur’on she’riy, ramziy tilda yozilgan va talqin qilishni talab qiladi. Lekin eng muhimi, Qur’ondagi ezgulik va yozuzlik tushunchalarini farqlay bilish kerak.
Har kimning o‘z e’tiqodi bor
Bu yerda biz musulmon bo‘lmaganlar odatda bilmagan yoki o‘ylamaydigan narsa haqida gapirishimiz lozim. Islom e’tiqodiga ko‘ra, Alloh taolo dunyodagi hamma narsaning, jumladan, yaxshilik va yomonlikning ham manbaidir.
Haqiqiy mo‘minning eng ulug‘ vazifalaridan biri — Furqon surasida aytilgan yaxshilik va yomonlikni aniq ajrata bilishdir. Bu vazifa juda qiyin, chunki hatto Qur’onda ham bu masala bo‘yicha nomuvofiqliklar mavjud — hech bo‘lmaganda, begona odamlar uchun ular shunday ko‘rinadi.
Ulardan eng yorqini Muhammad S.A.V.ning yahudiy va nasroniylarga bo‘lgan munosabatidir. Radikal islomchilar Moida surasiga tez-tez murojaat qilishadi: «Ey mo‘minlar, yahudiylar va nasroniylarni do‘st tutmangiz! Ularning ba’zilari ba’zilariga do‘stdirlar. Sizlardan kim ularga do‘st bo‘lsa, bas, u o‘shalardandir. Albatta Alloh zolim qavmni hidoyat qilmas. Ko‘ryapsizmi, qalbi iymonda beqaror bo‘lganlar do‘stlashishga shoshyapti».
Holbuki, islom faylasufi Ali Polosin fikricha, quyidagi oyat hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yadi: «Ey mo‘minlar, sizlardan ilgari Kitob berilganlar ichidan Diningizni hazil-masxara qilib olgan kimasalarni va kofirlarni do‘st qilib olmangiz!» Ya’ni, gap hamma nasroniylar va yahudiylar haqida emas, balki faqat Islomga dushman bo‘lganlar haqida ketyapti.
Qolaversa, Qur’oni karimda shunday deyilgan: «Ahli kitoblar (ya’ni, yahudiy va nasroniylar. — muallif izohi) bilan faqat izzat ila, eng yaxshi yo‘lda bahslashmanglar, faqat sizlarga zulm qilganlar bundan mustasno. Va ayting: «Biz o‘zimizga va senga nozil qilingan narsaga iymon keltirdik. Bizning va sizning Xudoyingiz birdir va biz faqat Unga bo‘ysunuvchimiz».
Va nihoyat, barcha va har qanday kelishmovchiliklar Kofirun surasi bilan olib tashlanadi: «Men siz ibodat qilgan narsalarga ibodat qilmasman. Va siz ham men ibodat qiladigan narsaga ibodat qiluvchimassiz. Sizga o‘z diningiz, Menga o‘z dinim!»
Albatta, amalda hamma narsa unchalik oddiy emas va dinlar o‘rtasida jiddiy ta’limotlar mavjud, masalan, musulmonlar Isoni Masih va Xudoning o‘g‘li deb bilishmaydi, balki faqat payg‘ambar sifatida tan olishadi. Bundan tashqari, Muhammad S.A.V.ning izdoshlari nasroniy uchligini inkor etadilar, chunki bu ularning nuqtayi nazari bo‘yicha Allohga shirk keltirishdan boshqa narsa emas, bu esa o‘z navbatida nasroniylikdagi shirk belgilari (Ko‘pxudolik) haqida savol tug‘diradi.
Shuni tushunish kerakki, Qur’on nasroniylik va yahudiylik to‘g‘risida ba’zi bilimlarni o‘z ichiga oladi va haqiqiy mo‘min bu bilimdan bahra olishi yoki imonsizlar bilan bahslashishi mumkin. G‘arb odami odatda Tavrot va Injil haqida faqat biror narsani biladi, tarixiy sabablarga ko‘ra ular Islom haqidagi bilimlarni o‘z ichiga olmaydi. Shu ma’noda, Rossiyada Qur’onni o‘rganish juda foydali bo‘lar edi.
Qur’oni karim nafratga buyurmagan
U yoki bu g‘oyaviy-siyosiy ma’noda tashabbus hozirda Islom dini tarafdorlari tarafida. Shunday ekan, asosiy muammo dinlar orasidagi dogmatik tafovutlarda emas, balki muayyan musulmonning ularga qanday munosabatda bo‘lishidadir: u kelishmovchiliklarni kofirni o‘ldirish uchun sabab deb biladimi yoki unga o‘z yo‘lidan davom etishi huquqini qoldiradimi? Aynan shu chorrahada yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi asosiy farq paydo bo‘ladi, zero Parvardigor imonlilarga iroda erkinligini qo‘llash imkonini beradi.
Aynan shu narsa katta urush kelib chiqishiga va odamlarning bir-birini to‘liq qirib tashlashiga to‘sqinlik qiladi. Agar barcha musulmonlar yahudiylar va nasroniylarni mo‘minlarning asl dushmani ekaniga ishonganlarida bormi, allaqachon insoniyat hayotiga nuqta qo‘yilgan bo‘lardi. Shu ma’noda, Xamas va Hizbullohning Isroilga qarshi urushini barcha musulmon davlatlar ham qo‘llab-quvvatlamagani ahamiyatlidir. Ayrimlari betaraflikni saqlasa, boshqalari Ozarbayjon kabi yahudiy davlati tarafini tutgan.
Muqaddas kitobda ham, agar istak bo‘lsa, nafrat va urush uchun sabab topish mumkin. Ammo agar oldimizda sayyorani yo‘q qilish vazifasi bo‘lmasa, bizni nima ajratib turadiganini emas, balki bizni birlashtiradigan narsani izlashimiz kerak. Va bunga deyarli barcha mavjud dinlarda yetarlicha asoslar mavjud.
Bir muhim narsani yodda tutmoq lozim – Qur’oni karim musulmonlarga o‘zga din vakillaridan nafratlanishni buyurmagan.
Bundan tashqari, Qur’on ta’limoti bo‘yicha ham yahudiylik, ham nasroniylik bilan chambarchas bog‘liq. Payg‘ambar Muhammad S.A.V. Eski Ahd payg‘ambarlari va Iso Masih orqali Alloh tomonidan berilgan vahiy va qonunlarning haqiqatini tasdiqlab, faqat odamlar bu vahiy va qonunlarni buzib ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlagan.
Islom navqiron dindir. U ehtirosli, u tabiiy ravishda keng tarqalishga intiladi. Unda hamma narsa qaynaydi, er qobig‘idagi kabi tektonik jarayonlar sodir bo‘ladi; Biroq, magma faqat jismoniy qonunlarga bo‘ysunadi, dinda esa zakovot va iroda erkinligi mavjud. Bu yerda issiq magma zarralari emas, balki odamlar ishlaydi. Va odamlar boshqa odamlar bilan munosabatlarida qanchalik iliq bo‘lishni xohlashlarini tanlashlari mumkin.
Ba’zan Islomni xristianlikning salb yurishi davrlari bilan qiyoslashadi. Lekin orada farq bor. Salibchilar Muqaddas qabrni qaytarib olish yo‘lida hamma narsani yoqib yuborganlarida, insoniyat hozirgidan boshqacharoq darajada edi, odamlarning bir-biriga bo‘lgan munosabati butunlay boshqacha bo‘lgan, ba’zan O‘rta asrlar «Zulmat asrlari» davri deb nomlanishi ham bejiz emas. Hozirda biz boy tarixiy tajribaga egamiz va biz o‘tmishdagi xatolarni, undan ham muhimi — o‘tmishdagi jinoyatlarni takrorlamasligimiz lozim.