Yaqinda rossiyalik olim Svyatoslav Kaverinning afg‘on kontrrazvedkasi tomonidan hibsga olingani nafaqat Rossiya, balki xalqaro ommaviy axborot vositalari diqqatiin o‘ziga jalb qilgandi. «Farg‘ona» Kaverindan batafsil intervyu olishga muvaffaq bo‘ldi, u Islom Amirligining nafaqat siyosiy tuzilishi, politsiyasi, razvedka xizmatlari va jazoni ijro etish tizimi haqida, balki u yerda yashayotgan odamlar, ularning urf-odatlari va bugungi kundalik hayoti haqida ham juda qiziqarli narsalarni gapirib berdi.
— Avvalo, ona yurtingizga eson-omon qaytganingiz bilan tabriklaymiz.
— Rahmat.
— Siz Islom Amirligi tashkil topishidan avval ham Afg‘onistonda ilmiy ekspeditsiyalarda bo‘lgansiz, 2023 yildan buyon esa har yili u yerga borib kelasiz. Rostini aytsam, toliblar* xalqaro hamjamiyat nazarida muloyim qiyofaga ega emas. Safaringiz davomida jiddiy muammolarga duch kelishingiz borasida xavotirlar tug‘ilmaganmidi?
— O‘sha vaqtga kelib mamlakatdagi vaziyat, xususan, ularning xizmatlari chet elliklar, sayohatchilar va sayyohlarga qanday munosabatda bo‘layotganligi haqida juda ko‘p ma’lumotlarga ega edik. Va shuni aytishim kerakki, vaziyat yildan-yilga yaxshilanardi. 2023 yili xorijiy turistlarni ro‘yxatga olish ikki kompaniyaning uchta ofisida o‘tkazildi, 2024 yilda esa u bitta kompaniyaning ikkita ofisida amalga oshirildi va 2025 yili turistlarni ro‘yxatga olish uchun bitta xona yetarli bo‘ldi. Boshqacha qilib aytganda, protseduraning o‘zi soddalashtirilgan va tezlashtirilgan bo‘lib, boshqa joyga uchrash zaruriyatini bartaraf etardi. Shunday qilib, rasmiyatchilik nuqtayi nazaridan, hamma narsa yaxshi edi. Garchi, real hayotda ba’zi tushunmovchilar bo‘lib turgan bo‘lsada.
Shunday qilib, 2023 yili men va bir guruh chet elliklar bir idoradan boshqasiga yo‘l oldik. Biz taksiga o‘tirdik. Pashtu (Afg‘onistonning rasmiy tili pushtu – «Farg‘ona» izohi) tilida «sayohat, turizm» ma’nosini anglatuvchi «garzanduy» so‘zini unutibman. Buning o‘rniga men haydovchiga xalqaro «turizm» so‘zini aytdim. Ta’kidlash joiz, afg‘on haydovchilari ilovalar yoki xaritalarni tushunmaydilar, yo‘lni bilmasalar, shunchaki o‘tkinchilardan so‘rayverishadi. Shunday qilib, bir chorrahada haydovchi derazaga suyanib, butun ko‘chaga «Riyosate tarurizm kudjost?», ya’ni terrorizm bo‘limi qayerda deb qichqiradi. Savodsiz afg‘onning bu yot so‘zlarni chalg‘itib qo‘yishi hech gap emas, hattoki ba’zida politsiya xodimlari ham ularni chalkashtirib yuboradi.
Masalan, Afg‘oniston hali respublika bo‘lgan paytida, pasportlarida «turizm vizasi» so‘zlarini xodimlar «terrorchilik vizasi» deb o‘qigani uchun ayrim yurtdoshlarimiz politsiya tomonidan hibsga olingan. Afg‘onlarning o‘zlari bu haqda hazillashib, hatto armiyaga ham olishmaganlarni politsiyaga olishadi, deyishadi.
Qo‘rquvga kelsak, u yo‘q edi — mavhumlik va umidsizlik yurakni g‘ashlardi. To‘g‘ri, men bu yerda ahmoqona qarorlar va o‘zboshimchalikka qarshi o‘laroq qonun yetarli darajada hurmat qilinadi, deb o‘ylagandim.
Biroq, bu galgi safarimning oxirgi kunida hibsga olinganimda aynan shunday narsa sodir bo‘ldi. Men ilgari Islom Amirligi rejimi bilan hech qanday muammoga duch kelmagandim. Men hamon bunga obyektiv va xolisona qarayman va mening hibsga olinishimni uzoqni ko‘ra bilmaydigan zobitlarning xatti-harakatlari bilan bog‘layman, ular aftidan, men bahona xavfli kontrabandachi va ayg‘oqchini hibsga olishga qaror qilganlar.
Aslida, bu birinchi bunday holat emas edi, shunga o‘xshash voqealar qo‘shni hududlarda ham sodir bo‘lmoqda. Masalan, bir necha yil avval amerikalik tadqiqotchi Ismoil Sloan Pokiston razvedkasi tomonidan vaqtincha hibsga olingan edi. U Shimoliy Pokistonning tub aholisi bo‘lgan tog‘li xalqlardan bir necha o‘nlab DNK namunalarini olib yurgan va tahlil qilish uchun o‘z hisobidan Amerikaning tijorat laboratoriyalariga yubormoqchi bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, Sloan 1970-yillarning o‘rtalarida, Kobulda yashab, islomni qabul qilgan. Rejim o‘zgargandan so‘ng u bir muddat Afg‘oniston qamoqxonasida o‘tirgan, shundan so‘ng Pokistonning Chitral viloyatiga ko‘chib o‘tgan va o‘z faoliyatini AQSHda davom ettirgan. Biroq, ko‘rib turganimizdek, bu uni rasmiylarning ayblovlaridan qutqara olmagan.
— Afg‘onistonga xizmat safari bilan borganmisiz yoki o‘z tashabbusingiz bilanmi?
— Hozirda men hech qanday davlat ilmiy muassasasida ishlamayman, garchi Yerevandagi Rossiya-Arman (slavyan) universiteti Sharqshunoslik institutida dots.nt ilmiy xodim bo‘lsamda. Xullas, tadqiqotimni asosan o‘z mablag‘im hisobidan qildim. To‘g‘ri, 2021 yildan 2023 yilgacha Paleotnologiya tadqiqotlar markazi xodimi edim. U yerda menga maosh to‘lashardi — rus ilmiy me’yorlariga ko‘ra yomon emas, lekin baribir unchalik ko‘p emas. Va, masalan, 2024-2025 yillarda men nashriyotdagi ishim evaziga tirikchilik qilib, ishtiyoq bilan cheksiz konferensiya hisobotlarini yozardim va faqat safarga pul sarflardim. Misol uchun, Amirlikka qilgan uch safarimning har biri menga 250 000 rublga tushgan va bu safar qamoqxonadan tushgan jami zarar, yo‘qolgan ish haqi va o‘g‘irlangan narsalar bilan birga, qo‘shimcha 250 000, jami yarim millionni tashkil etadi.
— Ha, bu kunlarda ilm-fan olimlariga oson emas...
—Men endi boshqa Afg‘onistonga o‘z hisobimdan sayohat qilmayman. Men endi xususiy shaxs, kompaniya, tashkilot, balki Afg‘oniston hukumati yoki uning tuzilmalaridan birining taklifi bilan boraman. Lekin turistik viza bilan emas, balki ish yoki mehmon vizasi bilan. Chunki bu menga ayrim ahmoqlarning o‘zboshimchalik harakatlaridan himoyalanish uchun rasmiy kafolatlar beradi. Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan istisno tariqasida Amirlik rejimining tan olinishi, Rossiya fuqarolari uchun hech qanday imtiyoz yoki himoyani ta’minlamaydi — bu isbotlangan.
Men boshqa bunday vaziyatlarga tushishni xohlamayman. Ammo ayni paytda Afg‘oniston xalqaro agentliklari e’lon qilayotganidek, men Afg‘onistonga sayohat qilishdan butunlay voz kechmayman. Men bu haqda rasmiy bayonot berishimga to‘g‘ri kelar, balki Facebookdagi (RFda ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan Meta korporatsiyasiga tegishli tarmoq) sahifamda. Yana bir bor ta’kidlamoqchimanki, men Amirlik rejimiga qarshi emasman, xolis inson bo‘lib qolaman. Hech bo‘lmaganda uning salbiy va ijobiy tomonlarini baholashda.
— Ijobiy tomonlari bormi?
— Albatta. Masalan, mening qamoq sharoitim juda insonparvarlik va yumshoq sharoitda edi. Ko‘pincha yolg‘on ayblovlar bilan bu yerga tushgan odamlar, sudya ularni ayblardan oqlamaguncha yoki qamoq jazosiga hukm qilmaguncha ozod etilmaydi. Boshqacha aytganda, sudgacha hech kim odamni ozod qila olmaydi. Agar hukm insonni aybdor deb topsa, Tashqi ishlar vaziri mahkumni maxsus farmon bilan ozod qilishi mumkin — bu mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi munosabatlarni rivojlantirish uchun. Sud tomonidan oqlanganim sababli, mening ishim bo‘yicha hech qanday yuqori organ talab qilinmadi — hech bo‘lmaganda tergov rasman mustaqil va obyektiv deb e’lon qilinadi.
Afg‘oniston qamoqxonasidagi sharoitga kelsak, ular hozir tergov izolatorlaridan ham yaxshiroq. Bu yerda odamlar o‘z kiyimlarini kiyadi, qamoqxona ovqatlaridan norozi bo‘lsa, o‘zi uchun ovqat pishirishi, xohlagan kitobini o‘qishi, qalam, daftar – hibsxonada taqiqlangan hamma narsa bor. Mahkumlar oilalari bilan bir necha soat alohida chodirda vaqt o‘tkazishlari mumkin.
— Afg‘onistonda jami 52 kun hibsda bo‘ldingiz. Siz u yerda tanishgan xitoylik odam 20 kunga yaqin ushlab turilgan. Konsullik xizmatlarimiz bu borada Xitoydan ortda qolmoqda deyish to‘g‘rimi?
— Arifmetika jihatdan, 20 soni albatta 52 dan aniq kam. Biroq, xitoylik bir marta xavfsizlik kuchlarini suratga olgan, men esa uzoq vaqt davomida tog‘larda izg‘ib yurganman. Uni tarjimon bilan so‘roq qilishdi, men o‘zim tergovchilar bilan jami 30 soatdan ortiq dari tilida gaplashdim. Lekin Rossiya diplomatik xizmatlari mening huquqlarimni himoya qilish va ozodlikka chiqishimni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari haqida hech qanday ma’lumotga ega emasman. Shuning uchun men to‘g‘ri xulosa chiqara olmayman.
— Ma’lumki, onangiz bir vaqtning o‘zida bir nechta idoralarga: Tashqi ishlar vazirligiga, Afg‘oniston elchixonasiga, hatto Tatariston rahbari Rustam Minnixonovga murojaat qilgan. Sizni himoya qilib nafaqat rus olimlari — tilshunoslar va antropologlar chiqish qilishdi, balki boshqalar ham. Ozod bo‘lishingizga nima katta ta’sir qilgani haqida biron bir nazariya bormi?
— Ichkaridan men tergovga tashqi ta’sirni sezmadim. Tergov chet elliklar bilan ishlash bo‘limida boshlangan, keyin kontrrazvedkaga o‘tdi va so‘ng to‘g‘ridan to‘g‘ri tergov izolatorida kechdi. O‘sha izolatordagi tergovchilarni yana bir bor ko‘rishni istardim, chunki ular men bilan odamiylik mezonida munosabatda bo‘lgan yoqimli insonlar edi, suhbatlarimiz ko‘proq intervyuga o‘xshardi va bu menga qiziq edi. Dastlabki ikkita idorada tergov ishlari ba’zan... bezovta qilardi. U yerda hisobot dari tilida emas, pushtu tilida yozildi va ular yozib olingan bayonotlarni tasdiqlash uchun ovoz chiqarib o‘qishmadi. Ya’ni, tergovchi xohlagan narsasini yozishi mumkin edi va protokoldagi xato va kamchiliklar keyinchalik fosh etildi. Masalan, tog‘li hududlardagi josuslik harakatlarim haqidagi fotosuratlarim va videolarimdan hisobotlar to‘plab, Rossiyaning Kobuldagi elchixonasiga taqdim etganim haqida yozilgan. Lekin men tashlab qo‘yilgan YouTube kanalim uchun birorta ham videoni tahrirlamaganman va Elchixonada mening bitta faylim yo‘q, agar kimdir Telegram kanalimdan biror narsa saqlamagan bo‘lsa.
Hibsga olinganimning 30-kunida men Davlat xavfsizligi xalqaro aloqalar bo‘limida Rossiya elchixonasining konsullik bo‘limi xodimlari bilan uchrashdim. Konsullik bo‘limi, shubhasiz, menga katta ma’naviy yordam dalda berdi. To‘qqiz kundan keyin mening sudim bo‘lib o‘tdi. Butun protsedura faqat bir soat davom etdi. Hatto sudya ham mening ishim juda tez ko‘rib chiqilganini va bu haqda matbuotga xabar berishim kerakligini ta’kidladi. Shunday qilib, mana men buni, xususan, sizga xabar qilyapman.
— Advokatingiz bormidi?
— Yo‘q. Bunday hollarda advokat taqdim etilmaydi. «Vakil» degan so‘z bor, bu so‘z turli kontekstlarda, masalan, parlament a’zosi, deputat, qonuniy vakil va advokatga tegishli bo‘lishi mumkin. Ammo vakil olish uchun tashqaridan kimdir borib yollashi kerak. Biroq, bunday holatlarda avtomatik tarzda davlat yoki xususiy advokatini yollash ko‘zda tutilmagan.
Hibsga olinganda huquqlar o‘qilmaydi va odam, ayniqsa chet ellik, ko‘pincha o‘z huquqlari haqida hech qanday tasavvurga ega bo‘lmaydi. Masalan, Islom Amirligi Oliy Rahbari farmoniga ko‘ra, tergov vaqtida kaltaklash, qamoqda o‘tirgan shaxs qarshilik ko‘rsatmasa, zo‘ravonlik ham taqiqlangan. Men buni darhol bilib olganim yo‘q. Biroq, tan olishim kerakki, ular meni ko‘karishlar qoldirmaslik uchun juda qattiq emas, yumshoqroq urishdi. Keyinchalik, xuddi shu Amirlik xavfsizlik xizmati xodimlari mening kameramga tushib qoldi, ular so‘roq paytida gumondorga shapaloq qo‘ygani uchun hibsga olingan. Gumonlanuvchi qo‘yib yuborilgach, u zo‘ravonlikka duchor bo‘lganligi haqida ariza yozgan. Mas’ul tergovchi ham adliya tizimi mashinasi domiga tashlandi — keling, buni shunday deylik. Shunday qilib, ushbu qoidalarni buzgan tizim xodimi o‘z obyektining devorlari ichida kamida bir oy o‘tkazadi. Demak, men aytganimdek, Islom Amirligi tizimi Rossiya yoki sivilizatsiyali deb atalmish mamlakatlardagi odamlar uchun ko‘p ijobiy, konstruktiv va hatto hayratlanarli narsalarni taklif qiladi.
— Bu juda qiziq, chunki hamma toliblar rejimining salbiy tomonlarini bilishadi, lekin yaxshi tomonlarini bilmaydi. Ularda biz bilmaydigan nimalar bor?
— Avvalo shuni aytamanki, Afg‘onistondagi hozirgi hukmron rejim bilan barcha darajalarda ishlash kerak. Masalan, bu mening misolimda qanday amalga oshiriladi?
Ikki yil avval birinchi safarim davomida Kunar viloyatining turizm rahbari hamrohligida bir qancha qishloqlarda bo‘ldim. Mening harakatlarim unga shubhali tuyulmadi, men bergan savollarim, aytgan hikoyalarim, to‘plagan ma’lumotlarim yoki olgan fotosuratlarim bo‘yicha hech qanday shikoyat olmadim. Keyinchalik turizm rahbari va uning hamkasbi madaniyat boshlig‘i men bilan hamkorlik qilishda davom etishdi va hatto ba’zi vaziyatlarda menga yordam ham berishdi.
Masalan, bu yil Kunar viloyati markazi Asadobod shahridagi politsiya posti yaqinidagi musulmonlar qabristonini suratga oldim. Meni qiziqtirgan narsa shundan iborat ediki, qabrlarning ba’zilari yaqin atrofdagi tepalikda joylashgan, yoshi 1000 dan ortiq bo‘lgan hind ibodatxonasining ohaktosh bloklari yordamida qurilgan. Afsuski, yer uchastkasi egasi undan yer olib qo‘yilishidan qo‘rqib, hech kimga, jumladan, hukumat vakillariga ham tashrif buyurishga ruxsat bermaydi.
Suratlarimga qiziqib qolgan politsiya xodimlari ehtiyotkorlik bilan meni hibsga olishdi va hatto ingliz tilida so‘zlashuvchi zobitni ham olib kelishdi. Men aytib o‘tgan rahbarlar telefon orqali politsiya xodimlariga ularning bo‘lmidan olingan standart ruxsatnoma bilan madaniy meros obyektlarini, jumladan qabristonlarni suratga olishga to‘liq haqqim borligini tushuntirishdi.
Darvoqe, bu boshliqlar endi mendan yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan bir qancha mahalliy tillar lug‘atlarini tuzishimni kutishmoqda. Men ular bilan masofadan ham, Afg‘onistonga bo‘lajak safarlarim chog‘ida ham hamkorlik qilishni davom ettirishga umid qilaman.
Islom Amirligining ijobiy tomonlari orasida eng darhol e’tirof etiladigan narsa uning progressiv soliq tizimidir. Kambag‘allar umuman soliq to‘lamaydilar, boylar esa yuqoriroq soliq to‘laydilar. Quyi o‘rta sinf va kichik biznes ham soliqlardan ozod qilingan. Va bu hukumatning o‘zi, yumshoq qilib aytganda, unchalik rivojlanmayotganiga qaramay. Respublika davrida, toliblar mamlakatda soyada, deyarli tungi hokimiyat bo‘lib qolganda, yo‘l politsiyasi yuk tashuvchilarni qayta-qayta tovlamachilik va pora bilan ta’qib qilgan. Toliblar esa bir marta boj olishgan, kvitansiya berganlar va ularning tarmog‘ida boshqa hech kim ikkinchi marta to‘lov talab qilishga haqli emasdi.
Darhaqiqat, men bir qator maqolalarimni bugungi Afg‘oniston hayotining qiziqarli jihatlariga bag‘ishlashni rejalashtirganman. Masalan, men hozirgi rejimda ishlagan, lekin yolg‘on ayblov bilan qamalgan (ko‘plab tinch aholi va davlat xizmatchilari tuhmat bilan qamalgan) sobiq Afg‘oniston davlat razvedka boshqarmasi zobiti bilan kamerada gaplashdim. U menga BMT agentliklari Islom Amirligidagi har bir mahbusni saqlash uchun kuniga 55 dollar ajratishini aytdi. Dalillarga qaraganda, bu summaning yarmidan ko‘pi mahkumning o‘ziga sarflanmaydi. Bu shuni anglatadiki, bunday to‘lovlar davlatning ham, undan foyda ko‘radiganlarning ham manfaatlariga mos keladi. Afg‘onistonda korrupsiya darajasi respublika davriga nisbatan sezilarli darajada pasaygan bo‘lsa-da, men uning darajasini aniq baholay olmayman. Qizig‘i shundaki, meni aeroportgacha mehribonlik bilan kuzatib qo‘ygan amaldorlar (barcha sobiq jangarilar va mujohidlar) BMT tomonidan bunday mablag‘ ajratilishini qat’iyan rad etishdi. G‘arb bizga hech narsa to‘lamaydi, dedilar. Shuning uchun men o‘z so‘zlarim va boshqalar ko‘rsatmalarini rasmiy hujjatlar va turli masalalar bo‘yicha turli fikrlarga ega tomonlarning ko‘rsatmalari bilan asoslashim kerak.
—Dala tadqiqotlarida siz tilshunos, etnograf, folklorshunos, fotograf va boshqa ko‘plab soha vakili sifatida ishlashingiz kerakligini hisobga olsak, bu safar nimalar topib, nimalarga erishganingizni bilish qiziq bo‘lardi.
—Tilshunoslikka kelsak, men ba’zi tog‘li tillar, mahalliy va kichik tillar maqomini aniqladim. Ular qanchalar tirik, qayerda ishlatiladi, qanday muhitda, qaysi avlod gapiradi, shular borasida. Men buni to‘rtta viloyatda o‘rgandim va shaharlarda shu viloyatlardan kelgan odamlar bilan ham shu borada ishladim. Afg‘onistonda 1978 yildan beri (ya’ni, aprel inqilobidan keyin – «Farg‘ona» izohi) ozchiliklar tillarida so‘zlashadigan hududlarda dala tadqiqotlari deyarli yo‘q bo‘lganligi sababli, bu tillarning maqomi uzoq vaqt noaniq bo‘lib qolgan yoki ular haqidagi ma’lumotlar eskirgan. Ma’lum bo‘lishicha, votapuri tili deyarli yo‘q bo‘lib ketgan, faqat bir nechta so‘zlashuvchilar qolgan — keksa odamlar. Xarakterli jihati shundaki, ma’lum bir ona tilida so‘zlashuvchilar sonini aniqlashda mahalliy aholi deyarli hech qachon ayollarni o‘z ichiga olmaydi. Ya’ni, aytaylik, yetti nafar so‘zlovchi qolgan, deyishsa, bunga ayollar kiritilmagan bo‘ladi. Biroq, til uchun ayollarning malakasi ko‘p hollarda hal qiluvchi ahamiyatga ega, chunki bolalarni tarbiyalaydigan va ularga til o‘rgatadigan ayollardir. Rus tilida biz uni «qadrdon» desak, ingliz va fors tillarida «ona tili» deb ataladi.
Nuristonning zemiaki tili taqdirida bu jihat hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Ellik yil oldin bu til tirik va sog‘lom edi, ammo hozir u tezda yo‘q bo‘lib ketmoqda, chunki Zemiaki qishlog‘idagi (asli Jamlam) kelinlarning katta qismi atrofdagi pushtun jamoasidan, Safi qabilasidan. Ularning hammasi ham aralash nikohlarning avlodlari emas, lekin yoshlarning hech biri endi o‘z ona tili nuristoncha gapirmaydi. Zemiaki qishlog‘ida 500 ga yaqin aholi istiqomat qiladi, ulardan atigi 30 nafari nuristoniy tilida so‘zlashadi, yoshi 40 va go‘yoki 110 gacha. Hatto keksa avlod vakillari ham pushtu tilining kunar lahjasida gaplashishni afzal ko‘rishadi.
— Chunki ularni onalari tarbiyalagan, shundaymi?
— Albatta. Qo‘shni vodiyda joylashgan Glangali dard tili biroz yaxshiroq saqlanib qolgan. 2000 nafar aholining 150 ga yaqini, jumladan, ikki yoki uch oila farzandlari bu tilda gaplashadi. Buning sababi shundaki, ularning uylari qishloqning asosiy yo‘lidan uzoqda joylashgan bo‘lib, ular pushtu tilida so‘zlashuvchi bolalar bilan emas, balki o‘zaro ko‘proq o‘ynashadi.
Boshqa barcha nuriston tillari omon qolish nuqtayi nazaridan juda yaxshi ishlamoqda. Biroq, ularning sofligi tashvish uyg‘otadi, chunki ular arabcha so‘zlar va pushtu va fors tillaridan to‘lib toshgan. Bu mahalliy tillarning barchasi Markaziy va Janubiy Osiyoning Panjshirdan Kashmirgacha bo‘lgan keng chegarasida butparastlik davrining qoldiqlaridir.
Katta dard tili bo‘lmish Pashay, aslida uch yoki to‘rtta alohida til yoki juda farqli lahjalar ham juda yaxshi saqlanib qolgan. Hatto Pashay qishloqlaridagi pushtun muhojirlari ham hozir mahalliy tilni o‘rganishmoqda. Xuddi shunday holat, masalan, Kunar viloyatining Nurg‘al tumanidagi Dara-i-Mozor vodiysidagi eng baland qishloq — Shumashti qishlog‘ida ham kuzatilmoqda. Bu yerlarda islom dinini targ‘ib qilayotgan safiylar tog‘li qishloqdan tashqari butun vodiyni egallab olishgan. Biroq, oxir-oqibat tog‘li qishloqda aborigen aholi to‘planganki, ular madaniy va lingvistik jihatdan tashqi bosimga yon bermaganlar va hatto chetdagilarga ta’sir o‘tkaza olganlar. Lekin hozir u yerda hamma musulmon. 2010 yillarning ikkinchi yarmida u yerda «ISHID-Xuroson»*ning uyasi bo‘lgan; hayot juda qo‘rqinchli bo‘gan, ayollarni qattiq muomalada bo‘lishgan.
Afsuski, aynan shu hudud yaqinda yuz bergan zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan va minglab odamlar halok bo‘lgan.
So‘nggi qadimiy qishloq arxitekturasini saqlab qolish ham katta tashvish uyg‘otadi. Meni so‘roq qilgan kontrrazvedka boshliqlaridan biri «Farxang gum mesha — bonesh», dedi. Bu shuni anglatadiki, «Madaniyat yo‘qoladi – uni shundayligicha qoldir». Boshqacha qilib aytganda, aralashma, yo‘qolsa -yo‘qolsin. Tog‘lilar o‘zlari o‘qishsin, sen esa o‘z Rossiyada o‘tir, bizni bezovta qilma. Bu ilm-fan va madaniyatning hammasi odamlarga foydasiz, hayotda esa faqat bitta muhim kitob kifoya qiladi.
— Va bu nimani anglatadi? Bu davlatning munosabatimi?
— Shubhasiz, ha. Bu davlatning kichik va mahalliy madaniyatlarga munosabati. Mayliga, ular assimilyatsiya bo‘lsin. Menimcha, ular o‘zlarining pushtun madaniyatini unchalik qadrlamaydilar.
— Demak, hibsga olinishingizga mafkuraviy asos bo‘lgandir? Bizning madaniyatimizga aralashmang, buni o‘zimiz hal qilamiz.
—Xo‘sh, bu faoliyatimni tushunishning bir tomoniga o‘xshaydi. Muammo shundaki, chegara hududlarida noqonuniy qurolli elementlar to‘plangan va ularning soni bo‘yicha hisob-kitoblar turlicha. Meni bunday jinoiy guruhlar haqida ma’lumot to‘plaganlikda ayblashdi. Albatta, Rossiya maxsus xizmatlari moliyalashtirilishi hisobiga.
Tergovchining nega men Rossiyada ishlamasligim kerak degan savoliga qaytadigan bo‘lsam, hozirda Afg‘onistonning o‘zida bir nechta keksa odamlar Afg‘onistonning tog‘li xalqlari madaniyati bilan ishlamoqda, deb javob bera olaman. Ular yo nafaqada, yo mahalliy Fanlar akademiyasida, u yerda faqat choy ichib, mudrab o‘tirishadi, oyiga 100 dollardan ortiq maosh olishadi. Yosh avlod esa madaniy va ilmiy ishlarga deyarli jalb etilmaydi. Sobiq madaniyat va til faollari Yevropa va Shimoliy Amerikaga jo‘nab ketishdi, ularda hozir vaqtlari yo‘q, kundalik hayot bilan band. Shunday qilib, hozirda Rossiya va Yevropadan kelgan o‘nga yaqin yoshlar mintaqadagi ozchilik xalqlarining tillari, tarixi va madaniyati bo‘yicha faol ishlashmoqda. Oramizda hatto amerikalik ham yo‘q. Ilgari u yerda ishlagan G‘arb davlatlarining bir qancha yetakchi shaxslari hali ham tirik. Biroq, faqat men Afg‘oniston sharqida akademik formatda dala tadqiqotlarida ishtirok etayotgan yagona insonman.
-
Afg‘oniston tuprog‘ida. Svyatoslav Kaverin shaxsiy arxivi fotosurati
-
Afg‘oniston tuprog‘ida. Svyatoslav Kaverin shaxsiy arxivi fotosurati
-
Afg‘oniston tuprog‘ida. Svyatoslav Kaverin shaxsiy arxivi fotosurati
-
Afg‘oniston tuprog‘ida. Svyatoslav Kaverin shaxsiy arxivi fotosurati
-
Afg‘oniston tuprog‘ida. Svyatoslav Kaverin shaxsiy arxivi fotosurati
Shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, shu yilning mart oyida men Rossiya geografiya jamiyatida Sharqiy Hindukushning mahalliy xalqlari haqida keng qamrovli ma’ruza o‘qidim.
— Sizningcha, Amirlik qoshida ozchilik tillari uchun istiqbollar bormi?
— Hozirgi rejim ozchiliklarning — hech bo‘lmaganda avvalroq «ro‘yxatga olingan» va respublika konstitutsiyasida qayd etilgan tillarni saqlash va rivojlantirishga ma’lum darajada yordam beradi. Bularga pushtunlar, tojiklar, hazoralar, aymaklar, o‘zbeklar, turkmanlar, poshoiylar, nuristoniylar, balujlar, gujarlar, sadatlar va boshqalar kiradi. Respublikada hali ham ozchilik tillarida ikkita jurnal nashr etilmoqda. Bular «Vatandoron» («Vatandoshlar»)ning nuristoniy, poshoiy, o‘zbek, turkman, baluchi, gujariy tillarida hamda «Hamvatan» («Vatandosh») ning oltita variantidir. Ikkinchisining har bir sonida o‘n bir tilda, jumladan ikkita rasmiy tilda (dariy va pushtu) va to‘qqizta ozchilik tilidagi nashrlar mavjud. Ushbu jurnallarni nashr etish 2021 yili to‘xtatilgan, ammo keyinchalik yangi formatda qayta tiklangan. Bundan tashqari, milliy radio va televideniye xizmati yuqorida qayd etilgan oltita ozchilik tillarida eshittirishlarini davom ettirmoqda.
Yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchimanki, biz hozirgi rejimni yomon otliqqa chiqarmasligimiz kerak. Biroq, Afg‘onistonning madaniy xilma-xilligini saqlab qolish bo‘yicha qat’iy harakatlar hozircha kuzatilmayapti.
Darvoqe, u yerdagi tergovchilar qancha va qanday kitoblar sotib olganimni ko‘rib, bularning barchasi menga nega kerakligi haqida hayron bo‘lib so‘rashdi. To‘plam haqiqatan ham rang-barang edi: maktab va universitet darsliklari, tillar, tarix, fan, madaniyatga oid kitoblar va lug‘atlar. Ular nima uchun bularning barchasi bir kishiga, hatto ularning do‘stlari yoki talabalariga foydali bo‘lishi mumkinligini tushuna olmadilar. Axir, faqat bitta kitob bo‘lishi kerak, u ham bo‘lsa — Qur’oni Karim. Uning Pokiston va Eronda chop etilgan nusxalari barcha kameralarda bor edi.
— Bu gal Afg‘onistonda yana qanday qiziqarli narsalarni kashf qildingiz?
— Xalq og‘zaki ijodida bir qancha «yangi» mavzular mavjudligiga oydinlik kirita oldik. Misol uchun, qor odami yoki yovvoyi odam haqidagi hikoyalar Nuristonda yaxshi ma’lum, ammo o‘liklarning tirilishi haqidagi hikoyalar noma’lum. Men nafaqat arxitektura, balki mahalliy flora va fauna bilan bog‘liq ko‘plab fotosuratlar oldim — bu mavzuda rossiyalik biologlar bilan hamkorlik qilaman.
Bundan tashqari, men tadqiqotimda umumlashtirilgan fotoportret usulidan foydalandim. Mening hamkasbim Yuriy Alekseyev joriy yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan Rossiya antropologlari va etnologlari kongressida mening dala tadqiqotlarim asosida ilg‘or ma’ruza bilan chiqdi. Bu usul bizga turli populyatsiya guruhlarining fenotipik xususiyatlarini o‘rganish va solishtirish imkonini beradi, bu ularning kimligini va qayerdan kelganligini taxmin qilish imkonini beradi. Boshqacha qilib aytganda, biz aholining alohida a’zolari fotosuratlarini emas, balki o‘rtacha qiymatni solishtiramiz. Bu bizga standart mezonlar ro‘yxati asosida aholining umumlashtirilgan xususiyatlarini ishlab chiqish imkonini beradi. Xususan, bu usul ko‘pincha boshqa nuristonliklar tomonidan chetlatilgan markaziy Parun vodiysi aholisi Nuristonga begona emasligini ko‘rsatadi.
-
Nuristonlik kalshalar (Afg‘oniston janubi). Svyatoslav Kaverin fotosuratlari, Yuriy Alekseyev kollaji
-
Nuristonlik katelar (Afg‘oniston shimoli). Svyatoslav Kaverin fotosuratlari, Yuriy Alekseyev kollaji
-
Nuristonlik parunilar (Afg‘oniston markazi). Svyatoslav Kaverin fotosuratlari, Yuriy Alekseyev kollaji
-
Pushtunlar, safi va boshqalar (Kunar). Svyatoslav Kaverin fotosuratlari, Yuriy Alekseyev kollaji
-
Nuristonliklar, umumlashma portret. Svyatoslav Kaverin fotosuratlari, Yuriy Alekseyev kollaji
O‘ylaymanki, sharqiy Hindukush tog‘lari genofondi bo‘yicha DNK tadqiqotlari bularning barchasini nihoyat tasdiqlashga va barchasini saralashga yordam beradi. Lekin bu uzoq vaqtni olishi mumkin. Aniq xulosalar chiqarish uchun Afg‘oniston rahbariyati va ma’muriyatining akademik tadqiqotchilarga hech kim to‘sqinlik qilmasligi yoki ularni kontrabanda, josuslik va boshqa har xil gunohlarda ayblamasligi uchun zarur poydevor va irodani ishlab chiqishini kutishga to‘g‘ri keladi. Afsuski, aksariyat mamlakatlar olimlari o‘z mamlakatlarida ham shunday tushunmovchilik va muammolarga duch kelishmoqda.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.
-
13 oktyabr13.10FotoO‘zbekiston mushuklari xalqaro darajaga chiqdiToshkentda WCF Cat Show 2025 mushuklar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
-
06 oktyabr06.10Barcha zamonlar kalendariHozirgi turkiy xalqlar birlasha oladimi?
-
30 sentyabr30.09Cho‘kib borayotgan dengizNima uchun To‘qayev sayyoradagi eng katta yopiq suv havzasi taqdiri haqida qayg‘urmoqda?
-
26 sentyabr26.09FotoBozorga keng nazarAnzor Buxarskiy bilan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab fototur
-
23 sentyabr23.09Lokomotivlar, sun’iy yo‘ldoshlar va chipslarQozog‘iston prezidentining AQSHga safari natijalari
-
22 sentyabr22.09Notinch qalb va qo‘rs yuraklarTurkmanlar ajdodlari va rus knyazlari kimga qarshi ittifoq tuzganlari haqida