Vitaliy Kafanov: «Rustam Yatimovning RPLga o‘tishiga men javobgarman»

Vitaliy Kafanov va Rustam Yatimov. fft.tj sayti fotosurati

Rossiya terma jamoasi darvozabonlar murabbiyi, «Rostov» klubining sobiq darvozabonlar murabbiyi, turkmanistonlik mutaxassis Vitaliy Kafanov «Farg‘ona» nashriga Tojikiston terma jamoasi darvozaboni Rustam Yatimov faoliyati oid o‘z fikrlarini bildirdi.

— Rustam Yatimov Tojikiston chempionatidan Rossiya Premer-Ligasi (RPL) ga o‘tganidan so‘ng sifat jihatidan o‘sishi haqida nimalar deya olasiz?

— Hozir «Rostov»da ishlamayapman. Lekin mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkinki, Rustamning darhol maydonga tushib, Rossiya chempionatining yangi bosqichida o‘ynashi oson bo‘lmadi. Bu oddiy moslashuv, har bir kishi undan o‘tadi. Uning moslashishiga taxminan uch oy kerak bo‘ldi, keyin hammasi joyiga tushib ketdi. 1 noyabrdan 1 iyungacha Kubok finaligacha barqaror o‘ynadi va asosiy darvozabonlik o‘rnini hech kimga berib qo‘ymadi. U ancha yaxshilandi, lekin buning uchun vaqt kerak bo‘ldi.

— Uni kuzatishda davom etasizmi yoki bugungi ishlar bilan shug‘ullanasizmi?

— Ishim barcha darvozabonlarni, ayniqsa, Rustamni kuzatib borishimni talab qiladi. Men u bilan bir mavsum o‘tkazdim, uni «Rostov»ga olib keldim va buning uchun qaysidir ma’noda javobgarman. Uning kelajagiga befarq bo‘lolmayman.

— U terma jamoadagi eng qimmat futbolchi va Osiyodagi eng qimmat darvozabonlardan biri.

— Aytaylik, uning narxi mavsum davomida yetti-sakkiz marta oshdi. Agar kuzatsangiz, u beshta o‘yinda uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi, dekabr oyida RPLda oyning eng yaxshi futbolchisi, mavsum yakunida esa 2024/25 yilgi Rossiya kubogining eng yaxshi darvozaboni deya e’tirof etildi. U bu mavsumni umrining oxirigacha eslab qoladi.

— Tojikiston OAVlari sizning Tojikiston terma jamoasini boshqarishingiz mumkinligi haqida yozishmoqda. Ushbu variantni ko‘rib chiqasizmi?

— Men o‘z nomzodimni hech kimga taklif qilganim yo‘q, hech kim meni taklif qilgani yo‘q. Bu yerda izoh beradigan hech narsa yo‘q.

Vitaliy Kafanov — sobiq darvozabon. Futbolchi sifatida Turkmaniston va Qozog‘iston klublarida to‘p surgan. Hozirda u postsovet hududidagi eng nufuzli darvozabon murabbiylaridan biri hisoblanadi. U Rossiya terma jamoasida Valeriy Karpinning murabbiylar shtabi azosi. U bir muddat Qozog‘iston terma jamoasida murabbiylik qilgan. Qurbon Berdiyevning «Rubin» klubida, keyin «Rostov»da murabbiylar shtabida ishlagan. Karpin kelishi bilan u «Rostov»da qoldi. Karpin ketganidan keyin u ham «Rostov»ni tark etdi, ammo terma jamoada ishlashda davom etmoqda. Uning qo‘l ostida bir qator eng yaxshi darvozabonlar yetishib chiqqan, u futolga oid «Xato qilishga haqqi yo‘q» (2020) kitobining muallifi.