O‘zbekiston Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (Mehnat vazirligi) Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani hokimi o‘rinbosari fuqarolarni paxta terimiga majburlagani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Mansabdor shaxs 20,6 million so‘m (1650 dollar) miqdorida jarimaga tortildi.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, vazirlik xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan majburiy mehnatga oid ma’lumotlarga munosabat bildirgan. Nashrlarda yozilishicha, hokim o‘rinbosari mahalla faollariga «daladagi terimni bir kunda hal qilish» uchun besh-o‘n nafar fuqaroni paxta terimiga jalb etish vazifasini bergan. Agar topshiriq bajarilmasa, amaldor ularni ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilgan.
Vazirlik tomonidan tekshiruv o‘tkazilganda yuqoridagi holatlar tasdiqlangan, tuman hokimligi xodimiga bazaviy hisoblar miqdorining 50 baravari — 20,6 million so‘m miqdorida jarima solingan. Jarima O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi («Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish») asosida qo‘llanilgan. Bundan tashqari, mazkur jarima minimal hisoblanadi, bunday huquqbuzarlik uchun maksimal 100 BHM ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, vadirlik respublikada majburiy mehnat Mehnat kodeksining 5-moddasi bilan taqiqlanganligini eslatadi. Agar fuqarolar bunday hodisaga duch kelsa, ular darhol Mehnat vazirligining ishonch telefoniga xabar berishlari lozim.
ℹ️ Majburiy paxta terimi O‘zbekistonda o‘nlab yillar davomida qo‘llanilgan. Unga budjet va xususiy tashkilotlar xodimlari, talaba va maktab o‘quvchilari keng jalb etilgan. 2000 yillar o‘rtalarida Cotton Campaign tashkiloti Uzbek Cotton Pledge aksiyasini ni tashkil qilgan, unga 300 ga yaqin kiyim-kechak brendlari qo‘shilgan. Ular o‘zbek paxtasidan majburiy mehnatga barham berilmagunga qadar foydalanmaslikka va’da berishgan.
Ammo so‘nggi yillarda respublikada bu borada katta yutuqlarga erishilgani xalqaro ekspertlar tomonidan qayd etilgan. 2022 yil mart oyida Cotton Campaign o‘zbek paxtasiga nisbatan boykotini bekor qildi. O‘sha yilning kuzida Qo‘shma Shtatlar ushbu turdagi xom ashyoni bolalar va mazlumlar ishtirokida ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi.