O‘zbekistonda bundan buyon FHDYO organlari nikohlanuvchi shaxslardan tibbiy ko‘rik natijalariga oid ma’lumotnoma talab qilmaydi. Poliklinikalar ushbu ma’lumotni onlayn axborot platformalari orqali avtomatik ravishda FHDYO bo‘limiga yuboradilar. Bu tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida adliya tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Islohot harbiy xizmatchilarga ham ta’sir qiladi. Xususan, mudofaa idoralariga yashash joyini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni talab qilish taqiqlanadi. FHDYO bo‘limlarida bo‘lgani kabi, bunday ma’lumotlar davlat organlari o‘rtasida integratsiyalangan onlayn xizmatlar orqali taqdim etiladi. Umuman olganda, fuqarolar tomonidan 30 turdagi hujjat topshirishni bekor qilish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, adliya tizimida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Jumladan, hududlarda 202 ta Davlat xizmatlari markazi qurildi. Bugungi kunda 500 dan ortiq davlat xizmatlari “bir darcha” tamoyili asosida ko‘rsatilmoqda. Ilgari soatlab, kunlab kutilgan ma’lumotlar hozir 5-10 daqiqada olinyapti.
Lekin bu borada hali qilinadigan ishlar ko‘p. Davlat idoralari o‘rtasida elektron hamkorlik yetarli emasligi byurokratik to‘siqlarga sabab bo‘lmoqda. 200 dan ortiq davlat xizmati hamon eskicha usulda ko‘rsatilyapti.
Bu amaldorlarni islohotlarni faolroq boshlashga undadi. Prezidentga ma’lum qilindiki, kelgusi uch yilda davlat xizmatlari 900 taga yetkaziladi. Yiliga 80 ta xizmat “3 qadam” tamoyili asosida soddalashtiriladi. Aholi gavjum joylar va olis mahallalarda 1 ming 100 ta interaktiv kiosk o‘rnatiladi.
Bugungi kunda notariuslar odamlarga 80 dan ortiq turdagi xizmat ko‘rsatyapti. Lekin onlayn xizmatlar ulushi juda kam – 11 foiz. Davlat rahbari raqamlashtirish orqali fuqarolarga qulayliklarni oshirish zarurligini ta’kidladi. 2025-2027 yillarda bosqichma-bosqich 20 ta notarial harakat onlayn rasmiylashtirishga o‘tkazilishi belgilandi. Shuningdek, notarial xizmatlar ko‘rsatishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning aslini talab qilish bekor qilinib, buni FACE-ID orqali aniqlash tartibi yo‘lga qo‘yiladi.
Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida 64 turdagi ekspertiza xizmatlari o‘tkazilyapti. Lekin hududlarda buning yarmi ham yo‘q. Shuning uchun ekspertiza bo‘yicha yangicha yondashuv qilish, hududiy ekspertiza markazlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, bu orqali ulardagi ekspertiza turlarini qo‘shimcha ravishda 15 tadan 25 tagacha ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Ekspertizaning yangi turlarini joriy etishda raqamli texnologiyalardan, inson omili yo‘q dasturlardan keng foydalaniladi. Surishtiruv, tergov organlari va ekspertiza muassasalari o‘rtasidagi hujjatlar almashinuvi to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Avtohalokat joyini 3D modellashtirish, videotexnika va fototexnika ekspertizasi kabi yangi xizmatlar tatbiq etiladi. Prezident nodavlat sud-tibbiyot ekspertizasi faoliyatini kengaytirish, jismoniy shaxslarga bunday amaliyotni alohida byurolar shaklida o‘tkazish imkonini berish g‘oyasini ham qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan birga, respublikada O‘zbekiston sud ekspertlari palatasi tashkil etiladi.
Aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida «Aqlli targ‘ibot» tizimi va AdliyaTV internet-platformasi ishga tushiriladi, unda mutaxassislar qonunchilikdagi jihatlarni sodda va tushunarli tilda sharhlaydi.
Vazirlik va idoralar huzuridagi organlarga idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish huquqi beriladi. Bunday hujjatlarni qabul qilish tartib-taomillari soddalashtiriladi, muddatlar esa ikki barobarga qisqartiriladi.
Ta’kidlanishicha, Mirziyoyev yig‘ilishda bildirilgan takliflarni hayotga tatbiq etish yuzasidan farmon va qarorlarni imzolagan.