Hozirgi Yaponiya-Markaziy Osiyo sammitini deyarli bir yarim yil kutilgandi. U 2024 yil avgust oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Biroq, o‘shanda bir kun oldin, ya’ni 8 avgust kuni Kyushu oroli yaqinida 7,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Shu bilan birga, yapon seysmologlari yaqin kelajakda yanada vayronkor zilzilalar bo‘lishini bashorat qilishdi. Seysmik xavf tufayli o‘sha paytdagi Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida mamlakatni tark etishdan ikkilanib, sammitni noma’lum muddatga qoldirdi.
Zilzilagacha ulgurish lozim
Sammitning yangi sanasi darhol belgilanmadi. Bir muncha vaqt davomida faqat taxminiy sana, ya’ni 2025 yil dekabr o‘rtalari muhokama qilindi. Va endi, nihoyat, sammit 19-20 dekabr kunlari Tokioda o‘tkazilishi rasman e’lon qilindi.
Qizig‘i shundaki, belgilangan sanadan ikki hafta oldin yapon seysmologlaridan yangi ogohlantirish olindi. Ularning ta’kidlashicha, bu safar Tokio va uning atrofidagi hududlar aholisi zilzilaga tayyorgarlik ko‘rishlari lozim. Bundan tashqari, zilzilalar shunchalik kuchli bo‘lishi mumkinki, ular 18 000 kishining o‘limiga olib kelishi mumkin, umumiy zarar esa 535 milliard dollarni tashkil etadi.
Ta’sirchan odamga yaponlarning kami deb nomlanuvchi ruhlari, zilzilalarni boshqaruvchi ulkan laqqabaliq Onamadzu yoki hatto quyosh ma’budasi Amaterasuning o‘zi «Yaponiya-Markaziy Osiyo» sammitiga qarshi isyon ko‘targandek tuyulishi mumkin. Yaxshiyamki, olimlar zilzila haqida gapirganda, ular ancha uzoq kelajakni — keyingi o‘ttiz yillikni nazarda tutgan ekanlar. Bu Markaziy Osiyo respublikalari rahbarlari uchun sammitda ishtirok etish va uyga qaytish uchun yetarli vaqt, shuning uchun ular uchrashuvni bekor qilmaslikka qaror qilishdi.
Demokratiyaning bunga nima daxli bor?
«Yaponiya-Markaziy Osiyo «sammiti tarixi 2004 yilga borib taqaladi. Aynan o‘shanda Ostonada mintaqa hukumatlari va Kunchiqar mamlakati o‘rtasida muloqot boshlangani e’lon qilingandi. Muloqotning asosiy maqsadlari ham bayon qilingan:
▪️ Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va demokratiyani mustahkamlash;
▪️ Mintaqaning iqtisodiy qudratini mustahkamlash, islohotlarni amalga oshirish va ijtimoiy rivojlanishni rag‘batlantirish;
▪️ Mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash;
▪️ Markaziy Osiyo, Yaponiya va jahon hamjamiyati o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish;
▪️ Yaponiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligini rivojlantirish.
Shuni ta’kidlash lozim, 2004 yildan keyin o‘tkazilgan «Yaponiya-Markaziy Osiyo» muloqoti doirasidagi uchrashuvlar hech qachon Tashqi ishlar vazirlari darajasidan yuqori ko‘tarilmagan. Biroq, bu safar sammitda barcha beshta Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari, shuningdek, Yaponiya Bosh vaziri SanaE Takaiti ishtirok etadi. Shuning uchun ham hozirgi sammit tarixiy deb hisoblanadi. Shunday qilib, Bulgakovning Voland hikoyasini so‘z bilan ifodalash mumkin: «Bugun Tokioda qiziqarli yuz beradi».
Biroq, ushbu sammitda Markaziy Osiyo respublikalarining boshqa hamkorlari bilan o‘xshash forumlarda ko‘rilmagan qanday masalalar ko‘rilishi mumkin?
Sodda qilib aytganda, Markaziy Osiyo bilan bog‘liq bunday sammitlar uchun formula azaldan ma’lum vau quyidagicha: pul va texnologiya evaziga resurslar. Bu holatda, mo‘l-ko‘l zaxiralariga ega Markaziy Osiyo respublikalari resurslarni yetkazib beradi, Yaponiya esa pul va texnologiyalarni taqdim etadi. Shunga o‘xshash model Markaziy Osiyo va AQSH, Markaziy Osiyo va Xitoy, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi hamda Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarda ham amal qiladi (garchi oxirgisining G‘arb sanksiyalari bilan bog‘liq o‘ziga xos nyuanslari bo‘lsa ham). Ba’zan, Amerika kabi, o‘ta qat’iyatli sherik bilan ishlashga to‘g‘ri keladi, ba’zida esa, Yevropa Ittifoqi kabi, madaniyatli sherik bilan. Biroq, bu tafsilotlar o‘zaro manfaatdorlikning umumiy g‘oyasini inkor etmaydi. Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va ta’lim va madaniy dasturlar quloqqa yoqimli eshitiladi, garchi so‘nggi paytlarda u majburiy bonusga aylangan bo‘lsada.
Zamonaviy davlatlararo va millatlararo munosabatlarning pragmatik tabiati shuni anglatadiki, ilgari e’lon qilingan strategik maqsadlar sammitning haqiqiy maqsadlariga zid kelishi mumkin. Bunday maqsadlar, xususan, 2004 yilda e’lon qilingan Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va demokratiyani mustahkamlash g‘oyasini o‘z ichiga oladi.
Darhaqiqat, agar o‘ylab ko‘rilsa, demokratiya va barqarorlikning mintaqadagi hozirgi vaziyatga va Kunchiqar mamlakatining bunga qanday aloqasi bo‘lishi mumkin? Birinchidan, yaponlarning demokratiya borasida tushunchasi juda noyob bo‘lishi va amerikaliklar, hatto yevropaliklar nazarda tutgan narsadan juda farq qilishi mumkin. Ikkinchidan, yaponlar Markaziy Osiyoda demokratiyani kim bilan mustahkamlashni rejalashtirmoqda? Japarov va Tashiyevning qirg‘iz duumvirati (ikkiligi -tarj.izohi) bilanmi? Yoki Tojikistonda o‘ttiz yildan ortiq «demokratik»ona hukmronlik qilayotgan Rahmon bilanmi? Yoki Berdimuhamedovlar sulolasi bilanmi?
Va, ochig‘ini aytganda, demokratiyani mustahkamlash hozirda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash bilan qay darajada bog‘liq? Rossiya misoli shuni ko‘rsatadiki, harbiy mojarolar sharoitida avtokratiya anchagina safarbarlik resurslariga ega. Va, afsuski, mintaqadagi mahalliy harbiy mojarolarni istisno qilib bo‘lmaydi. Masalan, Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni olaylik, bu Xitoy omili bilan murakkablashadi. Afg‘onistonda jangari islomchi guruhlarning ko‘pligi hisobga olinsa, u yerda istalgan vaqtda janjallar avj olishi mumkin deb taxmin qilish mumkin. Bu shuni anglatadiki, Rahmon avtoritarizmning safarbarlik salohiyatidan kattagina foyda ko‘rishi mumkin. Bundan tashqari, Turkmaniston ayniqsa xavfsiz qo‘shnilari bilan maqtana olmaydi — Afg‘onistondan tashqari, u Eron bilan ham chegaradosh.
Ehtimol, shuning uchun ham so‘nggi yillarda demokratiya va inson huquqlari uchun kurash kabi idealistik intilishlar nafaqat ikkinchi planga ko‘chib o‘tmoqda, balki uzoq va noaniq kelajakda yo‘q bo‘lib ketyapti.
Yaxshi maslahat tosh bosadi
So‘nggi yillarda global siyosatda tektonik siljishlar ro‘y berdi. Bu o‘zgarishlar Sovet davrida tarixda shaxsning roli deb atalgan narsaga taalluqlidir. Sovet faylasuflari tarixda shaxsning rolini to‘liq rad etmaganlar, ammo Marks va Leninga ergashib, ular hali ham jamiyat rivojlanishining obyektiv qonunlarini eng muhim deb hisoblashgan.
Afsuski, XXI asr bu «obyektiv» nazariyalarni rad etdi. Endilikda odamlar hayotining bevosita sharoitlarini ham, umuman jahon tarixi yo‘nalishini ham aynan shaxs— xoh u Tramp bo‘lsin, xoh Putin, xoh Si Szinpin bo‘lsin — belgilaydi. Shu bilan birga, yuqori martabali shaxslar unchalik o‘z yo‘nalishida sobit emaslar. Va ba’zan, Tramp singari, ular o‘z pozitsiyalarini birdaniga o‘zgartiradilar va kecha nima deganlarini eslay olmaydilar yoki o‘zlarini unutgandek tutadilar.
Yuqorida aytib o‘tilgan o‘zgarishlar katta va kichik urushlarning boshlanishidan tortib, davlat rahbarlarining ilgari oddiy amaldorlar tomonidan boshqarilgan jarayonlarda ishtirok etishigacha ko‘plab oqibatlarga olib keldi. Endi nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy va biznes masalalari ham ko‘pincha yuqori lavozimli amaldorlar o‘rtasidagi shaxsiy aloqalar orqali hal qilinmoqda.
Va bu yuqori lavozimli amaldorlar, takrorlaymizki, ko‘pincha mutlaqo sobitqadam emaslar. Aynan shuning uchun siyosatshunoslar va jurnalistlarning u yoki bu siyosatchi bilan qanday munosabatda bo‘lish bo‘yicha maslahat berishga urinishlari befoyda. Qanchalik ogohlantirsangiz ham, ishlar baribir kutilganidek bo‘lmasligi mumkin.
Masalan, yaqinda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo-AQSH» sammiti yaxshi natija berganday tuyuldi. Ammo u yerda aniq nima bo‘lgani hali ham to‘liq noma’lum. Rasmiy ravishda hamma narsa yaxshi o‘tgan, hatto AQSH Davlat departamenti bu haqda xabar berdi. Biroq, sammitning ba’zi oqibatlari biroz sirliligicha qolmoqda. Masalan, O‘zbekiston, hammani hayratga solib, Amerika iqtisodiyotining asosiy donoriga aylandi. Sammitdan so‘ng darhol Donald Tramp O‘zbekiston AQSH iqtisodiyotiga 100 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritishini e’lon qildi. Savol tug‘iladi: bundan quvonaylikmi yoki biroz kutganimiz ma’qulmi?
Ikkinchi qiziq holat: Tramp bilan uchrashgandan so‘ng Qozog‘iston prezidenti To‘qayev darhol prezident Putin bilan uchrashuvga bordi. Uchrashuv juda iliq va do‘stona muhitda o‘tdi — shu qadar namoyishkorona do‘stona muhitda bo‘lib o‘tdiki, ba’zi mutaxassislar unda Tramp bilan bo‘lib o‘tgan sammitdan qoniqmaganlikni ko‘rishdi, bu esa, shubhasiz, Qozog‘iston rahbari umid qilganidek bo‘lmaganini ko‘rsatadi.
Biroq, bularning barchasini chuqur tahlil yoki bekorchi o‘ylar deb hisoblash mumkin. Biroq, dunyo siyosati endi shaxslarga va bu shaxslarning umumiy til topishiga bog‘liqligi mutlaqo ayon bo‘lmoqda.
Albatta, ba’zilar bu har doim ham shunday bo‘lganini aytishadi. Bu to‘g‘ri emas. Hozirgi kunda ko‘p narsa pragmatik mulohazalarga emas, balki siyosatchining o‘zini o‘zi anglashiga bog‘liq. Masalan, Tramp tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritishni, Putin esa Rossiya yerlarini misqollab to‘plashni orzu qiladi. Ma’lum bo‘lishicha, orzuga ayb yo‘q va yo‘lda barcha vositalar o‘rinli
Yubkadagi tolibon
Yuqorida aytilganlarning barchasini inobatga olgan holda, Yaponiyaning hozirgi Bosh vaziri Sanae Takaiti qanday inson ekaniga bir nazar tashlar qiziqarli bo‘lar edi.
Ta’kidlash joizki, Takaiti xonim Kunchiqar mamlakatida bunday yuqori davlat lavozimini egallagan birinchi ayol. Va, tabiiyki, uning shaxsiyati an’anaviy yapon uy bekasi uslubidan ancha uzoq. Uning asosiy xususiyati — qat’iyatlilik. U «Temir xonim» Margaret Tetcherni o‘ziga ideal deb bilishi diqqatga sazovordir. Bu, tabiiyki, ayol siyosatchining ancha arxaik an’analar hukmronlik qilayotgan yapon jamiyatida qanchalik erkin harakat qila olishi mumkinligi haqida savolni tug‘diradi. Biroq, bu savolni ritorik deb hisoblash lozim, zero «Temir xonim» allaqachon Yaponiyaning hukmron Liberal-demokratik partiyasining yetakchisiga aylangan va 2025 yil 21 oktabrda Bosh vazir lavozimini egalladi.
Sanae Takaiti asosiy shiori «Yaponiyani yana cho‘qqiga ko‘tarish!» Bu shior Trampning «Amerikani yana buyuk qilamiz» shiorini aks ettirayotganga o‘xshaydi, ammo ikkalasi o‘rtasida tub farq bor. So‘nggi yuz yil ichida Amerika buyukligini saqlab qololdi, ammo urushdan keyingi Yaponiya, shubhasiz iqtisodiy muvaffaqiyatiga qaramay, itoatkorlik bilan Qo‘shma Shtatlar ortidan ergashdi. Yadro quroliga yoki hatto sharmandali tarzda «O‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlari» deb nomlangan o‘z armiyasiga ega bo‘lish huquqidan mahrum bo‘lgan Kunchiqar mamlakati patsifist konstitutsiyaga tayandi.
Biroq, avlodlar almashinuvi Yaponiyada beiz bo‘lmadi. XXI asrda millatchi va hatto jangari pozitsiyaga ega siyosatchilar paydo bo‘ldi. Bunday shaxslardan biri marhum Bosh vazir Sindzo Abe edi. Takaiti xonim uning mafkuraviy vorisi hisoblanadi. U Tramp darajasidan uzoq bo‘lsa-da, u shuningdek, haddan tashqari harakatlarga va xavfli g‘oyalarga moyil. Masalan, u konstitutsiyaga zid ravishda Yaponiya orollariga Amerika yadroviy qurollarini joylashtirishni taklif qildi. Chunki, albatta, buyuk davlat tish-tirnog‘igacha qurollangan bo‘lishi kerak.
Bu pozitsiya, turgan gap, Yaponiya bilan uzoq vaqtdan beri chuqur tarangliklarga ega bo‘lgan Xitoyga yoqmaydi. Yaqinda bu masala bo‘yicha ommaviy diplomatik janjal ko‘tarildi. Sanae Takaiti Tayvan mintaqasidagi harbiy inqiroz Yaponiya uchun «ekzistensial tahdid» tug‘dirayotgani va bu tahdid Yaponiyani «kollektiv mudofaa huquqidan foydalanishga» majbur qilishi mumkinligi borasida ehtiyotsizlikka yo‘g‘rilgan bayonoti berdi.
Ma’lumki, XXR Xitoy Respublikasi Tayvan Xitoy respublikasini o‘z hududining ajralmas qismi deb biladi. Garchi dunyo mamlakatlarning aksariyati Tayvan mustaqilligini tan olmasa-da, ko‘pchilik u bilan norasmiy munosabatlarni olib boradi va Qo‘shma Shtatlar Tayvanga bevosita homiylik qiladi va o‘z himoyasiga oladi. Shu sababli Tayvan masalasi materik Xitoy uchun juda nozik masala bo‘lib, Yaponiya Bosh vazirining bayonoti, Xitoy nuqtayi nazaridan, to‘g‘ridan to‘g‘ri provokatsiya deb qabul qilindi.
Yaponiya Bosh vazirining so‘zlariga javoban, Osakadagi Xitoy bosh konsuli ijtimoiy tarmoqlarda agar u o‘ziga taa’luqli bo‘lmagan masalalarga burnini chiqaversa, u holda «Takaiti xonimning iflos boshini uzib tashlash» bilan tahdid qildi. Keyinchalik post o‘chirildi, ammo baribir katta janjalga sabab bo‘ldi. Yaponiyaning yangi Bosh vaziri har qanday qizil chiziqdan osongina o‘tib ketishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.
Boshni uzib tashlash iborasi ham tasodif emas. Ko‘rinishidan, xitoylik diplomat 1930 yillardagi Xitoy-Yaponiya urushi paytidagi mashhur Nankin qirg‘iniga ishora qilgan. O‘sha paytda yapon qo‘shinlari yuz minglab xitoylik fuqarolarni qirib tashlagan va ba’zilari hatto samuray qilichlari bilan himoyasiz fuqarolarni boshini kesishda musobaqalashgan. O‘sha yillardagi yaponlarning vahshiyligi nafaqat Xitoyni, balki butun dunyoni larzaga keltirgan.
Takaiti muntazam ravishda Yasukuni ziyoratgohiga tashrif buyuradigan siyosatchilardan biri ekanligini hisobga olsak, u yerda yapon urushida halok bo‘lganlar, jumladan, qatl etilgan urush jinoyatchilari xotirasi yodga olinadi, bu ishora juda aniq edi. Janjal shu qadar avj oldiki, Yaponiya rasmiylari Xitoy bilan yuzaga kelgan ziddiyatdan so‘ng Qo‘shma Shtatlardan jamoatchilik yordamini so‘radilar. Biroq, Takaiti xonimning o‘zi bu vaziyatdan xavotirlanmagan ko‘rinadi.
Yaponiya Bosh vazirining boshqa ustuvor yo‘nalishlari qatoriga «an’anaviy yapon qadriyatlarini» tiklash, ommaviy axborot vositalari ustidan davlat nazoratini o‘rnatish va immigratsiya siyosatini kuchaytirish kiradi. Qizig‘i shundaki, Sanae Takaitining butun faoliyati feminizmning tantanasidek tuyulsa-da, biroq u feministik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Bundan tashqari, u ayollarning imperatorlik taxtiga voris bo‘lishiga qarshi, garchi so‘rovlar shuni ko‘rsatsa-da, yapon xalqining 81 foizi ayolning taxtga o‘tirishiga qo‘shiladi. Takaiti shuningdek, ayollarning turmush qurgandan so‘ng erining familiyasini olish o‘rniga o‘z familiyalarini saqlab qolishlariga qarshi. Shunga qaramay, negadir uning eri xotinining familiyasida yuradi.
Ko‘rinishidan, Takaiti boshqalar qilolmaydigan ishni qila oladi. Bir paytlar tomda yashaydigan Karlsson faqat bitta haqiqiy xayriya maqsadi borligini aytgan, u ham bo‘lsa — Karlsonga g‘amxo‘rlik qilish. Sanae Takaiti ham shunga o‘xshash fikrda: feminizm faqat bitta odamga, ya’ni Takaitining o‘ziga tegishli bo‘lishi kerak.
Sobiq Bosh vazir Fumio Kisida Takaiti qarashlarini shunchalar o‘ng qanot deb hisoblaganki, hatto uni «Tolibon Takaiti» deb atagan. Va buning uchun ba’zi asoslar bor edi. 2014 yili ayol neonatsist Milliy sotsialistik ishchilar partiyasi yetakchisi Yamada Kazunari bilan suratga tushgan. Biroq, so‘nggi yillarda Takaiti o‘zini «mo‘tadil konservativ» deb atashni afzal ko‘rib, ritorikasini yumshatdi.
Shunga qaramay, bu «mo‘tadil konservativ» o‘z lavozimida turli sohalarda dabdabali harakatlar bilan o‘z nomini qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, u agressiv fiskal rag‘batlantirish orqali milliy iqtisodiyot changini qoqishga harakat qildi. Biroq, natijalar salbiy bo‘ldi: investorlar asabiylashdi, bozorlar titradi, iyena quladi va mamlakat «Takaiti effekti»ni boshdan kechirdi.
Ammo Sanae Takaiti siyosiy qarashlari va kundalik dunyoqarashidan qat’i nazar, uning irodali, qat’iyatli va katta maqsadlarga erishishga tayyor siyosatchi ekanligi aniq. Bundan tashqari, ommaviy nutqlar paytida uning yuz ifodasi notanish odamlarni qo‘rqitishi mumkin — go‘yo u doimo tishlarini g‘ichirlatayotgandek tuyuladi.
Biroq, u o‘zini yaxshi nazorat qilayotganga o‘xshaydi. Takaiti xonim Yaponiya hukumatidagi turli bo‘limlarni, jumladan, Xalqaro savdo va sanoat bo‘yicha davlat kotibi, Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirining katta o‘rinbosari lavozimlarini boshqargan; u bir necha bor Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vaziri lavozimida ishlagan. Agar uni ichidagi jinlar qiynayotgan bo‘lsa ham, u buni yashirishda va kuchini martaba va siyosiy maqsadlariga erishish uchun yo‘naltirishda mohir.
To‘g‘ri, Yaponiyaning siyosiy tizimi shunday tuzilganki, Bosh vazir mutlaqo mustaqil shaxs emas va hukmron partiyaga juda bog‘liq. Ehtimol, Takaiti mashhur bo‘lmagan choralarni ko‘rish uchun ilgari surilgan, shundan so‘ng u o‘z lavozimini tark etadi. Shunday bo‘lishi ham mumkin. Biroq, Markaziy Osiyo rahbarlari boshqa birov bilan emas,aynan u bilan muzokara olib borishlari kerak bo‘ladi.
Tanlash imkoniyatisiz
Yuqorida aytilganlarning barchasiga qaramay, Yaponiya bilan bo‘lajak muzokaralar mintaqa mamlakatlari uchun hech qanday muammo tug‘dirmaydi, agar faqat Kunchiqar mamlakati o‘zini Yevropa Ittifoqi ruhida, ya’ni mas’uliyatli va madaniyatli sherik sifatida ko‘rsatganligi uchun.
Biroq, Yaponiya bilan kelishuvlar Markaziy Osiyo uchun yaxshi natijalarni berishi mumkin.
Birinchidan, bu sheriklikni diversifikatsiya qiladi. Yaponiyaning muqobil investor va yangi texnologiyalar manbai sifatida paydo bo‘lishi mintaqa mamlakatlarining mahalliy bozordagi ikki asosiy o‘yinchi — Xitoy va Rossiyaga qaramligini kamaytiradi.
Ikkinchidan, bu mintaqadagi mamlakatlar uchun ekologik muammolar hayot-mamot masalasiga aylanib borayotgan bir paytda, raqamlashtirishdan tortib «yashil iqtisodiyot»gacha bo‘lgan ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lishni anglatadi.
Uchinchidan, bu infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni anglatadi. Yaponiya temir yo‘llar, portlar, suv ta’minoti tizimlari va energetikani modernizatsiya qilishga sarmoya kiritishi mumkin.
To‘rtinchidan, bu qayta ishlash, infratuzilma, logistika va inson kapitali kabi resurs bo‘lmagan sohalarga, xususan, ta’lim dasturlari, amaliyotlar va davlat boshqaruvi tajribasi almashinuviga investitsiyalarni anglatadi.
Beshinchidan, bu Markaziy Osiyo mamlakatlarining siyosiy salmog‘ini oshirishi va ularning global maydondagi mavqeini mustahkamlashi mumkin.
Biroq, salbiy tomonlari ham mavjud. Masalan, yirik infratuzilma loyihalari ustida ishlayotgan mamlakatlar yangi qarzlarga botishi xavfi mavjud. Bundan tashqari, yapon investorlari manfaatlari uchun respublikalar o‘rtasida ichki raqobatni istisno qilib bo‘lmaydi. Va nihoyat, asosiy mintaqaviy o‘yinchilar — Xitoy va Rossiyadan salbiy munosabat bo‘lishi ehtimoli juda yuqori.
Albatta, na Xitoy, na Rossiya ultimatum qo‘ymaydi yoki mintaqa respublikalarini o‘zlari yoki Yaponiya o‘rtasida tanlov qilishga majburlamaydi. Biroq, Yaponiyaning Markaziy Osiyo siyosiy va iqtisodiy maydoniga kirishiga munosabat Xitoy va Rossiya uchun yoqimsiz holat bo‘ladi. Ikkala holatda ham ikkala gigant uchun ham g‘azablantiruvchi omillar mavjud bo‘lib, Yaponiyaga mintaqada do‘stona bo‘lmagan va istalmagan mamlakat deya qaraladi. Rossiya va Kunchiqar mamlakati «shimoliy hududlar» deb ataladigan hududlar bo‘yicha uzoq vaqtdan beri muammoga ega. Bundan tashqari, Yaponiya Ukrainani ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan. Shu bilan birga, xitoyliklar yapon harbiylarining jinoyatlarini yaxshi eslashadi va Takaitining hozirgi pozitsiyasi ularni tushunarli darajada g‘azablantiradi. 2000 va 2010 yillari Xitoy rahbariyati o‘z fuqarolariga yaponlarning hammasi bir xil emasligini va ular orasida yaxshi odamlar borligini tushuntirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, Xitoyda umumiy antiyapon kayfiyati hali ham hukmronlik qiladi.
Nima bo‘lgandayam, Yaponiya bilan hamkorlik shubhasiz Markaziy Osiyo respublikalari uchun foydali va istiqbolli rejadir. Davlat rahbarlari kelishib olgan har qanday bitim byurokratik va korrupsion muammolar tufayli kechiktirilishi mumkin. Ammo bu butunlay boshqa tartibdagi masala.
-
28 noyabr28.11S5 uchun Ozarbayjon ilovasiIlhоm Aliyev Markaziy Osiyo uchun begona emas -
17 noyabr17.11«Buyuk davlatlarga Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy muammolari qiziqmas»Qozog‘istonlik tarixchi Burkitbay Ayagan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va mintaqadagi dolzarb muammolar haqida -
14 oktyabr14.10O‘rta asrlar tomon ortga bir qadamNima uchun Qirg‘iziston o‘lim jazosini tiklamasligi kerakligi haqida -
17 sentyabr17.09Xatarli hamkorlikNima uchun xitoyliklar bilan munosabat qilish qiyin, garchi dastlab osondek tuyulgan bo‘lsada? Mavzu shu haqda -
09 sentyabr09.09Qonundagi soqollilar«Tolibon»ni tan olish nimalarga olib boradi? -
09 sentyabr09.09Ezgulik va yovuzlikni farqlashNega migrantlarning Rossiyada «o‘z odami» bo‘lishi shunchalar qiyin?

