Uch yil oldin bolasini ayiq qafasiga tashlagan ayol oxir-oqibat farzandini pichoqlab o‘ldirdi

inbusiness.kz sayti fotosurati

Toshkent shahrining Sergeli tumanida ona 7 yashar qizini oshxona pichog‘i bilan urib o‘ldirdi. Gap 2022 yili o‘z qizalog‘ini hayvonot bog‘idagi ayiqlar qafasigaga tashlagan poytaxtlik Zilola To‘laganova haqida ketmoqda, deb yozadi «Gazeta.uz» Milliy telekanaliga tayanib.

Xabarda aytilishicha, 34 yoshli toshkentlik ayol bolaga pichoq bilan jarohat yetkazgan, shundan so‘ng qiz voqea joyida vafot etgan.

Ayol istiqomat qiladigan MFY vakili ma’lum qilishicha, ayol 2 avgust kuni ruhiy asab kasalliklari shifoxonasida davolanib chiqqan. Shifokorlar unga ambulator davolanish yozib bergan. 2 avgust sanasidan boshlab ayol 2-son shahar ruhiy asab kasalliklari dispanserida hisobga qo‘yilgan.

«Mahalla yettiligi» Zilola xonadoniga borib, u bilan suhbatlashgan. Ayolning holati yaxshi bo‘lgan, savollarga adekvat javob bergan.

«Biz buni kutmagandik», — deydi mahalla vakili, bola o‘limini izohlarkan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi («Qasddan odam o‘ldirish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi ayol protsessual tartibda ushlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil yanvar oyida Toshkent hayvonot bog‘ida favqulodda holat yuz bergan edi. Zilola To‘laganova to‘ng‘ich o‘g‘lining ko‘z o‘ngida qizini ayiq qafasiga tashlab yuboradi. Qiz besh metr balandlikdan pastga qulab tushgan. Nima bo‘layotganini kuzatib turgan ayiq zovurga tushib, qizaloqqa yaqinlashadi, qizchani hidlab, so‘ng undan uzoqlashadi. Hayvonot bog‘i xodimlari ayiqni ichki qismga olib kirishadi, qizaloqni zovurdan chiqarib olishadi. Qizaloqqa ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi tashxizi qo‘yilgan.

Keyinchalik To‘laganovaning otasi qizi yordam so‘rab psixiatrga murojaat qilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qizining ruhiyatidagi o‘zgarishlarga eri va qaynonasining ko‘p yillik bosimi va kaltaklari natijasida yuzaga kelgan stress sabab bo‘lgan. Ayol ajrashish uchun ariza bergan, ammo sud rad javobini bergan.

To‘laganovaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud-psixiatriya va psixologiya ekspertizasining keng qamrovli ekspertizasi uning ruhiy kasallikka chalinganini, tergov va sud jarayonida ko‘rsatma berishga qodir emasligini aniqlagan. Toshkentlik ayol ruhiy kasalliklar shifoxonasiga davolanish uchun yuborilgan.

O‘sha yil aprel oyida sud To‘laganovani telba holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etganlikda aybdor deb topib, ayolni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy davolanishga jo‘natgan.