O‘zbekiston hukumati kelgusida tasdiqlaydigan nizomga ko‘ra, fermerlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri qishloq xo‘jaligi yerlarida xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurishga ruxsat beriladi. Ya’ni, tomorqa maydonida hosilni saqlash uchun ombor yoki yaylovda qoramol uchun qo‘ra qurish mumkin bo‘ladi. Bu kabi yangi qoidalar 9 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan samarali foydalanishga doir taqdim etilgan takliflar qatorida tilga olindi, deb xabar qiladi uning matbuot xizmati.
Tashabbus mualliflarining tushuntirishicha, gap tadbirkorlik faoliyatida foydalaniladigan binolar haqida ketmoqda. Masalan, xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlar – yengil konstruksiyali muzlatkichli omborxonalar, saralash, qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi, texnika parki qurishga ruxsat beriladi.
Taqdimotda ta’kidlanishicha, so‘nggi besh yil davomida mamlakatda yerlarni ro‘yxatga olishning yangi tizimi yaratildi. O‘zbekistonning 45 million gektar hududining qariyb 42 million gektari davlat kadastriga kiritilgan, shu jumladan, 88,4 foizdan ortig‘i 26 million gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlaridir.
Ilgari fuqarolar va tashkilotlar tomonidan foydalanilgan, keyin esa tuman hokimliklariga qaytarilgan bo‘sh yerlarning alohida hisobini yuritish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, prezident bunday yerlarni auksion savdolariga zudlik bilan o‘tkazish uchun inson omilini istisno qiluvchi tizimni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Qishloq xo‘jaligida yerga ijara huquqini bozor aktiviga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlandi, yerga nisbatan qayta ijara, ikkilamchi ijara institutlari kiritildi. Endilikda vaqtincha foydalanish uchun yer olgan fermerlar yerning bir qismini boshqa shaxsga o‘tkazib, qolgan hududni o‘zlariga qoldirishi mumkin. Ilgari bunday harakatlarni amalga oshirish uchun yer davlatga qaytarilishi va yana kimoshdi savdosiga qo‘yilishi kerak edi.
2021 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlari faqat ijara huquqi bilan ajratilmoqda. Yig‘ilishda 2027 yil 1 yanvargacha qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan barcha yerlarni ijara huquqiga o‘tkazish lozimligi ta’kidlandi.
Taqdimot yakunida mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha farmon imzolandi, qonunosti hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi belgilandi, deya qo‘shimcha qiladi davlat rahbari matbuot xizmati.