O‘zbekistonda 12 yillik o‘rta ta’lim tizimiga — boshqa formatda qaytiladi

«Gazeti.uz» sayti fotosurati

O‘zbekiston hukumati 12 yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etishga qaror qildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali efirida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov ma’lum qildi, deb yozadi «Gazeta.uz».

Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, o‘n ikki yillik tizimga o‘tish deyarli 100 foiz bolalarni qamrab olgan maktab ta’limi tuzilmasiga tayyorgarlik guruhlarini birlashtirish orqali bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Islohotdan ko‘zlangan maqsad milliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirishdan iborat.

«Ya’ni mana shu tizimni ham maktab ta’limiga qo‘shib turib, 12 yillik ta’limga o‘tish bo‘yicha topshiriq berildi», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, yangi qoida maktab bitiruvchilari malakasini oshirish va abituriyentlarning xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirishi uchun to‘siqlarni bartaraf etishi kerak.

«Bugungi kunda xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirayotganda, bizning o‘quvchilarimiz bir yillik tayyorgarlik kurslarini (foundation courses), ya’ni boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha o‘qishga majbur bo‘lishyapti va bu bizning farzandlarimiz bir yil yo‘qotishiga olib kelyapti. Agarda biz 12 yillik ta’limni qonunchilikka kiritadigan bo‘lsak, bunda o‘quvchilar bir qator davlatlarda foundation kurslarini o‘qishga majbur bo‘lishmaydi va to‘g‘ridan to‘g‘ri bakalavr darajasiga kirib o‘qish imkoniyati yaratiladi», — dedi vazir o‘rinbosari.

«Gazeti.uz» ning yozishicha, prezidentning tegishli farmoni allaqachon tayyor. Undagi tushuntirish xatida 11 yillik model xalqaro ta’lim standartlariga javob bermasligi aytilgan. Xususan, har yili 15 mingga yaqin O‘zbekistondan xorijdagi bitiruvchilar qo‘shimcha tayyorgarlik kurslarida o‘qishga majbur bo‘lmoqda. Qiyosiy tahlil shuni ko‘rsatdiki, PISA-2022 tadqiqotida yetakchi o‘rinlarni egallagan mamlakatlarning 85 foizida ta’lim 12 yil davom etadi.

Amalda mavjud bo‘lgan 6 yoshli bolalar uchun bir yillik maktabga tayyorlov davri boshlang‘ich ta’lim tarkibiga o‘tkaziladi. Buning uchun 3666 ta maktab hamda 1013 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida yangi tartibdagi maktabga tayyorlov tashkil etiladi. Boshlang‘ich ta’lim mutaxassislarini tayyorlash dasturlari maktabga tayyorlov mazmuni bilan boyitiladi.

Islohot «Ta’lim to‘g‘risida»gi va «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritishni talab qiladi. Maktab ta’limining yangi tuzilmasi quyidagicha ko‘rinishga ega bo‘ladi:

▪️ bir yillik tayyorgarlik bosqichi;

▪️ to‘rt yillik boshlang‘ich maktab;

▪️ besh yillik asosiy umumiy o‘rta ta’lim (5-9-sinflar);

▪️ ikki yillik umumiy o‘rta ta’lim (maktab, akademik litsey, harbiy maktablar, texnikumlar)

Buning natijasida O‘zbekistonda ta’lim bosqichlari YUNЕSKOning (ISCED-2011) xalqaro darajasi bilan muvofiqlashtiriladi.

ℹ️ Eslatib o‘tamiz, 2009 yilgacha O‘zbekistonda 11 yillik maktab bo‘lgan. So‘ngra 9+3 formulasi bo‘yicha 12 yillik ta’lim modeli joriy etildi, bunda oxirgi uch yil kollej va litseylarda o‘qiladi. Biroq, 2018 yili hukumat bu sxemadan voz kechdi va avvalgi islohotni samarasiz deb tan oldi va 11 yillik ta’limga qaytdi.