Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi uzoq davom etib kelayotgan mojaro 27 fevralь kuni «ochiqchasiga urush» darajasiga yetib keldi. Mojaro xalqaro hamjamiyat diqqatini tortdi. Pokiston yadroviy qurolga ega ekani va Afg‘oniston Islom Amirligi deb atalmish davlat arxaik rejimlardan biri bo‘lib, u faqat Rossiya tomonidan rasman tan olingani hisobga olinsa, bu holat ajablanarli tuyulmaydi. Biroq, AQSh va Isroilning Eronga qo‘shma hujumi Afg‘oniston-Pokiston urushini yangiliklardan chetga surib qo‘ydi. Biroq, yaqindan ko‘rib chiqilsa, uning dunyo uchun ahamiyati Eron oyatulloh rejimini ag‘darishga urinishdan kam emas va ehtimol undan ham muhimroqdir. Lekin bu masalaga yotig‘i bilan yondashamiz.
Terror doyasi
Ikki musulmon mamlakati o‘rtasidagi hozirgi qarama-qarshilikning ildizlari mintaqaning mustamlaka tarixiga borib taqaladi. 1893 yili Afg‘oniston va Britaniya Hindistoni o‘rtasida chegara o‘rnatilgan, unga hozirgi Pokiston hududlari ham kirgan. Bu Dyurand chizig‘i deb nomlangan bo‘lib, Afg‘oniston amiri Abdurahmon Xonni xalqaro chegaraga rozi bo‘lishga ko‘ndirgan Britaniya Hindistoni Tashqi ishlar vaziri Genri Mortimer Dyurand sharafiga nomlangan. Bu «chiziq» kamida 2640 kilometrga cho‘zilgan. O‘sha davrdagi mustamlakachilik odatlariga muvofiq, chegara mahalliy xususiyatlarni, xususan, bu hududlarda an'anaviy ravishda pushtun qabilalari yashagani e'tiborga olinmagan. Natijada, Dyurand chizig‘i qarindosh jamoalarni ikkiga bo‘lib, mavjud aloqalarni buzgan va oxir-oqibat vaqt kelib portlaydigan bombaga aylangan.
Asosiy muammolar 1947 yili, Pokiston mustaqillikka erishgandan so‘ng boshlangan. 1949 yil iyulь oyida Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar shu qadar yomonlashganki, Dyurand chizig‘i bo‘ylab bir nechta qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng, Afg‘oniston rasmiylari Kobul «xayoliy chegara»ni tan olmasligini va bu masala bo‘yicha avvalgi barcha kelishuvlar noqonuniy ekanini e'lon qilishgan.
Mustaqil pushtun davlati — Pushtunistonni tuzishga urinishlar qiyin vaziyatni yanada murakkablashtirgan. 1949 yil avgust oyida Pokistonning Tirah shahrida sharqiy pushtun qabilalari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Unda Pushtunistonning tashkil topgani e'lon qilingan, Milliy Assambleya saylangan va davlat bayrog‘i tasdiqlangan. Ushbu sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlagan Afg‘oniston hukumati 31 avgustni Pushtuniston milliy kuni sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Biroq, urinishlar muvaffaqitsiz tugagan: Pokiston yangi davlatni tan olmagan va ikkilanmasdan isyonkor pushtun qabilalari hududlarini ham, Afg‘onistonning o‘zini ham bombardimon qila boshlagan. 1950 yili Pokiston hukumati Afg‘onistonga qarshi harbiy kuch ishlatish bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid qiladi. Keyinchalik, pushtunlar nafaqat Afg‘onistonda, balki Pokistonda ham muhim rol o‘ynagani va 1950 va 1960 yillarda ular hukumatda ham, armiyada ham yuqori lavozimlarni egallaganligi o‘zaro ziddiyatlarni biroz yumshatadi. Biroq, pushtun masalasi hal qilinmasdan qoladi.
1970 yillarda Pokiston Bosh vaziri Bhutto baluj va pushtun millatchilari qo‘zg‘olonini bostirgandan so‘ng, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar yana yomonlashgan. Biroq, 1977 yili pushtunlarda o‘z avtonomiyalarini tuzish imkoniyati paydo bo‘ladi, buning evaziga Afg‘oniston mamlakatlar o‘rtasidagi barcha hal qilinmagan masalalarni hal qilishga tayyor bo‘ladi. Biroq, bu hodisa amalga oshmay qolgan.
Pushtunlar masalasi keskinligi asta-sekin pasayadi, ammo u hal qilinmay qolib ketadi.
1979 yili Sovet Ittifoqining Afg‘onistonga bostirib kirishi siyosiy muvozanatni yana o‘zgartiradi. Sovet-Afg‘on urushi tugagandan so‘ng, Pokiston razvedkasi toliblarni* o‘qitish va tayyorlashni boshlaydi.
«Afg‘on «Tolibon»ining* doyasi Pokistonning idoralararo razvedka (ISI) bo‘lgan... Ommaviy axborot vositalari xuddi o‘sha «Tolibon» hokimiyat tepasida turgan Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi yangi jangovar harakatlarni sharhlay boshlaganida buni yodda tutish kerak. Kuni-kecha Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Osif ularga qarshi «ochiq urush»ni e'lon qilarkan, «Tolibon» harakatining siyosiy kelib chiqishining aynan mana shu xususiyatiga ishora qilib, «ikki davlat yaqinligidan kelib chiqib, Pokiston armiyasi o‘zining dushmanini va va uning zaif tomonlarini yaxshi bilishini» ma'noli ravishda qo‘shimcha qildi», — deb yozadi siyosatshunos Arkadiy Dubnov.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda ilk bor hokimiyat tepasiga kelganlarida (1996-2001) toliblar islomiy radikallar orasidan o‘z mavqeiga ega bo‘lishga urinib, mamlakatga «Al-Qoida»ni* taklif qilgan, bu esa, keyinchalik bilganimizdek, ular intihosining boshlanishi bo‘lgan. Biroq, bundan yaxshi saboq olishmagan: toliblar 2021 yili yana hokimiyat tepasiga kelishganida Pokiston «Tolibon»iga (Tehrik-i Taliban Pokiston *, TTP) o‘z hududlarida boshpana berishgan va pokistonlik toliblar islom dunyosidagi yagona yadroviy davlat bo‘lmish Pokiston hukumatiga qarshi kurasha boshlagan.
«Qasos operatsiyalari»
Dastlab Pokistonning toliblar Afg‘onistoni bilan munosabatlari ancha do‘stona bo‘ldi. Biroq, bir necha yillar davomida ular asta-sekin yomonlashdi. Kelajakdagi muammolarning birinchi belgisi 2021 yili toliblar vakili Zabihulloh Mujohidning Pokiston davlat tizimining islomiy mohiyatini ochiqchasiga rad etgan nutqi bo‘ldi. 2022-2024 yillari mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar, asosan, bir-birini tanqid qilish tufayli barqaror ravishda soviy boshladi. Shu tariqa, «Tolibon» yetakchisi mulla Haybatulloh Oxundzodaning Pokiston qonunlarini islomga zid deb atagan nutqidan parcha chop etildi. Poytaxti Islomobod bo‘lgan pokistonliklar uchun buni eshitish har qanday holatda ham haqoratli edi.
Qanday bo‘lmasin, 2025 yilga kelib munosabatlar keskin yomonlashdi. Yuqorida aytib o‘tilgan sabablarga qo‘shimcha ravishda, boshqalari ham bor edi. Ulardan biri 2023 yili boshlangan afg‘on qochqinlarini Pokistondan deportatsiya qilish kampaniya edi. Xuddi shunday muhim sabablardan biri toliblarning Pokistonning an'anaviy dushmani Hindiston bilan yaqinlashuvi bo‘ldi, zero Islomobod 2025 yil bahorida hindlar bilan deyarli keng ko‘lamli urushga kirgan edi. Bundan tashqari, Pokiston toliblarni TTP jangarilariga boshpana berishda aybladi.
Qo‘shnilar o‘rtasidagi o‘zaro taranglik shu darajaga yetdiki, 2025 yil oktyabr oyida Afg‘oniston-Pokiston chegarasida qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Pokiston toliblarni TTPni qo‘llab-quvvatlashda aybladi va toliblar esa Pokistonning Afg‘onistondagi nishonlarga bergan zarbalariga javoban «qasos operatsiyasi» boshlaganini da'vo qildi. Shunga qaramay, Qatar va Turkiya vositachiligida tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldilar.
Biroq, tinchlik shartnomasi uzoq davom etmadi.
2026 yil 6 fevralda Islomoboddagi shia masjidida terakt sodir bo‘lib, bir necha o‘nlab insonlar halok bo‘ldi. 19 fevralь kuni portlovchi moddalar ortilgan avtomobil Bajaur viloyatidagi nazorat-o‘tkazish punktiga bostirib kirishi oqibatida 11 askar va bir bola halok bo‘ldi. Pokiston rasmiylari hujumchi Afg‘oniston fuqarosi bo‘lganini ta'kidlashdi. 2 fevralь kuni yana bir terakt sodir bo‘ldi: Pokistonning Bannu tumanida xudkush-terrorchi harbiy karvonga hujum qildi, natijada ikki askar halok bo‘ldi.
22 fevral kuni Pokiston harbiy-havo kuchlari Afg‘onistonning sharqiy viloyatlari – Nangarhor va Paktikaga bir qator havo zarbalarini berdi. Pokiston rasmiylarining aytishicha, zarbalar TTP jangarilarining lagerlari va boshpanalari nishonga olgan. Pokiston harbiylari chegaradagi yetti nishonga berilgan zarbalarda kamida 80 nafar jangari yo‘q qilinganini ma'lum qildi. Afg‘oniston tomoni esa aslida tinch aholi manzillari, jumladan, madrasalar bombardimon qilingani, natijada besh talaba halok bo‘lganini ma'lum qildi. Afg‘oniston oliy rahbarining matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid o‘nlab tinch aholi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgani va yaralangani haqida xabar berdi.
26 fevral kuni afg‘on harbiylari Dyurand chizig‘i bo‘ylab keng ko‘lamli operatsiya boshlanganini e'lon qilishdi. Afg‘oniston, afg‘on manbalariga ko‘ra, 15 dan ortiq chegara postlarini o‘z nazoratiga olgan. Shu bilan birga, afg‘on tomoni bu harakatlar «mudofaa xarakteriga ega» ekani va keyingi aviazarbalar oldini olishga bo‘lgan harakat ekanini ta'kidladi. Shu bilan birga, afg‘onlar Haybar va Qurram hududlarida Pokiston qo‘shinlarini artilleriyadan o‘qqa tutganini ma'lum qildi.
27 fevralda Pokiston havo hujumlarining ikkinchi to‘lqini boshlanganini e'lon qildi. Nangarhor va Paktiya provintsiyalari, shuningdek, Qobul va Qandahor yaqinidagi ob'ektlarga hujum qilindi. O‘q-dorilar ombori va qo‘mondonlik punkti zarbaga uchragani xabar qilindi va Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Osif Afg‘oniston bilan «ochiqchasiga urush» boshlanganini e'lon qildi.
To‘qnashuvlar Afg‘onistonning olti chegara viloyati – Nangarhor, Nuriston, Kunar, Xost, Paktiya va Paktikani qamrab oldi. Pokiston hududida — Chitral, Haybar, Mohmand va Qurram viloyatlarida otishmalar qayd etilgan.
28 fevralga o‘tar kechasi Afg‘oniston Harbiy-havo kuchlari Pokiston harbiy ob'ektlariga zarbalar berdi. Natijada, afg‘on tomonining ma'lum qilishicha, bazalar vayron qilingan va Pokiston armiyasi katta yo‘qotishlarga uchragan. Afg‘oniston Mudofaa vazirligi hujum Pokistonning «muntazam havo hujumlariga» javob ekanini ta'kidladi.
1 mart kuni Afg‘oniston Pokistondagi harbiy ob'ektlarga yangi havo hujumlarini boshladi. Pokiston Axborot vaziri Attaulla Tarar Afg‘oniston tomoni mojarolar davomida 995 kishini yo‘qotganini, ular o‘lgan va yaralangan odamlardan iborat ekanini ta'kidladi. O‘sha kuni kechqurun AFP agentligi Kobulda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlagani va portlashlar yuz bergani haqida xabar berdi.
Mojaro qancha vaqt davom etishi mumkin?
Saudiya Arabistoni va Qatarning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha diplomatik sa'y-harakatlariga qaramay, janglar davom etmoqda. Mojarodan nafaqat mintaqa davlatlarini, balki butun jahon hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi urushning o‘zi xavfli va o‘ta beqarorlashtiruvchi omil. Boshqa narsalar bilan bir qatorda, hozirgi vaziyat to‘qnashuvda bevosita ishtirok etayotgan TTPni hisobga olmaganda, «Al-Qoida» va «Islom davlati»* kabi turli xil terrorchilik tashkilotlarining faollashuvi bilan to‘la.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT ekspertlari Afg‘onistonda 20 dan ortiq turli terrorchilik guruhlarini hisoblab chiqqan edi. Endi bu ari uyasi o‘z maqsadlariga erishish uchun mojarodan foydalanishi mumkin.
Voqealarga xalqaro hamjamiyatning munosabati aniq bo‘ldi. Urushayotgan tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan davlat va tashkilotlar orasida Qatar va Saudiya Arabistonidan tashqari O‘zbekiston, Xitoy, Eron, Turkiya, Rossiya, shuningdek, BMT Bosh kotibi Guterrish ham bor.
Hozir hammani tashvishga solayotgan asosiy savol — bu mojaro qanchalik uzoqqa boradi? Ikki yadroviy davlat — Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar nihoyatda keskinlashgan 2025 yilning bahoridan farqli o‘laroq, hozirda hech kim yadroviy qiyomatni kutmayotganga o‘xshaydi. Pokistonning yadro qurolidan foydalanishiga hojat yo‘q: oddiy qurollar bo‘yicha u Afg‘onistondan jiddiy ustun turadi. Biroq, toliblar Afg‘onistonda o‘rnashgan turli terrorchi guruhlardan foydalangani holda bu ikki davlat o‘rtasidagi urush nazariy jihatdan gibrid urushga aylanishi mumkin. Terrorizmning mintaqa bo‘ylab bunday tarqalishi esa jahon hamjamiyatini nihoyatda xavotirga solmoqda.
Qanday bo‘lmasin, yaqin kelajakda jangovar harakatlar tugashi yoki vaqti-vaqti bilan otishmalar sust bosqichga o‘tishi mumkin. Vaziyat butunlay vayron qiladigan urushga borib taqalishi dargumon; har ikki tomon uchun hozirgi mojaro ularning haq ekanini ta'kidlash uchun asosdir.
Hozircha dunyo Eronni kuzatar ekan, aynan shu yerda, 2640 kilometrlik chigal chegara bo‘ylab terrorizm mintaqaviy muammo bo‘lib qoladimi yoki yana global muammoga aylanadimi, degan savolga yechim topilmoqda.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.
-
01 mart01.03Oyatulloh Ali Xomanaiy oʻlimiAQSh va Isroil oyatulloh hukumatini kuch bilan agʻdarish niyatida Eronga hujum qilishdi -
25 fevral25.02Toliblar qullik va zulmga qonuniy tus berdilarAfg‘onistonning yangi jinoyat-protsessual kodeksi odamlarni sinflarga ajratadi va insonni sudsiz o‘ldirishga izn beradi -
16 fevral16.02Olovli, qizil va go‘zalQanday qilib ot xitoyliklar tavimida bebaho hayvonga aylangani haqida -
21 yanvar21.01Bulbul gul ishqida yongani kabiMarkaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi? -
22 dekabr22.12FotoTokio drayviYaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi -
18 dekabr18.12Oltovlon uchun sakeMarkaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor



