O‘zbekistonni quvib yetish maqsadida

Alisher Aminov Qozog‘iston futbolining muammolari va ularni halqilish rejalari haqida
Alisher Aminov. Alisher Aminov arxiv fotosurati

Sovet davrida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida, jumladan, sportda ham ochiqchasiga raqobat mavjud edi. 1970-yillari qo‘shnilarni kuydirgan holda Toshkentda muz maydoni qurildi, bu esa respublikaga Ginnesning rekordlar kitobiga xokkey rivojlanayotgan dunyodagi eng janubiy mintaqa sifatida kirish imkonini berdi. Biroq, bu holat qo‘shnisi Qozog‘iston kabi xokkeyda shon-shuhratga erishga mkon bermadi. Endi esa vaziyat teskari tomon o‘zgargan. Qozog‘istonliklar endi Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan va o‘z o‘yinchilarini Yevropaning eng yaxshi klublariga yuborayotgan qo‘shnisining muvaffaqiyatlariga havas qilishmoqda. Axir bir paytlar «Qayrat» va «Paxtakor» o‘rtasidagi raqobat Sovet futbolidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lgandi. «Farg‘ona» Qozog‘istonning O‘zbekistonni quvib yetish imkoniyatlarini tahlilchi, iqtisodiyot va huquq bo‘yicha xalqaro ekspert, FIFA eksperti, RFI prezidentligiga nomzod, O‘zbekiston va Tojikiston uchun futbolni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqqan, iqtisodiyot fanlari doktori Alisher Aminov bilan muhokama qildi.

— Mamlakatning Osiyo Futbol Konfederatsiyasidan (OFK) UEFAga o‘tishi to‘g‘ri qaror bo‘lganmi yoki yo‘qmi degan savol hozirda Qozog‘istonda faol muhokama qilinmoqda.

— Yevropaga o‘tish milliy futbolni mustahkamlash umidida amalga oshirildi, Yevropa rivojlanish yo‘li samaraliroq deb hisoblandi. Ammo vaqt ko‘rsatdiki, milliy jamoalar va klublarning natijalari borasida hech qanday taraqqiyot kuzatilmadi. Ba’zi alohida yutuqlar ham bo‘ldi: Adiyev qo‘l ostida milliy terma jamoaning Chaqiruv ligasida o‘z guruhida g‘olib chiqqani va Yevro yo‘llanmasi uchun kurashgani yoki avval «Astana», keyin esa «Kayrat»ning Chempionlar ligasi guruh bosqichiga chiqishini misol qilish mumkin. Ammo bu borada yutqular an’anasi haqida garirolmaysiz.

Bundan tashqari, agar O‘zbekiston va Qozog‘istonda futbol rivojlanishini taqqoslasak, so‘nggi yillarda o‘zbek futbolida, ayniqsa, O‘zbekistondagi futboldagi barcha hal qilinmagan tizimli muammolarga qaramay, milliy jamoalarning muvaffaqiyati borasida sezilarli tafovut kuzatilmoqda.

— Yaqinda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev futbolni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishini, jumladan, boshqaruvni isloh qilish va klublarni to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat mablag‘laridan, shuningdek, infratuzilma loyihalaridan olib tashlashni belgilab berdi. Bu burilish nuqtasimi? Federatsiyaning roli qanday?

— Hukm chiqarishga hali erta. Asosiysi, boshqaruv tizimida tub islohotlarni boshlash lozim. Bu yerda asosiy shaxslar mansabdor shaxslar va biznes vakillari emas, balki futbol obyektlari bo‘lishi kerak. Qozog‘iston prezidenti professional futbolga ortiqcha mablag‘ sarflash va milliy jamoalar va klublarning xalqaro maydonda uzoq muddatli natijalarga erisha olmasligidan g‘azablanmoqda — bu allaqachon ogohlantiruvchi belgi. Takror aytaman, To‘qayevning sabr-toqati tugab bormoqda. Akimatlar (viloyat va shahar ma’muriyatlari) klublarga juda katta mablag‘ sarflamoqda, klublar esa xalqaro miqyosda biron bir sport natijalarini namoyish eta olishmayapti. Yevropada raqobatlasha oladigan yuqori darajadagi o‘yinchilar yetishmayapti. Biroq, barcha muhim qarorlarni qabul qiladigan boshqaruv organi bo‘lgan Qozog‘iston futbol federatsiyasi (QFF) ijroiya qo‘mitasi butunlay futbol subyektlaridan iborat emasligi aniq. Ijroiya qo‘mitasi yirik biznes va hukumat vakillari tomonidan boshqariladi va qaror qabul qilish darajasi tor doiradagi odamlar manfaatlariga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkinligiga ishonish uchun asos bor. Boshqa tomondan, futbol subyektlarining asosiy tizimli qarorlarni malakali qabul qilishga tayyorlik darajasi masalasida muammo bor: ular uzoq yillardan beri iqtisodiyot va sport huquqi bo‘yicha tegishli ta’lim olmaganlar.

Qosim-Jomart To‘qayev va FIFA prezidenti Janni Infantino. Oqo‘rda fotosurati

— Islohotlarni qayerdan boshlashni tavsiya qilasiz?

— Har tomonlama tahlilsiz baholash qiyin. Barcha sohalar bo‘yicha ma’lumotlar kerak: yoshlar futboli, mutaxassislarni tayyorlash, federatsiyaning boshqaruv modeli, asosiy sport qonunchiligini baholash va professional musobaqalarni tahlil qilish. O‘zbekistondagi so‘nggi islohotlarning ham ijobiy, ham salbiy tajribalarini oriyentir sifatida o‘rganishga arziydi.

— Masalan?

— 2023 yil 7 aprelda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Mahalliy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjatda ko‘plab yangiliklar mavjud, ammo bir nechta masalalar amaldorlar tomonidan yildan-yilga muhokama qilinib kelinmoqda va o‘nlab yillar davomida hal qilinmagan. Respublika mustaqilligining 34 yilida o‘ndan ortiq shunga o‘xshash farmonlar chiqarilgan, ammo amalga oshirish sifati va samaradorligi pastligicha qolmoqda. Tizim qaror qabul qilishning bir necha darajalarini o‘z ichiga oladi, ammo eng muhimi — hech bo‘lmaganda O‘zbekiston va Qozog‘istonda – davlat darajasida. Kam sonli mamlakatlarda bunday hujjatlar sport hamjamiyati emas, balki yuqori lavozimli hukumat amaldorlari tomonidan ishlab chiqiladi. Ushbu vertikal tuzilmani hisobga olgan holda, Qozog‘iston Prezident administratsiyasi (PA) sport va futbol masalalari bo‘yicha professional ekspert materiallari va takliflarini tayyorlashga qodir malakali mutaxassislar borligini tushunish muhimdir. Shubhasiz, prezidentning futbolning tizimli muammolari va yechimlarini tushunishi Sport vazirligi, QFF rahbariyati, prezident maslahatchisi va PA rahbarining ish sifatiga bog‘liq. Agar mamlakat rahbariyati tizimni o‘zgartirishga tayyor bo‘lsa, bu futbol tizimining barcha darajalaridagi ishlar holatini batafsil tahlil qilishdan boshlanishi kerak.

— Qanday variantlar mavjud?

— Sobiq Sovet Ittifoqi va Qozog‘istondagi har qanday federatsiyaning futbol tuzilmasi, boshqa narsalar qatori, boshqaruvning to‘rtta darajasini o‘z ichiga olishi kerak: davlat, professional (barcha sohalar uchun mas’ul bo‘lgan QFF), mahalliy (mahalliy federatsiyalar) va yoshlar (zaxiralarni rivojlantirish). Bu darajalarning barchasi bir-biri bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Sohaning samarali ishlashi uchun asosiy masalalar turli darajalarda hal qilinishi kerak, davlat qayerda ishtirok etishi va qayerda uning ishtiroki haddan tashqari ko‘p ekanini aniq tushunish kerak. Rivojlangan Yevropa futbol mamlakatlarining tajribasi o‘rganilishi va shunga asoslanib, mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda, aniq amalga oshirish mexanizmlariga ega loyihalar ishlab chiqilishi lozim. Keyin hujjat futbol hamjamiyatiga muhokama uchun taqdim etilishi va yangi strategiya va rivojlanish dasturi QFF Ijroiya qo‘mitasi yoki Kongressida tasdiqlanishi kerak. Shundan keyingina davlat idoralari bilan ishlashni boshlash kerak, toki prezidentga berilgan takliflar deklarativ yoki populistik xarakterga ega bo‘lmasin.

— Lekin o‘zgarishlar borku?

— Qozog‘istonda professional futbolni isloh qilish niqobi ostida hozirda nimani ko‘rmoqdamiz? Klub aksiyalarini xususiy biznesga sotish bo‘yicha davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan bitimlar e’lon qilinmoqda. Bosh vazir Oljas Bektenov e’lon qilishicha Turlov, Lomtadze va Kan Qozog‘iston klublarini sotib olishlari mumkin. Bu savollarni tug‘diradi. Agar klub zarur shart-sharoitlarsiz yirik mintaqaviy biznes tomonidan sotib olinsa, uning kelajagi qanday bo‘ladi? Agar klub samarasiz iqtisodiy tizimda mavjud bo‘lsa, biznes jamoani doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlashi va moliyalashtirishiga kafolat bormi? Ishlaydigan iqtisodiy model bo‘lmagan taqdirda, davlat davlat korxonalaridan tashqari qanday homiyni «tayinlashi» mumkinki? Xususiy biznesni faqat kuch bilan jalb qilish mumkin. Haqiqat noma’lumligicha qolmoqda. Asosan, poydevor qo‘ymasdan, yillar davomida hal qilinmagan tizimli muammolar davlatdan yirik biznes zimmasiga yuklatilmoqda.

Timur Turlov va QFF sobiq prezidenti Adilet Barmenqulov. QFF matbuot xizmati fotosurati

Klublarning aksariyati yiliga 100 million yevrodan ortiq umumiy budjet bilan mintaqaviy akimatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa-da, klublar deyarli hech narsa ishlab ololmasdi. Yillar davomida o‘rta darajadagi xorijlik o‘yinchilarning ko‘pligi va Yevropaning yuqori ligalariga mahalliy o‘yinchilarning kirib kelishining yetishmasligi kuzatildi. Yangi sotib olingan klublar bir yil ichida biznesni susaytirishi va hukumat oldidagi «ijtimoiy mas’uliyat» sifatida qabul qilinishi mumkin. Ba’zi klublar egasiz qolishi va yomonlashishi, budjetlar qisqarishi va futbolchilar va akademiyalar zarar ko‘rishi mumkin.

Ideal holda, hukumat fundamental qarorlar qabul qilishi va tartibga soluvchilar klublarning omon qolishiga yordam beradigan tizimni ishlab chiqishi kerak. Aks holda, biz O‘zbekistondagi kabi vaziyatga duch kelishimiz mumkin: O‘zbekiston prezidentining klublarni xususiylashtirish to‘g‘risidagi farmonidan beri uch yil o‘tdi va xususiy bizneslar birorta ham jamoa sotib olmadi. Hatto Bekobod metallurgiya zavodi va yagona xususiy klub «Turon» (Yaypan) ham ularni moliyalashtirishdan bosh tortdi va klublar yopila boshladi. Hozircha birorta ham Qozog‘iston klubini moliyaviy jihatdan samarali aktiv deb hisoblash mumkin emas — ular hatto xarajatlarining 10 foizini ham qoplay olmaydilar, televideniye huquqlaridan tushadigan daromad deyarli yo‘q va tomoshabinlar soni ham muammoli. Oxir-oqibat, davlat bilan u yoki bu tarzda bog‘liq bo‘lgan yirik bizneslar klub xarajatlarini budjetdan tenderlar va hukumat shartnomalari orqali qoplaydilar.

— Qozog‘iston professional futbol ligasini kim boshqaradi deb o‘ylaysiz?

— Bugungi kunda liga faoliyatini tubdan yaxshilashga qodir bo‘lgan mutaxassisni mamlakat ichida topish qiyin. Dastlabki bosqichda, menimcha, eng yaxshi variantlardan biri rivojlangan futbol mamlakatlaridan oliy ligalarda muvaffaqiyatli tajribaga ega bo‘lgan bir guruh yevropalik menejerlarni taklif qilishdir. Biroq, mutaxassislar uchun o‘zimizning o‘quv tizimini yaratmasdan ko‘plab xorijiy menejerlarni import qilish to‘liq samarali emas. Bu holda, QFF va QPL (Qozog‘iston Premer-ligasi) rahbariyati o‘zgarishi kerak bo‘ladi: mustaqil mutaxassislar hozirgi vertikal tuzilishga qo‘shilmaydi, balki tartibni tiklashni boshlaydi. Bu qimmat va dastlab og‘riqli, ammo kuchli liga qurishga sarflangan sarmoya o‘zini ko‘p marta oqlaydi.

Agar pul sarflansa, xorijiy murabbiylarga emas, balki yuqori malakali menejerlarga sarflanishi kerak. Futbolning dinamik rivojlanishi ko‘p jihatdan QFF, mahalliy federatsiyalar, klublar va ligalar uchun menejer kadrlarini — birinchi navbatda top menejerlarni tayyorlash tizimiga bog‘liq. Ikki yillik ixtisoslashtirilgan dastur va malaka oshirish kurslarini ishga tushirish mantiqan to‘g‘ri keladi. Ha, FIFA va UEFA menejerlar uchun dasturlarga ega va ular foydali, ammo qisqa muddatli kurslar Qozog‘iston futbolining ehtiyojlariga moslashtirilmagan va dolzarb muammolarni hal qilmaydi. QFF rahbariyati bu yondashuvga tayyormi yoki yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi. Aqlli qadamlar nisbatan qisqa muddatda natijalar beradi. Boshqaruv muammolari har bir mamlakatda mavjud — savol ular qanday hal qilinishi va qanday hal qilinishida.

— Qozog‘iston futbolida yana kimlarni tayyorlash kerak? QFFning o‘z o‘quv dasturi bormi va uni kim ishlab chiqqan?

— Hozircha javob yo‘q. Mintaqaviy federatsiyalar, ligalar, klublar va maktablardagi rahbarlik lavozimlari ko‘pincha tegishli ma’lumot yoki malakaga ega bo‘lmagan odamlar tomonidan to‘ldiriladi — bu FIFA va UEFA siyosatiga zid keladi va ko‘pincha tizimli korrupsiyaga olib keladi. Murabbiylar ham aziyat chekishadi, klublarning malakasiz boshqaruvi bilan kurashishga majbur bo‘lishadi va mashg‘ulotlardan tashqari, tashkiliy vazifalarni ham boshqaradilar. Klublar tomosha yaratishni o‘rganmayaptilar, muxlislar e’tiborini jalb qilish uchun raqobatlashmayaptilar va homiylar bilan munosabatlarni o‘rnatmayaptilar. Bozor motivatorlari — raqobat, mijozlarga yo‘naltirilganlik va innovatsiya — zaif.

Sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlarida men ustuvor vazifa sifatida qonunchilik tashabbuslari paketini taklif qilaman. Masalan, mintaqaviy budjetlar va davlat kompaniyalaridan professional sport jamoalarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida qonun qabul qilinishi kerak. Klublarni xususiy mulkka o‘tkazishning o‘tish davrida bunday hujjat mablag‘lardan maqsadli foydalanishni monitoring qilish tamoyillari, qo‘llab-quvvatlash turlari va mexanizmlarini belgilaydi. Budjet shaffofligi UEFA talabi va o‘zini o‘zi ta’minlashning to‘g‘ri yo‘lidir.

— Klublarning moliyaviy boshqaruvi uchun qaysi hujjat asos bo‘lishi kerak?

— QFFning moliyaviy qoidalari. U ish haqi va boshqa haqlarga cheklovlar qo‘yishi, QFF yurisdiksiya organlari va Sport arbitraj sudining qoidalarini, qarorlarini buzganlik uchun menejerlar uchun shaxsiy javobgarlikni belgilashi kerak (bunday organ Qozog‘istonda mavjudmi yoki yo‘qmi, bu ochiq savol), menejerlarning faoliyatini vaqti-vaqti bilan ko‘rib chiqishni ta’minlashi, Moliyaviy nazorat qo‘mitasi ishini tavsiflashi, klublarning moliyaviy to‘lov qobiliyatining hujjatli dalillarini talab qilishi va transferlar, o‘yinchilarning maoshlari va boshqa xarajatlarga sarflanadigan xarajatlarga cheklovlar qo‘yishi kerak.

— Hozirda eng katta muammo qayerda?

— Qozog‘istonning milliy, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari doimiy ravishda salbiy dinamikani namoyish etmoqda. Qozog‘istonni o‘z ichiga olgan ko‘pgina postsovet mamlakatlarida sport fani deyarli yo‘q qilingan. Yoshlar murabbiylari xorijiy qo‘llanmalarga tayanadilar; ularning ixtisoslashgan nashrlari kamdan-kam hollarda nashr etiladi va mamlakatda futbol nazariyasi va metodologiyasi bo‘yicha mahalliy olimlar qolmagan. Ilmiy va metodologik konferensiyalar juda kamdan-kam hollarda o‘tkaziladi va professional murabbiylarning ma’ruzalari unutilgan. Qozog‘istonda birorta ham universitet sport yuristlari, shifokorlar yoki psixologlarni fundamental darajada tayyorlamaydi.

— Nima uchun katta miqdordagi mablag‘lar tizimli natijalarga olib kelmaydi?

— Ligalarning iqtisodiy modeli samarasiz. Davlat tomonidan moliyalashtiriladigan mablag‘lar ko‘pincha tanazzulga olib keladi: bu klub menejerlari va QFF a’zolari o‘rtasida qaramlikni keltirib chiqaradi va xayriya mablag‘larini kutishni rag‘batlantiradi. Qozog‘istondagi professional futbolning asosiy biznes aktivi faqat futbolchilarning o‘zlari. Ishlab chiqarish va sotish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish orqali qozog‘istonlik futbolchilar qisqa muddatda hech bo‘lmaganda xarajatlarining bir qismini qoplashlari mumkinligini aytish mumkin. Shu bilan birga, FIFA va UEFA har doim ham o‘zlarining qonuniy qoidalariga doimiy ravishda rioya qilmaydi. Tizimni sog‘lom fikrni birlashtirish orqali o‘zgartirish mumkin.

— Budjetlar aslida qayerga ketmoqda va buning oqibatlari qanday?

— Millionlab soliqlar «qora tuynuk»ga yo‘qoladi: klublarni saqlash, ko‘plab xorijiy o‘yinchilar, xorijiy murabbiylar va Jahon chempionatining pastki yarmida joy olish uchun taraqqiyotni taqlid qilish. Bu pul shifokorlar, o‘qituvchilar, fan, madaniyat yoki yoshlar murabbiylariga yetib bormaydi. Qozog‘iston klublaridan juda ko‘p zaif xorijiy o‘yinchilar o‘tib, transfer to‘lovlari, maoshlari va imzolash bonuslarini behuda sarflashdi. Ligalar turg‘un, maqsadlar noaniq, daromad va xarajatlar o‘rtasidagi tafovut surunkali va har safar davlatga murojaat bilan tugaydi. Xususiy egalar klublarni qisman xarajatlarni qoplash qoidalarisiz uzoq vaqt davomida ishlay olmaydilar. Hisobdorlik nolga teng bo‘lganda, menejerlar bir xil xatolarni takrorlaydilar. Davlat investitsiyalari shaxsiy boyitish manbai va ta’sir o‘tkazish vositasiga aylanadi. Muhim lavozimlarga sodiq amaldorlar tayinlanadi, keyin ma’muriy resurslar jalb qilinadi, mantiqsiz qarorlar qabul qilinadi, zaif qonunlar va xayoliy litsenziyalar qo‘llaniladi — bu sikl keyingi rahbariyat almashinuvigacha davom etadi. Bu milliy terma jamoa nomzodlarining tor doirasiga va yomon natijalarga olib keladi. Ijtimoiy mas’uliyat niqobi ostida akimatlar va davlat kompaniyalaridan tushgan mablag‘lar ko‘pincha behuda ketadi.

— Davlat va QFF hozirda qanday choralar ko‘rishi kerak?

— Qonuniy moliyalashtirish mexanizmi ishlab chiqilishi va uning parametrlari belgilanishi kerak. Davlat budjetidan transfer to‘lovlari taqiqlanishi kerak. O‘tish davrida akimatlar mablag‘lari alohida hisoblarga o‘tkazilishi va qat’iy ravishda ularning maqsadli maqsadlari — musobaqalar o‘tkazish, maktablarni saqlash va infratuzilmani yaxshilash uchun ishlatilishi kerak. Transferlar faqat haqiqiy futbol daromadlaridan yoki xususiy manbalardan kelib chiqishi kerak. Yiliga 100 million yevrodan ortiq mablag‘ni faqat professional klublarga sarflash axloqsizlikdir. Bu yerda men Qozog‘iston prezidentining pozitsiyasiga qo‘shilaman. Hozirgi model tizimdan foyda ko‘radiganlarga foyda keltiradi, uni rivojlantiradiganlarga emas. Yana bir bor ta’kidlaymanki, ustuvorlik cheksiz subsidiyalar o‘rniga kuchliroq Yevropa ligalariga o‘yinchilarni tizimli ravishda sotishga o‘tishi kerak.

— Cheklangan resurslar bilan ishtirok va ta’sirni qayerda tezda oshirishimiz mumkin?

— Mini futbolda. Barcha maktablar va universitetlarda sport zallari mavjud. Bizga doimiy bo‘limlar, o‘g‘il va qiz bolalar uchun maktab ichidagi va universitet ligalari hamda talabalar turnirlari kerak. Bu kirish uchun qulay va keng tarqalgan nuqta. Professional zaxirani rivojlantirish nuqtayi nazaridan, milliy darajada uch bosqichli tizimni, shuningdek, mintaqaviy va tuman futbol markazlari tarmog‘ini yaratish zarur. Bu barcha rivojlangan Yevropa futbol mamlakatlari tomonidan bosib o‘tilgan yo‘l.

— Islohotlar boshlanishidan oldin nimani baholash kerak?

— Sohaning to‘liq auditi: yoshlar futbolining holati, kadrlar tayyorlash va QFF boshqaruv modeli, sportning huquqiy asoslari va professional musobaqalar iqtisodiyoti. Keyin, mavjud sport dasturi doirasida davlat futbolini rivojlantirish kichik dasturini ishlab chiqish va ishga tushirish, mintaqaviy markazlarni yaratish, stadionlarni rekonstruksiya qilish va Qozog‘iston universitetlarida menejerlar, murabbiylar, shifokorlar, yuristlar va psixologlar uchun ta’lim dasturlarini taqdim etish kerak. QFF va davlat o‘rtasida ochiq professional muloqot zarur.

— Mukammal dastur yozish hamma narsani ishlashi uchun yetarlimi?

— Yetarli emas. Amalga oshirish faqat boshqaruv tizimini o‘zgartirish bilan mumkin. Biz ijroiya qo‘mitasini yangilashimiz, qo‘mitalar va ishchi guruhlarni professionallar bilan mustahkamlashimiz, kollegial qarorlar qabul qilish va shaxsiy javobgarlikni kuchaytirishimiz kerak. Muammo shundaki, o‘ttiz yil davomida futbol hamjamiyati qattiq vertikal iyerarxiyaga va jim ko‘pchilik roliga o‘rganib qolgan. Ammo buni aniq qoidalar va haqiqiy nazorat bilan o‘zgartirish mumkin.

— Klublarni sotib olish foydali biznesga aylanishi mumkinmi? Qanday qilib?

— Futbol dinamik soha. O‘yinchilar doimiy ravishda klublar va mamlakatlar o‘rtasida harakat qilishadi, bu esa tez-tez pul ishlash imkoniyatlarini yaratadi: yangi shartnomalar, bonuslar, imidj huquqlari. Akademiyalar va professional futbol o‘rtasida katta farq bor. Ko‘plab iqtidorli o‘yinchilar qobiliyat yo‘qligi sababli emas, balki mablag‘ yetishmasligi tufayli ketishadi. Asosiy savol: Qozog‘iston klublari yoshlarni rivojlantirishni moliyaviy va sport strategiyalarining markaziy tarkibiy qismi deb hisoblaydimi? Akademiyalar o‘zini o‘zi ta’minlaydigan va yuqori daromadli investitsiya platformalari sifatida ishlay oladimi? Ideal zanjir quyidagicha: erta aniqlash, tizim ichida rivojlanish, asosiy jamoaga integratsiya va maksimal narxda sotish.

— Ish sxemasi qanday ko‘rinishga ega?

— Model quyidagicha ishlaydi: o‘yinchi akademiyadan sotib olinadi yoki skautlar orqali kashf etiladi, uning qiymati rivojlanish va tan olinishi orqali oshiriladi, ular kerakli vaqtda sotiladi va tushgan mablag‘ keyingi siklda qayta investitsiya qilinadi.

Muvaffaqiyatli klublardagi akademiyalar odatda o‘zini o‘zi ta’minlaydigan va yuqori daromadli investitsiya platformalari sifatida ishlaydi. O‘yinchilar erta aniqlanadi, klub ichida rivojlanadi, asosiy jamoaga qo‘shiladi va maksimal qiymatda sotiladi, odatda klub darajasida va milliy terma jamoalari bilan xalqaro musobaqalarda o‘ynagandan so‘ng. Bu yondashuv tuzilgan, maqsadli va takrorlanadigan. Bu klublar nafaqat o‘yinchilarni ishlab chiqaradi, balki ularni aqlli ravishda sotadi. Har bir top klub har doim iste’dodli o‘yinchilarni jalb qilgan, ammo ko‘pincha bu iste’dodlar behuda ketadi: ular o‘ynamaydi, sotilmaydi va daromad keltirmaydi. To‘g‘ri tuzilma bilan klublar o‘zlarining yoshlar tizimlarini shunchaki konveyerdan ko‘proq narsaga aylantirishlari mumkin. Ular o‘yinchilarni ishlab chiqaradigan, foyda keltiradigan va uzoq muddatli qiymat yaratadigan platformaga aylanishi mumkin. Transfer bosqichidan tashqarida jarayonni nazorat qilish va unda ishtirok etish orqali muvaffaqiyatli klublar har bir rivojlangan o‘yinchi klubning uzoq muddatli iqtisodiy dvigatelining bir qismiga aylanishini ta’minlaydi.

— Aniq misollar bormi?

So‘nggi o‘n yillikda fransuz klublari dunyoning boshqa har qanday mamlakatiga qaraganda mahalliy o‘yinchilarning xalqaro transferlaridan ko‘proq daromad olishdi. 2014 va 2024 yillar oralig‘ida ular mamlakatda tarbiyalangan futbolchilarni sotishdan 3,98 milliard yevro daromad olishdi. Bu yiliga o‘rtacha qariyb 400 million yevroni tashkil etadi, bu esa Fransiyaning futbolchilarni rivojlantirish va eksport qilishdagi ustunligini ta’kidlaydi. Faqat Braziliya (2,60 milliard yevro) va Ispaniya (2,24 milliard yevro) 2 milliard yevrolik chegaradan oshib ketdi, keyingi oltita davlat — Portugaliya, Niderlandiya, Angliya, Germaniya, Italiya va Argentina esa atigi 1 milliard yevrolik chegaradan oshib ketdi. Bu akademiyada tarbiyalangan yosh iste’dodlar uchun xalqaro bozor klublar, ayniqsa Yevropa moliya bozori elitasidan tashqaridagilar uchun asosiy daromad manbaiga aylanganidan dalolat beradi.

Ko‘p hollarda yosh futbolchilarni rivojlantirish va sotish biznes modelining muhim qismiga aylandi, hatto haqiqiy sport muvaffaqiyatlari uchun mukofotlardan ham oshib ketdi. Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, 20 yoshgacha bo‘lgan mahalliy futbolchilarning transferlari global daromadning deyarli uchdan bir qismini tashkil qiladi, bu tendensiya ayniqsa Serbiya (64,7%), Braziliya (50,1%), Daniya (48,4%), Shvetsiya (47,9%) va Belgiya (43,8%) kabi mamlakatlarda yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu ma’lumotlar ortida haqiqat yashiringan: dastlabki xalqaro transferlar futbolchilarning karyera yo‘llariga va yoshlar futboli iqtisodiyotiga ta’sir qiladi. CIESC(Xalqaro sport tadqiqotlari markazi) ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, ba’zi mamlakatlarda, ayniqsa Janubiy Amerika va kichikroq Yevropa bozorlarida tizim eksportga yo‘naltirilgan. Bu mamlakatlarda yetakchi akademiyalar yirik Yevropa ligalari uchun o‘quv markazlari vazifasini bajaradi.

— Nima uchun Fransiya oldinda?

— Fransiyaning ustunligi uning keng va murakkab akademiya infratuzilmasida aks etadi, bu Klerfonten, Kastelmoro, Shatoru, Leven, Dijon, Marsel, Plufragan, Vishi va Reyms kabi milliy va mintaqaviy markazlarni, shuningdek, ikkita professional ligada keng qamrovli rivojlanish dasturlarining tarmog‘ini o‘z ichiga oladi. Fransiyaning Mbappe va Camavingadan tortib Kounde va Tchouamenigacha bo‘lgan elita darajasidagi o‘yinchilarni doimiy ravishda yetishtirish qobiliyati nafaqat milliy jamoalarining izchil muvaffaqiyatini ta’minlaydi, balki ko‘plab klublarning moliyaviy barqarorligi bog‘liq bo‘lgan gullab-yashnayotgan eksport bozorini ham rivojlantiradi.

Leni Yoro. «Manchester Yunayted» matbuot markazi fotosurati

Ammo Fransiya diqqat markazida bo‘lgan yagona mamlakat emas. Portugaliyaning «Benfika» klubi yoshlar va o‘yinchilarni qayta sotishdan yiliga 100 million yevrodan ortiq daromad oladi. «Porta» muntazam ravishda 60–90 million yevro miqdorida savdo qiladi. Germaniyaning «Bayer» klubi ham taxminan 100 million yevrolik savdo haqida xabar beradi. Bu izchil amalga oshiriladi; savdo faqat yulduzlar bilan cheklanmaydi. Leni Joro ajoyib misol bo‘la oladi: u «Lill» tarkibiga 19 yoshida biriktirildi, 2500 daqiqadan ortiq o‘ynadi va uning transferi 62 million yevroni tashkil etdi. Florian Virs ham bunga misol bo‘la oladi: u Bundesligadagi debyutini 17 yoshida o‘tkazdi va 2024/25 yilgi mavsum oxiriga kelib, u 10 000 daqiqadan ortiq katta yoshdagi futbol o‘ynadi. 2025 yil iyun oyida «Bayer» uni «Liverpul»ga 100 million funt sterlingga, qo‘shimcha to‘lovlar bilan 116 million funt sterlinggacha (taxminan 136–150 million yevro) sotdi. Bu holatlar o‘yinchiga mas’uliyat yuklangani va nazorat ostidagi muhitda doimiy o‘yin vaqti uning bozor qiymatini tezda oshirishi va yuqori darajadagi xaridorlarni jalb qilishini ko‘rsatadi. Biroq, ko‘pchilik professional darajada bir daqiqa ham o‘ynamasdan ketishadi: ular ko‘rinishni yo‘qotadilar, rivojlanishda to‘xtaydilar va yillar davomida investitsiyalarga qaramay, iqtisodiy daromad keltira olmaydilar.

— Buni Qozog‘istonda qanday tadbiq qilish mumkin?

— Iste’dodlarga boy Qozog‘iston futbolida rezervni tarbiyalash orqali o‘yinchilarni «chetga sotish» tizimini yo‘lga qo‘yish mumkin. Bu nafaqat davlat va tadbirkorlar uchun mashg‘ulotlar xarajatlarini qoplaydi, balki ajoyib biznesni ham yaratadi. Shubhasiz, diqqat markazida yuqori sifatli iste’dodlar zahirasini rivojlantirish bo‘lishi kerak. Sport va futbolga bo‘lgan munosabat ma’lum bir mamlakatdagi madaniyat va ta’lim darajasini aks ettiradi. Jamoatchilik va muxlislar futbolni shunchaki o‘yin sifatida qabul qilishadi va bu mantiqan to‘g‘ri, ammo soddalik primitizm emas. Bu masala, shubhasiz, siyosiy, nozik va hukmron elitaning turli manfaatlariga tegishli.

Aleksandr Troitskiy