
So‘nggi bir necha yil butun dunyoda inson hayotining turli sohalarida yuz berayotgan chinakam tektonik siljishlar bilan tavsiflanadi. Lekin eng katta ta’sir, turgan gap, siyosiy o‘zgarishlar tomonidan amalga oshiriladi. Ana shunday voqealardan biri Rossiyaning toliblar davlati – Afg‘oniston Islom Amirligini tan olishi bo‘ldi. Ochig‘i, bu qaror boshqa davlatlar, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo davlatlari pozitsiyasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Imperiyalar mozori
Shunday qilib, Rossiya toliblar qonuniyligini rasman tan olgan dunyodagi birinchi davlatga bo‘ldi. Rossiyaning Kobuldagi elchisi Dmitriy Jirnov bu qarorni tarixiy qadam deb baholadi.
Beixtiyor Bulgakov va uning «Usta va Margarita» asari yodga tushadi, ya’ni Berlioz Volanddan: «Siz tarixchimisiz?» deb so‘ragan paytni eslamaslikning iloji yo‘q.
— Men tarixchiman», — deydi zulmat shahzodasi. Va qo‘shimcha qiladi: — Bugun kechqurun Patriarshiy ko‘lida qiziqarli voqea yuz beradi!»
Toliblar amirligining hozirgi tan olinishidan oldin ham xuddi shunday qiziqarli voqealar bo‘lgan — ko‘plab kutilmagan va ko‘pincha dahshatli burilishlarga boy.
Asrlar davomida Afg‘oniston bir necha bor yirik davlatlarning tomog‘iga tiqilgan suyak bo‘lgan, shuning uchun u hatto «Imperiyalar mozori» nomini. olgan. Nisbatan yaqinda sodir bo‘lgan voqealardan Buyuk o‘yin deb ataladigan Britaniya va Rossiya imperiyalari bilan bog‘liq to‘qnashuvlarni, shuningdek, 1979-1989 yillari SSSR va 2001-2021 yillari AQSH bilan urushlarni eslashimiz mumkin. Shunisi e’tiborga loyiqki, bu noyob mamlakatga har qanday kuch qo‘llanilmasin, begonalar ertami-kechmi unga tishlarini sindirishadi.
2020 yili Afg‘onistonni tark etishga tayyorlanayotgan amerikaliklar Dohada kelishuv tuzganlar, unga ko‘ra G‘arb mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqib ketadi, toliblar esa Ashraf G‘ani boshchiligidagi respublikaning o‘sha paytdagi rahbariyati bilan muzokaralarni boshlashi kerak edi. Biroq, hech qanday muzokaralar bo‘lmadi. 2021 yili G‘ani BAAga qochib ketdi va Amerika qo‘shinlari uni tark etgandan so‘ng toliblar mamlakatni hamirdan qil sug‘urgandek osonlikcha qo‘lga oldi.
Shundan so‘ng to‘rt yil davomida «Tolibon» rejimi dunyoning hech bir davlati tomonidan tan olinmadi, toliblar tashkiloti dunyoning aksariyat davlatlarida terrorchi deb tan olindi. Biroq, islom mafkurasiga g‘arq bo‘lgan, qurol-yarog‘ bilan to‘lib toshgan, o‘z hududida turli terrorchi tashkilotlar lagerlariga ega bo‘lgan davlatni siyosiy xaritadan shunchaki o‘chirib tashlash, albatta, mumkin emas edi. Buni «jahon jandarmi» AQSH ham, tabiiyki, Afg‘onistonning mintaqadagi qo‘shnilari ham yaxshi tushunishgan.
2016 yili Rossiya Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlarning Moskva formatini (MF) yaratish tashabbusi bilan chiqqan edi. Bu jarayonga mintaqa davlatlari, jumladan Hindiston, Xitoy, Eron, Pokiston, Markaziy Osiyo davlatlari, o‘sha paytdagi Afg‘oniston hukumati va toliblar qo‘shilgandi. 2017 yildagi birinchi uchrashuvda o‘sha paytda oddiygina yirik terrorchi guruh bo‘lgan «Tolibon» zaif edi. Biroq, 2024 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan MFning so‘nggi yig‘ilishida Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan «Tolibon» allaqachon muzokaralarning markaziy ishtirokchisiga aylanib ulgurgan edi.
Jahon hamjamiyati toliblardan talab qilayotgan asosiy narsa — inson huquqlariga, xususan, ayollar huquqlariga rioya qilish, shuningdek, inklyuziv, ya’ni mamlakatda yashovchi turli xalqlar manfaatlarini himoya qiluvchi kuchlar va harakatlarni o‘z ichiga olgan hukumat yaratish edi. Ikkala shart ham bajarilmadi, ammo shunga qaramay, muzlar eridi.
Qizig‘i shundaki, aynan Markaziy Osiyo respublikasi toliblarni tan olish yo‘lida birinchi qadamni qo‘ygan. 2024 yil yozida Qozog‘iston dunyoda «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan olib tashlagan birinchi davlat bo‘ldi. 2024 yilning kuzida Qirg‘iziston ham shunday qildi. O‘zbekiston va Turkmaniston Kobul bilan faol savdo-iqtisodiy aloqalar o‘rnata boshladi. Ammo «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan olib tashlash boshqa, hokimiyatni qo‘lga olgan toliblarni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olish boshqa narsa. Hozircha faqat Rossiya Federatsiyasi bunga jur’at etdi.
Yaxshilar yomonlarni tinchitib yuboradi
Tabiiy savol tug‘iladi: nega Rossiya toliblarga so‘zsiz indulgensiya berdi?

Kremlning rasmiy pozitsiyasi shuki, «Tolibon» mintaqada barqarorlik va xavfsizlik uchun tan olingan. Prezident Putinning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov o‘z fikrini yanada aniqroq ifodalab, «Tolibon» bizning obyektiv ittifoqchilarimiz, xalqaro terrorizmning eng kichik o‘choqlarini muvaffaqiyatli bostirish uchun ularni har tomonlama qurollantirish uchun qo‘llab-quvvatlashimiz kerak», degandi.
Demak, Kabulovga ishonadigan bo‘lsak, demak asosiy g‘oya — Afg‘oniston xalqaro terrorizm o‘choqlarini bostirishi kerak. Buning qandaydir asoslari borga o‘xshaydi: toliblar uzoq vaqtdan beri «Al-Qoida»* va «ISHID-Xuroson»* bilan kurashib keladi. Ammo bu ularning butun dunyoda tartib o‘rnatishni o‘z zimmalariga olishini anglatadimi?
«Farg‘ona» ma’lum vaqtdan beri AQSH «Tolibon» yetakchilariga nisbatan murosa qadamlarini tashlab kelayotganini yozgandi. Balki Barak Obama davrida paydo bo‘lgan g‘oyaga ergashgan holda Tramp «Tolibon»ni AQSHga qarshi islom davlatlari va terrorchi guruhlarga qarshi o‘ziga xos ta’sir agentiga aylantirmoqchi bo‘lgandir.
Shu yilning mart oyida amerikaliklar Afg‘oniston bilan to‘liq diplomatik munosabatlarni tiklash bo‘yicha muzokaralarni boshladilar va biroz oldinroq respublikani milliy xavfsizlikka tahdid solayotganlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. Deyarli shundan so‘ng Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi «Tolibon» faoliyatini taqiqlashni to‘xtatib turish talabi bilan Oliy sudga murojaat qildi. Avvaliga Rossiya toliblarni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarib tashladi, keyin esa «Tolibon» boshchiligidagi Islom Amirligini tan oldi.
Biroq, birinchi qaldirg‘och bahor kelishini anglatarmikan va Rossiyaning tan olishi dunyoda toliblar rejimiga qonuniy tus beramikan?
Siyosatshunos Andrey Serenko fikricha, toliblar hukumatining asosiy muammolaridan biri nafaqat uning tashqi dunyoda, balki mamlakat ichkida ham tan olinishidir. Avvalgi barcha afg‘on tuzumlari, jumladan, Sovet Ittifoqi bilan hamkorlik qilgan tuzumlar ham ma’lum darajada qonuniylikka ega bo‘lgan – ular nafaqat qurol bilan ushlab turilgan, balki saylovlardan ham o‘tgan. Toliblar bilan bunday narsa sodir bo‘lmadi, ular Afg‘onistonda hokimiyatni kuch bilan egallab olishdi. Siyosatshunos fikricha, «Tolibon»ning hozirgi qonuniyligi samolyotni olib qochgan terrorchilarning qonuniyligi bilan barobar. Ularning hokimiyatni qo‘lga kiritishida ikkita kombinatsiya bo‘lgan. Birinchisi, kuch ishlatish, ikkinchisi, amerikaliklar bilan 2020 yil fevralida Dohada tuzilgan kelishuv edi. Shunday qilib, toliblar noqonuniy yo‘l bilan hokimiyat tepasiga kelgan terrorchi guruhdir, deya xulosa qiladi Serenkо.
Tabiiy savol tug‘iladi: agar haqiqatan ham shunday bo‘lsa, Rossiyaga terrorchilar bilan hamkorlik qilish nega kerak? Zamir Kabulovning «Tolibon»ni qurollantirish haqidagi so‘zlari «yaxshi» terrorchilarni, ya’ni Moskvaga sodiq bo‘lganlarni «ISHID-Xuroson» kabi yomonlarga qarshi qurollantirish g‘oyasidan ko‘proq narsani anglatmaydimi?
Axir, Moskva uchun kim katta dushman – hozirgi hukumatni larzaga keltirishga ham qodir bo‘lmagan terrorchi guruhlarmi yoki Ukraina tomonini olib, Kremlni cheksiz sanksiyalarga ko‘mib tashlayotgan jamoaviy G‘arbmi? Bu savolga javob aniq.
Shunday bo‘lsa, Rossiyaning «Tolibon» bilan yaqinlashuvi ayrim terrorchilarga emas, balki G‘arb davlatlariga berilayotgan signaldir? Ba’zi soqollilarni boshqalarga qarshi qo‘yish, «Tolibon»ni «ISHID»ga* qarshi qo‘yish boshqa narsa, endi biz tomonda radikal islomning harbiylashgan davlati borligini, ular nafaqat urushda, balki terrorchilik harakatlarida ham katta tajribaga ega ekanini ko‘rsatish qo‘yish boshqa narsa. Va agar Moskva toliblar bilan nafaqat siyosiy, balki harbiy ittifoq ham tuzsa nima bo‘ladi? «O‘ylab ko‘ring, janoblar, sizga shunday bosh og‘rig‘i kerakmi, deya Kremlning G‘arbga ishora qilayotganiga o‘xshaydi. — Yoki mavjud muammolar hali sizga kammi?»
Turgan gap, hech bir afg‘on soqolli yigitlari hech qachon Yevropaga yoki boshqa joyga mahalliy aholiga qarshi jang qilish uchun bormaydi. Ha, Afg‘onistonning hozirgi hukumatini Rossiyadek yirik davlat tomonidan tan olinishi «Tolibon» uchun muhim, ammo bu ular kimningdir qo‘g‘irchog‘iga aylanib, kimningdir strategiyasiga amal qiladi, degani emas. Diplomatik munosabatlarmi — bemalol. Iqtisodiy aloqalar — mamnuniyat bilan qabul qilinadi. Lekin kimningdir injiqliklarini ro‘yobga chiqarish — hech qachon, toliblar buning uchun hokimiyatni qo‘lga kiritishmagan.
Yana bir savol shundaki, hamma ham buni tushunadimi? So‘nggi yillarda Kremlning namoyishkorona qadamlarining aksariyati tashqi tomonga emas, balki o‘z iste’molchisiga qaratilgan. Mitti orol davlati Nauru Abxaziya va Janubiy Osetiyani tan olish orqali Kremlni qo‘llab-quvvatlaganida, Rossiya hazil paydo bo‘ldi: «Bizning endi qo‘rqadigan narsamiz yo‘q — Nauru biz bilan!» Biroq, «Tolibon» degani Nauru emas. «Tolibon»ning hozirda bizlar bilan do‘st ekani o‘rtahol rossiyalikda jiddiy taassurot qoldirishi mumkin.
Kim nimani xohlasa, shuni aytishi mumkin, toliblar mahalliy milliy aktor, ularni faqat Afg‘oniston qiziqtiradi, ular davlat chegarasidan tashqariga chiqmaydi, deya ko‘ngilga siqqancha og‘iz ko‘pirtirib gapirish mumkin. Biroq, bunga doim shunday javob berish mumkin: avvali shunday edi, lekin keyin ham shunday bo‘ladimi? Va agar toliblarda mamlakat osha manfaatlari paydo bo‘lsa, ularning kengayish istagidan foydalanish mumkinmi? Bu savolga javob bir qarashda jo‘n ko‘ringanidek oddiy emas.
O‘kiradimi yoki yo‘q?
Qizig‘i shundaki, hatto Xitoy ham Rossiyaning Islom Amirligini tan olishini olqishladi, garchi Rossiyaning mintaqada kuchayishi uning manfaatlariga ziddek tuyulsa ham. Biroq, aftidan, xitoyliklar «Tolibon»ning qonuniy tus olishidan zarardan ko‘ra ko‘proq foyda ko‘radi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ninning aytishicha, Xitoy afg‘on xalqiga nisbatan do‘stona siyosat yuritishda davom etaveradi va mamlakatlar o‘rtasidagi turli sohalardagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
Toliblarga muxolif kuchlar butunlay boshqacha pozitsiyada. Shu tariqa, Afg‘oniston sobiq Tashqi ishlar vaziri Rangin Dadfar Spanta Rossiyaning «Tolibon» rejimini tan olganidan chuqur afsus bildirdi. «Rossiya repressiv toliblar rejimini tan olgan birinchi davlatdir», — dedi Spanta. — Bu faqat boshlanishi. Keng qarshilik bo‘lmasa, boshqalar ham unga ergashishi mumkin».
O‘z navbatida, Afg‘oniston ozodligi fronti Rossiyaning qarori terrorchilik tashkilotlarini amalda qonuniylashtirib, butun mintaqada konstitutsiyaviy tuzumni yo‘q qilish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishi haqida ogohlantiradi: «Toliblarning Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritishining bevosita natijasi «Tehrik-i-Tolibon», «ISHID-Xuroson», «O‘zbekiston islom harakati», tojiklarning «Jamoati Ansarulloh», «Al-Qoida», «Hizb ut-Tahrir»* va boshqa ekstremistik guruhlarning kuchayishi bo‘ldi. Ularning aksariyati allaqachon terrorchilik faoliyatini Rossiya hududiga yoygan».
Qiziq manzara paydo bo‘lmoqda. Agar toliblar tanqidchilariga quloq solinsa, Rossiya bevosita yoki bilvosita afg‘onistonda urchib ketgan va hattoki RF bilan ham ochiqdan ochiq urush olib borayotgan terrorchilar guruhlarining paydo bo‘lishiga zamin yaratgan tartibni qo‘llab quvvatlamoqda. Balki kimdir Afg‘oniston rahbariyati bilan yaqin aloqalar o‘rnatilsa, u o‘z navbatida «yomon terrorchilar»ga bir nara tortib, o‘kiradi, deb o‘ylayotgandir. Ehtimol, ba’zilarida o‘kirar, lekin hammasiga emas, chunki dunyo terrorizmi «Tolibon» nazorati ostida emas. Ammo, yuqorida aytib o‘tilganidek, Rossiyaning bu voqelikdagi maqsadlari terrorizmga qarshi kurashdan ko‘ra kengroqdir.
Radikalizm ta’siri ostida
Demak, «Tolibon» masalasida Rossiyaning o‘z manfaatlari borligi har doim ham ochiq-oydin emasligi aniq. Biroq, Afg‘onistondagi vaziyatga, hech bo‘lmaganda, nafaqat hududiy, balki madaniy va diniy jihatdan ham yaqin bo‘lganligi sababli ko‘proq bog‘liq bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun bu fonda qanday istiqbollar mavjud?
Aytish lozim, Markaziy Osiyo respublikalari Afg‘onistonning hozirgi rahbariyatiga nisbatan o‘zini vazmin va ijobiy munosabatda. «Tolibon» ning prinsipial raqibi bo‘lib qolayotgan Tojikiston bundan mustasno. 2022 yili Prezident Rahmon toliblar haqida juda qattiq gapirgan edi: o‘shanda u toliblar jahon hamjamiyatini va Afg‘oniston aholisini «o‘z hukumatining qonuniyligini, mamlakatdagi vaziyatni nazorat qila olishini, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashi va yuzaga kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qila olish qobiliyatiga ega ekanini» ishontira olmaganini ta’kidlagan edi.
Bundan tashqari, Tojikiston afg‘on tojiklari orasidan «Tolibon» muxoliflariga boshpana beradi.
Qolgan to‘rtta Markaziy Osiyo davlati, yuqorida aytib o‘tilganidek, Afg‘onistonning amaldagi rasmiylari bilan hamkorlik qilishga tayyor. Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Baradar bilan yaqinda Bokuda o‘tkazilgan uchrashuvlar buning yana bir dalilidir.
3 iyul kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti uchun Ozarbayjonga kelgan Turkmaniston delegatsiyasi Baradar bilan uchrashdi. 4 iyul kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Baradar bilan uchrashdi. Har ikki uchrashuvda siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Barcha sodir bo‘layotgan voqealar bilan bog‘liq holda, tabiiy savol tug‘iladi: «Tolibon» rejimini tan olishga tayyor bo‘lgan davlatlar qatorida kimlar bor? Bular — Markaziy Osiyo davlatlari bo‘lish ehtimoli yuqori. Aytaylik, AQSH va hatto Rossiyadan farqli o‘laroq, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh. Bu ular uchun xavfsizlik masalalari nihoyatda dolzarb ekanini anglatadi.
Afg‘oniston, o‘z navbatida, import va umuman savdoga juda qaram. Markaziy Osiyo bilan savdo-iqtisodiy aloqalar unga iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratadi. Bu esa uni o‘z chegaralarini o‘z tomondan himoya qilishga – uning tuprog‘ida o‘tirgan terroristik guruhlar qo‘shnilari hududiga kirib ketmasligi uchun ehtiyotkor bo‘lishga undaydi.
Biroq, toliblarning mintaqa davlatlari tomonidan tan olinishi mumkinligi haqida gapirganda, ba’zi etnik muammolarni yodda tutish kerak. Asosiysi, inson huquqlarining ijtimoiy va siyosiy hayotda buzilishi.
Biroq, hozirgi «Tolibon», aytaylik, o‘n yil oldingi bilan solishtirganda umuman o‘zgarmadi, deb ayta olamizmi? Ilgari bu harbiylashtirilgan terrorchilik tuzilmasi edi. Hozirda «Tolibon» Afg‘oniston davlat tuzilishining asosi hisoblanadi. Hokimiyatni qo‘lga kiritish boshqa, uni ushlab turish boshqa narsa. «Tolibon» davlatni boshqarish uchun byurokratlashishi, kamroq radikal bo‘lishga va muayyan darajada sharoitga moslashishga, jumladan, boshqa mamlakatlar fikrini tinglashga majbur.
Bu yerda muqarrar ravishda keyingi savol tug‘iladi. Toliblar hukumatini ko‘proq davlatlar tan ola boshlashsa nima bo‘ladi? Bu Afg‘oniston Ozodlik fronti vakillarini havotirga solayotgan terrorni qonuniylashtirish bo‘ladimi yoki aksincha, radikalizm darajasini pasaytirgan holda, toliblarni birinchi navbatda, ichki siyosatda zamonaviyroq bo‘lishga undaydimi?
Turgan gap, ikkinchi variantning amalga oshishi maqsadga muvofiq. Biroq, tuxumni sindirmasdan omlet qilish mumkin bo‘lmagani kabi haqiqiy siyosiy qadamlarsiz haqiqatni aniqlash qiyin bo‘ladi. Shunday qilib, bu savolga javobni hayotning o‘zi berishi mumkin.
* RF va ko‘pgina davlatlarda ekstremistik yoki terrorchi deb tan olingan va taqiqlangan tashkilot.