Qozog‘iston taqdiri bilan bog‘liq quvur

Qora dengizdagi tankerlarga qilingan hujumlar Qozog‘iston neft eksportini qanday qilib to‘xtatib qo‘ygani haqida
Tasvir neyrotarmoq yordamida yaratilgan / Fergana.agency

Qozog‘iston Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvurlar konsorsiumi (KQK) dengiz terminali yo‘nalishida neft tashishni vaqtincha to‘xtatdi. Bunday qarorga mamlakatni Qora dengiz akvatoriyasidagi tankerlarga qilingan qator dron hujumlari majbur qildi. Cheklovlar kamida joriy hafta oxirigacha amal qiladi: kema egalari tankerlarni yuklash uchun ushbu hududga yuborishdan xavotirlanmoqda. Ochiq dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan Qozog‘iston uchun bu oddiy logistika muammosi emas. Mamlakat neft eksportining 80 foizdan ortig‘i aynan ushbu quvur orqali amalga oshiriladi.

20 iyul kuni Nelsa tankeriga qilingan hujum neft tashuvini to‘xtatishga sabab bo‘ldi. Kema dengiz terminalining tashqi prichal qurilmasi yonida yukni qabul qilayotgan paytda dron zarbasiga uchradi, natijada yong‘in kelib chiqdi va ekipaj evakuatsiya qilindi. Bu iyul oyida terminal hududida hujumga uchragan beshinchi tanker bo‘ldi. Oy boshida Chevron tomonidan ijaraga olingan Yasa Polaris tankeri zarbaga uchragan edi. 17 iyul kuni esa Nordic Zenith tankeriga ikki marta hujum qilindi, unda yong‘in chiqib, keyinchalik neft yuklash uchun yaroqsiz holga keldi. 19 iyul kuni esa «Tengizshevroyl», Kashagan B.V. va «QazMunayGaz»ning sho‘ba tuzilmasi neftini tashiyotgan ASIA va NISSOS IOS kemalari hujumga uchradi.

Masalaning ahamiyatini bir nechta raqamlar orqali tushunish mumkin. 2025 yili uzunligi 1511 kilometr bo‘lgan Tengiz — Novorossiysk quvur tizimi orqali rekord darajadagi 70,52 million tonna neft tashilgan. Shundan qariyb 62,8 million tonnasi Qozog‘istonning uchta yirik konidan kelgan: Tengizdan — 36,6 million tonna, Qashag‘andan — 17 million tonna va Qorachig‘anoqdan — 9,2 million tonna. Qolgan hajmni Rossiya yetkazib beruvchilari ta’minlagan (Forbes Kazakhstan ma’lumotlari). O‘tgan yili Qozog‘iston jami 78,7 million tonna neft eksport qilgan va asosiy hajm aynan Kaspiy quvurlar konsorsiumi (KQK) magistrali orqali o‘tgan. Ta’kidlash joiz, bu jahon neft bozoridagi global ta’minotning qariyb 1 foiziga teng.

Marshrut quyidagicha ishlaydi: G‘arbiy Qozog‘iston konlaridan olingan neft Atirau viloyatidagi Tengiz hududida quvur tizimiga kelib tushadi, keyin Qozog‘iston–Rossiya chegarasini kesib o‘tib, Astraxan viloyati, Qalmiqiston, Stavropol o‘lkasi va Kuban orqali Novorossiysk chekkasidagi «Janubiy Ozereyevka» terminaliga yetib boradi. U yerda xom ashyo sohildan besh kilometr uzoqlikda joylashgan tashqi prichal qurilmalari orqali tankerlarga yuklanadi (2025 yilda terminal 587 ta kemani qabul qilgan). Shundan so‘ng CPC Blend neft aralashmasi jahon bozorlariga, asosan O‘rta yer dengizi va Yevropa neftni qayta ishlash zavodlariga yo‘naltiriladi. Qozog‘iston Yevropa Ittifoqiga neft yetkazib beruvchilar orasida ikkinchi o‘rinda turadi va uning nefti G‘arb sanksiyalariga tushmaydi, garchi terminal Rossiya hududida joylashgan bo‘lsa ham.

Ostonaning ushbu yo‘nalishga keskin bog‘liqligi geografiya va hisob-kitoblar bilan izohlanadi. Qozog‘istonda muqobil eksport kanallari mavjud, ammo ularning quvvati taqqoslab bo‘lmaydigan darajada past. 2025 yili Atirau — Samara neft quvuri orqali Rossiyaning «Transneft» tizimiga taxminan 11,1 million tonna neft yetkazib berilgan, Qozog‘iston–Xitoy quvuri orqali — 19,5 million tonna, Aqtau porti orqali Boku — Tbilisi — Jayhun yo‘nalishi bo‘yicha esa qariyb 3,2 million tonna neft eksport qilingan. KQK orqali o‘tayotgan 60 million tonnadan ortiq hajmni ushbu yo‘nalishlar orqali almashtirish jismonan imkonsiz.

Shu sababli, agar terminal uzoq muddatga to‘xtatilsa, Qozog‘iston uchun bu neft oqimlarini qayta yo‘naltirish emas, balki qazib olish hajmini qisqartirishni anglatadi. Konlarda neft saqlash uchun bo‘sh quvvatlar ko‘p emas, rezervuarlar to‘lgan taqdirda esa quduqlarni vaqtincha to‘xtatishga to‘g‘ri keladi.

Neft-gaz sohasi mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb beshdan bir qismini shakllantiradigan Qozog‘iston uchun bu iqtisodiyot va budjetga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba bo‘ladi. Tizimga bosim iyul oyidagi hujumlardan oldin ham sezilgan edi: 2026 yilning birinchi yarmida dengiz terminali orqali neft tashish hajmi 33,4 million tonnagacha kamaygan, holbuki bir yil oldin bu ko‘rsatkich 36 million tonnani tashkil etgandi.

KQKning o‘ziga xos jihati shundaki, uning infratuzilmasiga qilingan zarbalar birgina Rossiya va Qozog‘iston manfaatlariga ta’sir qilmaydi. Konsorsium davlatlar va xususiy korporatsiyalar o‘rtasidagi amaldagi hamkorlikning kamyob namunasidir. KQKda Rossiyaning ulushi 31 foizni tashkil etadi (shundan 24 foizi «Transneft» boshqaruvida, yana 7 foizi uning «KTK Kompani» tuzilmasiga tegishli). Qozog‘iston ulushi 20,75 foiz bo‘lib, uning 19 foizi «QazMunayGaz»ga, 1,75 foizi esa Kazakhstan Pipeline Ventures kompaniyasiga qarashli. AQSHning Chevron Caspian Pipeline Consortium Company kompaniyasi 15 foiz ulushga ega. LUKOILning LUKARCO tuzilmasiga — 12,5 foiz, ExxonMobil tarkibiga kiruvchi Mobil Caspian Pipeline Company'ga — 7,5 foiz, Rosneft-Shell Caspian Ventures qo‘shma korxonasiga — 7,5 foiz ulush tegishli. Shell guruhiga kiruvchi BG Overseas Holding va Italiyaning Eni International kompaniyalari har biri 2 foizdan, Oryx Caspian Pipeline esa 1,75 foiz ulushga ega.

Quvurga neft yetkazib beruvchi loyihalarda ham eng yirik G‘arb kompaniyalari ishtirok etadi. Tengiz konida Chevronning ulushi 50 foizni, ExxonMobilniki esa 25 foizni tashkil qiladi. Qashag‘anda Eni, Shell, ExxonMobil va TotalEnergies kompaniyalarining har biri 16,8 foizdan ulushga ega. Qorachig‘anoq loyihasiga Shell va Eni (har biri 29,25 foizdan) rahbarlik qiladi, Chevron esa 18 foiz ulush bilan ishtirok etadi. Ushbu ulushlar va 2025 yilgi yetkazib berish hajmlaridan kelib chiqib, KQK orqali haydalgan Qozog‘iston neftining qariyb 46 million tonnaga yaqini G‘arb yirik neft kompaniyalariga to‘g‘ri keladi. Bu umumiy hajmning taxminan to‘rtdan uch qismini tashkil etadi. Eng yirik yuk jo‘natuvchilar Chevron (qariyb 20 million tonna) va ExxonMobil (taxminan 12 million tonna) hisoblanadi.

Ostonaning hujumlarga munosabati odatdagidan ancha keskin bo‘ldi. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolik kemalariga qilingan zarbalarni mamlakat iqtisodiy manfaatlariga tajovuz deb baholadi, eksport infratuzilmasiga qilingan hujumlarni qoraladi va yetkazilgan zararni baholash, keyinchalik xalqaro huquq asosida uni qoplash talabini ilgari surish niyati borligini ma’lum qildi.

Rasmiy Kiyev dron hujumlariga aloqadorligini qat’iyan rad etdi. Ukrainaning Qozog‘istondagi elchisi Viktor Mayko hujumlarni Ukraina tomoni amalga oshirganini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini aytdi, «shoshma-shoshar va asossiz ayblovlar»dan saqlanishga chaqirdi hamda bu Rossiya tomonidan ushlab olingan dronlardan foydalangan holda uyushtirilgan provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qozog‘istonni, uning infratuzilmasini va iqtisodiy manfaatlarini harbiy nishon sifatida ko‘rmaydi.

Hujumlar ortida kim turganidan qat’i nazar, voqealarga kim mas’ul ekanini aniqlash masalasi ochiq qolmoqda: hozircha hodisalar bo‘yicha mustaqil tergov o‘tkazilmadi.

Yaqin kunlar tanaffus bir hafta bilan cheklanadimi yoki yo‘qmi, shuni ko‘rsatadi. Ammo hatto qisqa muddatli to‘xtashning o‘zi Qozog‘istonning yillar davomida saqlanib kelayotgan zaif jihatini ochib berdi. Eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish — Kaspiy dengizi, Ozarbayjon va Turkiya orqali yoki Xitoy tomon yo‘nalishlar bo‘yicha — masalasi Ostonada bir necha yildan beri muhokama qilinmoqda. Biroq hozircha Novorossiyskka olib boruvchi quvurga tezkor muqobil variant mavjud emas.

Mamlakat neft eksportining 80 foizdan ortig‘i jangovor dronlar yetib borishi mumkin bo‘lgan hududdagi yagona terminalga bog‘liq bo‘lib qolar ekan, Qora dengizdagi har qanday yangi hujum Qozog‘iston iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsataveradi.

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor

  • Ilhоm Aliyev Markaziy Osiyo uchun begona emas