O‘tgan bir oy davomida turli xil ekologik tashabbuslarni ilgari surgan va hatto «Toza Qozog‘iston» kampaniyasini boshlagan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ikki marta — SHHT sammiti va BMT Bosh Assambleyasida Kaspiy dengizining hozirgi holatiga bag‘ishlangan nutq so‘zladi. Qozog‘iston rahbarining xavotiri, ekologik halokatning oldini olishdan ko‘ra, so‘nib borayotgan dengizning iqtisodiy salohiyatidan foydalanishga ko‘proq e’tibor qaratayotgan Kaspiy bo‘yi davlatlarining passivligi fonida olqishga sazovor, zero bo‘lajak fojia oldida Orol dengizining qurib qolgani mintaqadagi kichik favqulodda vaziyat bo‘lib ko‘rinadi.
Bu holatda Orol dengizi bilan o‘xshashlik hatto chetdan kuzatib turgan odamga ham ayon. Hatto ekologiya masalalari hozirgi geosiyosiy kun tartibining chekkasida turgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham o‘tgan yil oxirida Xalqaro yosh olimlar kongressi ishtirokchilari oldida nutq so‘zlagan edi:
«Biz [Kaspiy dengizi bilan] Orol dengizi boshiga tushgan qismatning oldini olishimiz kerak. Orol o‘rida butunlay tuz makoni qoldi, qolgani mayda ko‘lmaklar. Biz kuchlarni birlashtirsak ham, biror narsa qila olamizmi, buni bilmayman, chunki tabiat kuchli tizim. Shunga qaramay, biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz kerak».
Rossiya prezidentining 2024 yil avgustida Bokuga tashrifi katta taassurot qoldirgan bo‘lsa kerak, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev unga Kaspiy dengizida nimalar bo‘layotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish imkoniyatini bergandi. Aliyevning so‘zlariga ko‘ra:
«Biz muzokaralar olib borgan xona derazasidan men Vladimir Vladimirovichga ikki yil oldin suv ostida bo‘lgan, bugun esa dengiz sathidan bir metr balandlikka ko‘tarilgan qoya toshlarini ko‘rsatdim. Va biz buni butun qirg‘oq bo‘ylab ko‘ryapmiz».
Putin va Aliyevning so‘zlarida halokatli muqarrarlik haqidagi ishoralar, albatta, xavotir uyg‘otadi, biroq bundan ham tashvishliroq Kaspiy bo‘yining barcha beshta davlati rasmiylarining harakatsizligi, ular hozircha Kaspiy holatidagi fojiali o‘zgarishlarni qayd etib kelishmoqda, holbuki vaziyat so‘zni emas, balki amaldagi harakatlarni talab qilida.
Dengiz nimani anglatadi?
Germaniyadan kattaroq va chuqurligi bir kilometrdan ortiq bo‘lgan ulkan suv havzasi bo‘lmish Kaspiy dengizining uning havzasida joylashgan mamlakatlar uchun ahamiyatini baholash juda qiyin. Garchi ekologik ofat bo‘lsa-da, ko‘lami ko‘proq mintaqaviy bo‘lgan Orol dengizi fojiasi bilan taqqoslash bu holatda mushkul. Orol dengizi maydoni bo‘yicha olti baravar kichik bo‘lgan va Kaspiydan farqli o‘laroq, transport va savdo aloqalarini (shimol-janub va sharq-g‘arb) ta’minlamagan, muhim uglevodorod qazib olish maydoni yoki transport yo‘lagi bo‘lib ham xizmat qilmagan.
Birgina «Shimol-Janub» yo‘nalishi bo‘yicha Kaspiy dengizi bo‘ylab yuk tashish oxirgi uch yilda 16,3 million tonnadan 26,9 million tonnagacha oshdi. Bu Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida har yili temir yo‘l orqali tashiladigan yuklarning taxminan bir xil hajmidir. Joriy yili Kaspiy dengizi portlarining umumiy yuk aylanmasi 28-30 million tonnaga, 2030 yilga borib esa 35-50 millionga yetishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, Orol dengizida, uning gullagan davrida taxminan 250 ming tonna turli xil yuklar tashilardi.
G‘oyib bo‘lgan dengiz qirg‘og‘idagi eng yirik shahar bir necha o‘n minglab aholisiga ega Aralsk edi. Kaspiy dengizi, shuningdek, Boku (2,5 million aholi), Maxachqal’a (670 ming), Sumgait (350 ming) va Aqtau (270 ming) o‘z ichiga oladi. Astraxan va Atirau Kaspiy dengiziga quyiladigan Volga va Ural daryolarining bir oz yuqori qismida joylashgan bo‘lsa-da, dengiz degradatsiyasiga bevosita ta’sir qiladi. Xullas, eng yomon ssenariyda ham bugungi Orol va Mo‘ynoqning apokaliptik manzaralari yaqin orada Kaspiy bo‘yi mamlakatlarining millionlab aholisiga tanish bo‘ladi.
Kaspiy dengizi qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlar bilan o‘ralgan, ammo bugungi kunda uning qirg‘oqlarida ekotizimlarning noyob xilma-xilligi, jumladan, suv-botqoq va qumli plyajlar hali ham mavjud. Kaspiyning tabiiy resurslariga yirik neft va gaz konlaridan tashqari (Kaspiy shelfidagi tasdiqlangan uglevodorod zahiralari taxminan 12-22 milliard tonna neft ekvivalentini tashkil etadi) tuz va baliqlarni ham o‘z ichiga oladi. Kaspiy faunasi tanazzulini hisobga olgan taqdirda ham, bu yerda yiliga 150 000 tonnagacha baliq ovlanadi (Orol dengizida 1960 yillarga qadar yillik ov 50 000 tonnadan oshmagan). Va agar baliq tobora kamayib borayotgan bo‘lsa, dengiz sayozlashi bilan tuz miqdori oshib boradi, garchi bu hech kimga yoqmasa ham.
Kaspiy mintaqasi resurslari asrlar davomida jahon iqtisodiyotida muhim o‘rin egallagan, ammo so‘nggi o‘n yilliklarda ularni qazib olish va ulardan foydalanish bo‘yicha kelishmovchiliklar doimiy ravishda yuzaga keladi, bu esa dengizni qutqarish bo‘yicha har qanday muvofiqlashtirilgan qadamlarga to‘sqinlik qiladi: har bir Kaspiy bo‘yi mamlakati o‘zining baliq ovlash maydonchalari yoki shelf maydonlaridan foydalanishda davom etmoqda, xalqaro forumlarda dengiz taqdiri bilan bog‘liq «o‘z xavotirlari» bilan cheklangan holda.
Son va sifat
Shu o‘rinda, yuqorida tilga olingan «degradatsiya» ortida nimalar yotganiga batafsil to‘xtalib o‘tish, shuningdek, Qozog‘iston prezidentining nima uchun xavotirda ekanini tushuntirish maqsadga muvofiqdir, uning BMT Bosh Assambleyasidagi xavotirli nutqini Ilhom Aliyev ham qo‘llab-quvvatlagan.
Kaspiy dengizining sayozlashib borayotgani birinchi navbatdagi tashvish uyg‘otadi. Sayyoradagi eng katta ko‘l nihoyatda beqaror va bu xususiyat ba’zi kuzatuvchilarga hozirgi vaziyatga haddan tashqari nekbinlik bilan yondashishga asos beradi — ularning aytishlaricha, suv sathi avvallari ham pasaygan, shuning uchun biz navbaidagi sikl tugashini kutamiz. Shu ma’noda global isish va Kaspiy dengizining sayozlashuvi bir xil tartibdagi hodisalardir. Birinchidan, ular bevosita bog‘liq: yog‘ingarchilik kamaymoqda, bug‘lanish kuchaymoqda. Ikkinchidan, kimdir ularga ishonadi, boshqalari esa ishonmaydi. Biroq, Trampning «yangi yashil firibgarlik» haqidagi so‘nggi bayonotini hisobga olsak, ikkinchisi borgan sari ishonchsiz bo‘lib bormoqda.
Darhaqiqat, tarixiy va instrumental kuzatilgan davrda Kaspiy dengizi dengiz sathining keskin, ko‘p asrlik va qisqa muddatli tebranishlarini ko‘rsatdi, ularning sabablari har doim murakkab va iqlim va daryo oqimi bilan, birinchi navbatda, Volga bilan bog‘liq bo‘lgan. Kaspiy dengiziga quyiladigan daryo suvlarining 80 foizi Volgaga to‘g‘ri keladi, bu esa o‘z navbatida dengiz suv balansining 80 foizini tashkil qiladi (qolgan 20 foizi yog‘ingarchilik va yer osti suvlari qatlamlari orqali oqib kelishidan tashkil topadi).
Turli vaqtlarda Kaspiy dengizining minimal va maksimal dengiz sathi o‘rtasidagi farq 15 metrdan oshib ketishi mumkin bo‘lgan va hattoki 50 metr va undan ko‘p. Bu uzoq o‘tmishda, ayniqsa, taxminan 13-18 000 yil oldin Xvalinsk davrida sodir bo‘lgan. Oxirgi ikki ming yil ichida tebranishlar amplitudasi 15 metrdan oshgan, ma’lum davrlarda o‘zgarish tezligi yiliga 14 santimetrga yetgan.
X asrdagi o‘zgarishlar, o‘rtacha, kamroq dramatik, lekin sezilarli bo‘lgan: butun asr davomida 3-4 metr ichida. Biroq, 1995 yildan 2024 yilgacha dengiz sathi 3 metrga pasaydi, pasayish darajasi 2021-2022 yillarda yiliga 30 santimetrga yetgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dengiz sathi allaqachon okean sathidan taxminan -29,5 metrga tushib ketgan, bu 1977 yili qayd etilgan -29,01 metrdan pastroq.
Va bu yerda biz muqarrar ravishda ko‘plab to‘g‘onlar bilan qattiq tartibga solinadigan va iqlim o‘zgarishining to‘liq ta’sirini boshdan kechirayotgan Volga daryosiga qaytamiz. Mutaxassislar uning 2019 yili sayoz bo‘lishini «haqiqiy ekologik ofat» deb atashgan va bu butun gidroelektr kaskadida suvni tejash choralarini amalga oshirishga majbur qiladi. Ikki yil o‘tgach, Volga mintaqasidagi eng yirik suv ombori Kuybishev suv omboridagi suv darajasi juda past darajaga yetgan. Pasayish to‘xtagandek tuyulgan, ammo 2023 yili suv sathi yanada pasaygan.
Daryoning ko‘plab uchastkalarida navigatsiya to‘xtagan — yil oxiriga kelib, Volganing umumiy oqimi odatdagidan atigi 80% ni tashkil etgan, bu so‘nggi 25 yildagi eng past ko‘rsatkichdir. 2025 yili, asosan, kam qorli qish tufayli, yuqori Volga hududlari — Tver, Yaroslavl va Nijniy Novgorod aholisi yana bir bor hayratda qoldilar, ularning sevimli daryosi o‘z qirg‘idan o‘nlab metrga chekingan va juda ko‘p axlat uyumlari yotgan daryo o‘zanini yalong‘ochlagan.
Volganing sayozlashuvi sabablari boshqa kun uchun mavzu, ammo qisqasi, yog‘ingarchilik yagona omil emas. Bu jarayonga boshqa fundamental omillar ta’sir ko‘rsatadi: to‘g‘on qurish, loyqalanish, o‘rmonlarni kesish, bug‘lanish maydonlarining ko‘payishi va oqim tezligining pasayishi. Hech kim vaziyatni to‘g‘irlashga bel bog‘lagani yo‘q, shuning uchun daryoning to‘satdan Kaspiyga avvalgi miqdorda suv yetkazib berishini kutish haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Biroq, Prezident Ilhom Aliyev BMTdagi nutqida Kaspiy oldida turgan muammolarning antropogen xususiyatiga urg‘u berdi.
Kaspiy havzasidagi boshqa daryolar bilan bog‘liq vaziyat Volgadan yaxshiroq emas. Qozog‘istonlik ekologlar uzoq vaqtdan beri Ural (Jayiq) daryosining sayozlashayotganidan uvvos solib kelishgan va faqat shu yilning o‘zida qish qorli kelgani sabab, daryoning suv sathi ko‘tarilgan. Ayni paytda Ozarbayjonda Kura daryosi, Dog‘istonda esa «g‘ayritabiiy darajada sayoz» Terek suvi kamaygani haqida xabar berilmoqda.
Biroq, Kaspiydagi suv miqdoridan tashqari, uning sifatining pasayishi ham tashvish uyg‘otadi, bu tabiiy ravishda dengizning biologik xilma-xilligiga ta’sir qiladi. To‘g‘ridan to‘g‘ri qirg‘oqlardan va butun Kaspiy havzasidan (darvoqe, 3,5 million kvadrat kilometr maydonni egallagan va 120-130 million aholi yashaydigan) neft va sanoat chiqindilarining ifloslanishi dahshatli miqyosga yetdi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, har yili dengizga 120 ming tonna neft mahsulotlari tushmoqda, bu 2000 ta temir yo‘l sisternalariga teng miqdor. Bundan tashqari, fenollar, og‘ir metallar (simob, xrom, nikel), shuningdek mineral o‘g‘itlar va pestitsidlarni o‘z ichiga olgan sanoat va kanalizatsiya chiqindilari mavjud. Bundan atigi 15 yil muqaddam Eronda Kaspiy dengiziga yiliga 300 tonna kadmiy va 34 tonna qo‘rg‘oshin tashlanayotgani hisoblab chiqilgan, umumiy oqava suv hajmi o‘nlab milliard kub metrga teng bo‘lgan.
Tabiiyki, bunday «oziq-ovqat qo‘shimchalari» sabab dengiz mavjudodlarining yashash sharoitlari tezda yomonlashadi. Baliqlar Kaspiy dengizidan deyarli butunlay yo‘q bo‘lib ketgan, minglab tyulenlar nobud bo‘lmoqda, dunyoning boshqa hech bir joyida uchramaydigan o‘nlab endemik baliq va mollyuska turlari xavf ostida. Ehtimol, hatto Orol dengizi faunasi ham kichrayib ketgunga qadar bunday tanazzulga uchramagandir. Garchi u Amudaryo va Sirdaryodan olib kelingan dalalardan har xil axlatlardan munosib ulush olgan.
Pessimistlar nuqtayi nazaridan
Geografik kashfiyotlar asri allaqachon o‘tib ketdi, degan keng tarqalgan e’tiqoddan farqli o‘laroq, 2024 yili Kaspiy dengizi shimolini o‘rganayotgan olimlar kutilmaganda yangi orolni kashf qilishdi. Hozirda u suvdan atigi 30 santimetr balandlikda ko‘tarilgan, ammo vaqt o‘tishi bilan «bo‘y» ko‘rsatishi aniq.
Fizika-matematika fanlari doktori, Rossiya Fanlar akademiyasining Okeanologiya instituti bosh ilmiy xodimi, professor Andrey Kostyaniyning fikricha:
«Bu [dengiz sathining pasayishi] butun akvatoriya bo‘ylab bir xilda sodir bo‘lmoqda, biroq pasayishning eng sezilarli ko‘rinishlari dengizning tubi yumshoq nishabli sayoz hududlarida ko‘zga tashlanadi. Bularga Shimoliy Kaspiyning deyarli barcha qirg‘oqlari kiradi — Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston qirg‘oqlari. Bu yerda dengiz bir necha kilometrdan bir necha o‘n kilometrga chekindi».
Boshqacha aytganda, Kaspiy dengizining Qozog‘iston va Rossiya sektorlari aholisi birinchi bo‘lib tayyorgarlik ko‘rishlari kerak bo‘ladi — agar hozirgi sayozlashuv darajasi davom etaversa, dengiz 2030- yilgacha o‘nlab kilometrga chekinadi. Garchi Ozarbayjonda so‘nggi besh yil ichida 400 kilometr dengiz tubi ochilgan.
Aqtau viloyatida, ba’zi Qozog‘iston OAVlari joriy yilning avgust oyida xabar qilganidek, dengiz 2006 yildan beri o‘zining oldingi chegaralaridan 18 kilometr uzoqlikka chekingan. Kaspiy dengizi degradatsiyasining yana bir yorqin misoli Rossiya qirg‘og‘ida joylashgan. To‘g‘rirog‘i, bo‘lgan. Lagan shahri 19-asrning ikkinchi yarmida Kaspiy dengizi suvlari bilan o‘ralgan orolda tashkil etilgan. Bir paytlar baliq ovlash bilan mashhur bo‘lgan ushbu aholi punkti bugungi kunda qirg‘oq chizig‘idan o‘nlab kilometr uzoqlikda joylashgan. Mahalliy baliqni qayta ishlash zavodi go‘shtni qayta ishlash zavodiga aylantirilgan, sobiq port zanglagan kemalar bilan liq to‘lga, mayoq esa vayronaga aylangan.
Ayni paytda, uzoq muddatda olimlar to‘liq miqyosdagi falokat manzarasini chizishmoqda. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, joriy asrning oxiriga kelib Kaspiy dengizi sathi 9-18 metrga tushib, dengizning uchdan bir qismiga qisqarishi mumkin. Shimoliy Kaspiy va Turkman shelflari, shuningdek, Kaspiyning o‘rta va janubiy qismlaridagi qirg‘oqbo‘yi hududlari yuzaga chiqadi, sharqiy qirg‘oqdagi Qora-Bo‘g‘oz-G‘ol ko‘rfazi butunlay qurib qoladi. Volga, Ural va boshqa daryolar sobiq dengiz tubi, hozir cho‘l bo‘lib, nihoyatda sho‘rlangan va inson chiqindilari bilan to‘lib toshgan dengiz tubmi bo‘ylab oqib o‘tadi.

Bunday suv havzasi qirg‘og‘ida yashash unchalik qulay bo‘lmaydi — hech bo‘lmaganda ko‘p odamlar Katta (Janubiy) Orol dengizi qirg‘oqlariga joylashishni xohlamayaptilar. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki ekologik ofat zonasida bolalar o‘rtasida saraton, nafas olish a’zolari, asab va ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari, tug‘ma anomaliyalar bilan kasallanish holatlari O‘zbekiston va Qozog‘istonning boshqa hududlariga nisbatan sezilarli darajada oshgan.
Olimlar ta’riflagan ssenariyga ko‘ra, Kaspiy dengizida muz yoki tyulenlar qolmaydi va faqat minerallashgan suvdagi hayotga moslasha oladigan baliqlar omon qoladi. Shamollar quruqlikdan ko‘tarilib, Yevroosiyo bo‘ylab minglab kilometrlarga olib o‘tadigan qum bulutlarini tasavvur qilish judayam qo‘rqinchli.
Baliq zahiralarining kamayishi va Kaspiy sohilidagi turmush sharoitining yomonlashishi bilan bir qatorda sayozlik neft ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlarni ochadi: ochiq dengiz tubidan «qora oltin»ni qazibolish (lekin tashish emas) ancha osonlashadi. Shunga qaramay, Kaspiy mintaqasidagi umumiy inqiroz qo‘shnilar o‘rtasida yangi nizolarni keltirib chiqarishi mumkin, ayniqsa kimdir hududiy va ichki suvlar, baliq ovlash zonalari va dengiz tubining milliy sektorlari chegaralarini o‘zgartirishni talab qilsa.
Yuqorida aytilganlarning barchasiga qaramay, kelajakka nekbinlik bilan qaraydiganlar bor, ular Kaspiy havzasida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarning davriyligini ta’kidlashda davom etmoqdalar, garchi bunday optimistlar tobora kamayib borayotgan bo‘lsada. Misol uchun, Rossiya Tabiiy resurslar va atrof-muhit vazirligining sobiq rahbari, gidrolog Viktor Danilov-Danilyan hatto Ozarbayjon prezidenti bilan virtual bahsga kirishdi:
«Birlashgan Millatlar Tashkilotida Kaspiy dengizining sayozlashuvining go‘yoki antropogen sabablari haqida so‘zlagan nutqida Ilhom Aliyev atrof-muhitning degradatsiyasi uchun mas’uliyat va aybni barcha qirg‘oqbo‘yi davlatlariga to‘nkashga urindi, garchi Bokuning o‘zi dengizning ifloslanishiga ulkan hissa qo‘shayotgan bo‘lsa ham... Aslida Kaspiy dengizidagi suv sathi Volga daryosining kamida 80% oqimiga bog‘liq. Siklik jarayon olimlarga noma’lum sabablarga ko‘ra bir necha ming yillar davomida o‘zgarib bormoqda va antropogen omillar bilan deyarli hech qanday aloqasi yo‘q ... Iqlim o‘zgarishi bu siklik tabiatning sababi emas, garchi bu vaziyatni yanada kuchaytirishi mumkin».
Danilov-Danilyanning ishonchi komilki, Volganing eng yuqori oqimi orasidagi davrlar 40 yildan 60 yilgacha, ya’ni 2040–2050 yillarga kelib Kaspiy dengizidagi vaziyat butunlay o‘zgarishi va uning suv sathi yana ko‘tarila boshlashi mumkin. Albatta, inson faoliyati va natijada iqlim o‘zgarishi yana bir keskin pasayishni keltirib chiqarmasa.
Nima qilish kerak?
«Kaspiy dengizi tez qurib bormoqda. Bu endi faqat mintaqaviy muammo emas, balki global tashvish signalidir», — dedi Qosim-Jomart To‘qayev BMTdagi nutqida. —Shuning uchun biz mintaqadagi hamkorlarimiz va butun xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda Kaspiy suv resurslarini saqlash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqiramiz».
Savol tug‘iladi: bu qanday choralar bo‘lishi mumkin? Va biror narsa qilishga kech bo‘lmadimikan? Ikkinchi savolga darhol javob berish osonroq: yo‘q, hali kech emas. Danilov-Danilyanning bu safar qutulib qolamiz, degan fikriga qo‘shilganlar to‘g‘ri gapirishsa ham, dengiz kasal ekani aniq. Qanday bo‘lmasin, odamlar nafaqat dengiz sog‘lig‘ini tiklash uchun shoshilinch choralar ko‘rishlari kerak, balki tibbiy davolanish samara bermagan taqdirda, oqibatlariga tayyor turishlari kerak.
Birinchi savolga javobni esa Kaspiybo‘yi davlatlarining o‘zlari berishlari kerak, faqat o‘z sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish va birlashgan front sifatida harakat qilishga rozi bo‘lish orqali. Va ideal holda, qandaydir xalqaro nazorat ostida. Hozircha ularning har biri o‘ziga xos ekologik tashabbuslarni amalga oshirmoqda va to‘g‘risini aytganda, bu katta ishonch uyg‘otmayapti.
Albatta, Rossiya o‘z to‘g‘onlarini portlatib, Volga suvlarining janubga bemalol oqishiga ruxsat berishini kutish ahmoqlik bo‘lardi. Bu qadamning o‘zi Kaspiy dengizi muammolarini hal qilishi dargumon, ammo bu butun atrof-muhitga, iqtisodiyotiga va Volga bo‘yi aholisiga uzoq muddatli katta zarar yetkazadigan keng ko‘lamli ekologik halokatga olib kelishi mumkin.
Buning o‘rniga Kaspiy mamlakatlari:
▪️ Dengiz suvini to‘yintiruvchi daryolardan suv olishni qat’iy nazorat qilish va tartibga solish;
▪️ Sohilbo‘yi hududlarida suvni muhofaza qilish zonalari chegaralarini kengaytirish;
▪️ maishiy va sanoat oqava suvlarini tozalashning ilg‘or texnologiyalarini keng joriy etish;
▪️ Suv darajasi va sifatining doimiy ekologik monitoringini tashkil etish;
▪️ Neft-gaz sohasi uchun majburiy xalqaro ekologik standartlarni joriy etish;
▪️ Ekotizimni tiklash bo‘yicha loyihalarni faolroq ishga tushiring va nihoyat —
▪️ Ekologik me’yorlarni buzganlar uchun gigant miqdorda jarimalar joriy etish. Va bularni Kaspiy bo‘yidagi barcha davlatlar bir vaqtning o‘zida imkon qadar kuchaytirishi kerak.
Shu bilan birga, Kaspiy atrof-muhitining tanazzulga uchrashi sabablarini aniqlash, dengiz ekotizimining holatini monitoring qilish, uni tiklash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun dunyoning yetakchi mutaxassislarini jalb qilish yaxshi bo‘lar edi. Va, albatta, mintaqa aholisining ekologik savodxonligi muntazam oshirib borish.
Hozircha dengizning sayozlashuvi va ifloslanishiga qarshi kurash birinchi navbatda ko‘plab ommaviy tadbirlar va ularning natijada qabul qilingan protokollar asosida olib borilmoqda, ammo dengiz dinamikasi shuni ko‘rsatadiki, bu qat’iy taktika Kaspiyga yordam bermayapti. Hatto qirg‘oq bo‘ylab axlatni tozalash, suvni tejaydigan kranlarni o‘rnatish yoki bog‘larni faqat kechqurun (bug‘lanish minimal bo‘lganda) sug‘orish kabi asosiy xususiy tashabbuslar uzoq muddatda, aytmoqchi, sayyoramizdagi eng qadimgi dengizga nisbatan hukumat siyosatidan ko‘ra samaraliroq ko‘rinadi. Gomer uni «har kuni ertalab quyosh chiqadigan hovuz» deb atagan. Umid qilamizki, dengiz oxir-oqibat hovushga aylanib qolmaydi.
-
13 oktyabr13.10FotoO‘zbekiston mushuklari xalqaro darajaga chiqdiToshkentda WCF Cat Show 2025 mushuklar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
-
06 oktyabr06.10Barcha zamonlar kalendariHozirgi turkiy xalqlar birlasha oladimi?
-
02 oktyabr02.10«Qo‘rquv bo‘lmadi — mavhumlik yurakni g‘ashlardi»Svyatoslav Kaverin bugungi Afg‘oniston haqida nimalarni bilmasligimiz va bilishimiz kerak bo‘lgan narsalar haqida
-
26 sentyabr26.09FotoBozorga keng nazarAnzor Buxarskiy bilan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab fototur
-
23 sentyabr23.09Lokomotivlar, sun’iy yo‘ldoshlar va chipslarQozog‘iston prezidentining AQSHga safari natijalari
-
22 sentyabr22.09Notinch qalb va qo‘rs yuraklarTurkmanlar ajdodlari va rus knyazlari kimga qarshi ittifoq tuzganlari haqida