O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining uchala o‘rinbosarini ishdan bo‘shatdi. Shohrux Daliyev, Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzruxonovlar davlat rahbarining fikricha, sohadagi islohotlarning mazmun-mohiyatini to‘liq anglamagani uchun o‘z lavozimlaridan ayrilgan. Bu haqda respublika rahbari ixtisoslashtirilgan yig‘ilishda ma’lum qildi, deya xabar beradi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.
«To‘g‘ri, maktabgacha va maktab ta’limida o‘zgarishlar bo‘lyapti, dasturlar ishlayapti, natijalar bor. Lekin kasb-hunar va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar haligacha ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetgani yo‘q», — dedi prezident.
Shu bilan birga, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘ratbay Sharipov o‘z lavozimini saqlab qoldi.
Oliy ta’lim vazirligi rahbarining o‘rinbosarlaridan tashqari ushbu boshqarma huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyev ham lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, Prezident farmoni va qarori bilan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adxam Xudaykulov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
Mirziyoyev endilikda maktabgacha va maktab ta’limi hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirlari, ularning o‘rinbosarlari, hokimlar preventiv va proaktiv ishlashga o‘tib, ta’limning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilishi shartligini ta’kidladi.