BMT Afg‘onistonning bir qancha viloyatlarida ayollar mehnati taqiqlangani bois naqd pul yordamini to‘xtatdi

amu.tv sayti fotosurati

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar masalasi bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi «Tolibon»* harakati tomonidan ayollar mehnatiga taqiq qo‘yilgani bois mamlakatning to‘rtta viloyatida Afg‘onistonga qaytgan qochqinlarga naqd pul yordam ko‘rsatish markazlarini vaqtincha yopdi. Bu haqda Amu TV xabar berdi.

9 sentyabrdan boshlab Nangarhor, Qandahor, Kobul va Hirotda gumanitar yordam tarqatish punktlari yopilgan. Nashr manbasiga ko‘ra, bunday qaror «BMT qochqinlar masalasi bo‘yicha Oliy komissarligiga nafaqat ayollar va qizlarga, balki barcha qaytib kelganlarga xavfsiz, hurmatli va adolatli yordam ko‘rsatishiga to‘sqinlik qiluvchi» rasmiylar tomonidan kiritilgan cheklovlarga javoban qabul qilingan.

Pokiston va Erondan qaytgan ayollar gumanitar xizmatlardan faqat agentlikning ayol xodimlari bilan muloqot qilish orqali foydalanishlari mumkin, bu madaniy qoidalarga rioya qilish uchun muhim ahamiyatga ega, deya tushuntiradi BMT QMOK.

Tashkilot «Tolibon» vakillari bilan muzokaralar olib borayotganini aytdi, ammo markazlar qachon faoliyatini qayta boshlashi haqida hozircha ma’lumot bermagan. Shu bilan birga, BMT QMOK faoliyatining boshqa yo‘nalishlari o‘z faoliyatini davom ettirayotgani ta’kidlangan.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yili mamlakat aholisining yarmidan ko‘pini tashkil etuvchi 23,7 million afg‘on gumanitar yordamga muhtoj bo‘lmoqda So‘nggi oylarda Pokiston va Eron yuz minglab afg‘on muhojirlarini deportatsiya qilgan va bu aholining zaif qatlami ahvolini yomonlashtirgan. BMTning Qochqinlar masalasi bo‘yicha Oliy komissarligi, shuningdek, naqd pul yordami Afg‘onistonda eng samarali qo‘llab-quvvatlash shakllaridan biri hisoblanishi va ularni boshqa narsaga almashtirish oson emasligini ta’kidlaydi.

ℹ️ Toliblar 7 sentyabrdan BMTning Kobuldagi ofislariga ayollarning kirishini taqiqlay boshladi, qo‘riqchilar ayol xodimlar va afg‘on ayollariga kirishga ruxsat bermagan va ichkaridagi ayollardan binolarni tark etish talab qilishgan. Taqiq «Tolibon» yetakchisining buyrug‘i bilan Islomiy fazilatlarni targ‘ib qilish va illatlar oldini olish vazirligi tomonidan kiritilgan. Harakat 2021 yili hokimiyatga qaytganidan so‘ng Afg‘onistonning ko‘plab viloyatlarida ayollarning BMT vakolatxonalarida ishlashi taqiqlangan edi. 2023 yil aprelida BMTning barcha ayol xodimlariga ishlashni to‘xtatish buyurilgan edi. O‘shanda tashkilot toliblarni ayollar ishtirokisiz insonparvarlik yordamini ko‘rsata olmasligidan ogohlantirgan edi.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.