Amerikaning Oppenheimer investitsiya kompaniyasi O‘zbekistonning Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan bir qator loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda Markaziy Osiyo respublikasining ushbu viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning matbuot xizmati xabar berdi.
Tegishli kelishuvga Abdurahmonov va Oppenheimer kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jon Tonelli o‘rtasida O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishildi.
Muzokaralar davomida bir qancha yirik loyihalar muhokama qilingan. Xususan, qiymati 180 million dollarlik sanoat zonasini tashkil etish masalasi. Mazkur zona hududida to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy korxonalar qurish rejalashtirilgan.
Tomonlar viloyatda «Sun’iy ko‘l» qurilishini birgalikda amalga oshirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdilar. Bunday nomdagi loyiha 20 million dollarga baholanmoqda. Bu Xonobod shahrini mahalliy aholi va xorijlik mehmonlarni qiziqtiradigan sayyohlik markaziga aylantirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, Amerika kompaniyasi qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan «Yangi Andijon» shaharsozlik loyihasiga sarmoya kiritish niyatini bildirgan.
ℹ️ Oppenheimer investitsiya kompaniyasi Nyu-Yorkda joylashgan bo‘lib, u moliyaviy, investitsiya va brokerlik xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Bu o‘z sohasida Qo‘shma Shtatlardagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.