Toshkent viloyati hokimligi 2,5 milliard dollarlik investitsiya loyihalari portfelini shakllantirdi

yuz.uz sayti fotosurati

Toshkent viloyati hokimligi tomonidan umumiy qiymati 2,5 milliard dollarlik sarmoyaviy loyihalar ishlab chiqildi. Ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi 11 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish va eksport salohiyatini 434 million dollarga oshirish imkonini beradi. Mutasaddilar ushbu raqamlarni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mazkur hududda olib borilayotgan islohotlar samaradorligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda taqdim etdi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

Ayni paytda xitoylik hamkorlar ishtirokida qiymati 2,1 milliard dollarlik yirik sanoat parklari barpo etilmoqda. Davlat rahbarining 2025-2027 yillarda viloyatni jadal rivojlantirishga oid qarorlarida qayd etilgan loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Ularni amalga oshirish uchun 40 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Bunday tashabbuslar tufayli viloyatda joriy yil oxirigacha ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga kamaytirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, joylarda islohotlarni amalga oshirish shtabida Toshkent viloyati uchun muhim bo‘lgan bir qancha loyihalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, Nurafshon, Olmaliq va Chirchiq shaharlarida xorijiy investorlar ishtirokida sanoat korxonalarini tashkil etish uchun ikkita nimstansiya qurish rejalashtirilgan.

Bekobod shahrida import o‘rnini bosuvchi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, Oqqo‘rg‘on tumanida oziq-ovqat va to‘qimachilik korxonalarini ochish, Ohangaron, Angren va O‘rta Chirchiq hududidan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanali bo‘yida turizm va savdo maskanlarini tashkil etish imkoniyati bor.

Poytaxt hokimligi bilan hamkorlik mavzusi muhokama qilindi. Shu tariqa, Toshkent viloyatidagi ayrim bo‘sh yerlar «Toshkent invest» kompaniyasi va shaharning sanoat zonalari direksiyasiga ajratilib, ularga ekologiyaga zarar keltirayotgan korxonalar ko‘chirilishi aytildi.

Prezident Toshkent viloyatining barcha hududlarini poytaxt bilan tezkor elektr poyezdlar orqali bog‘lash vazifasini qo‘ydi. Bu orqali u yerlarda ham yangi uy-joylar, infratuzilma va xizmatlarga talab oshadi, odamlar poytaxtga qatnab ishlashi mumkin bo‘ladi.

Viloyatdagi 263 ta mahalla biror mahsulot yetishtirish, sanoat yoki xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashmagan. Shu bois, ularda bog‘dorchilik, limon, uzum, malina, brokkoli va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish mo‘ljallanmoqda. Bu mahallalarga «Agrostar» kompaniyasini bog‘lab, urug‘, ko‘chat va kafolatli xarid bo‘yicha odamlarga yordamlashish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

«Toshkent viloyati sanoatda ham, qishloq xo‘jaligida ham eng katta salohiyatga ega hudud. Asosiysi, viloyat yurtimizdagi eng yirik iste’mol va xizmatlar bozorini, ya’ni poytaxtimizni har tomondan o‘rab turadi. Bu ham juda katta imkoniyat. Uni to‘liq ishga solib, investitsiya, eksport va ish o‘rni ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirsa bo‘ladi», — dedi Mirziyoyev.

Yig‘ilishda mutasaddilar viloyat rivojidan dalolat beruvchi qator faktlarni keltirdi. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yilda hududiy yo‘nalishda 10 milliard, sanoat yo‘nalishida 8 milliard dollarlik sarmoya jalb etilgan. 10 mingdan ortiq sanoat, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari ochilgan. Natijada joriy yilning sakkiz oyida eksport hajmi 1 milliard dollardan oshdi.