Aholini ro‘yxatga olishning yangi formati tufayli O‘zbekistonda 1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ tejaladi

yuz.uz sayti fotosurati

O‘zbekistonda 2026 yil 15 yanvaridan 28 fevraliga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish rejalashtirilgan. Jarayon qisman onlayn rejimda amalga oshiriladi, buning natijasida davlat 1,3 trillion so‘m (105,6 million dollar) iqtisod qiladi. Respublika prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 sentyabr kuni mazkur tadbirni samarali tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

Taqdimotda xalqaro tajribadan kelib chiqib hamda Jahon banki, YUNFPA (BMTning aholishunoslik fondi)va FAO (BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti) tashkilotlari ishtirokida ishlab chiqilgan aholi va qishloq xo‘jaligini bir vaqtda ro‘yxatdan o‘tkazish taklifi ko‘rib chiqildi.

Rejaga ko‘ra, dastlabki 17 kunlik ma’lumotlarni to‘plash onlayn rejimda internet orqali, 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy mobaynida esa «mahalla yettiligi» ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Ta’kidlanishicha, ro‘yxatga olish jarayonlari oddiy va shaffof tarzda tashkil etiladi. Savollarning soni avval rejalashtirilgan 328 tadan 71 taga qisqartirildi.

Ro‘yxatga olish natijasida Yevropa statistiklar konferensiyasining 2020 yildagi tavsiyalari asosida 38 million aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Keng ko‘lamli jarayon doirasida mutaxassislar tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlari, chorva va parrandalardan foydalanish bo‘yicha ma’lumotlarga aniqlik kiritiladi. Bu sohaga har yili ajratilayotgan 25,6 trillion so‘m (2 milliard dollar), jumladan, 2,2 trillion (taxminan 180 million dollar) budjet mablag‘lari, shuningdek, ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi va oziq-ovqat xavfsizligi darajasini oshirish samaradorligini baholash imkonini beradi.

Ro‘yxatga olish jarayonlarini samarali amalga oshirish uchun «mahalla yettiligi» maxsus o‘quv dasturi asosida tayyorlanadi va rag‘batlantiriladi. Buning uchun Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan statistika tizimini mustahkamlash loyihasining mablag‘lari yo‘naltiriladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Maxsus ko‘rsatuv va videoroliklar namoyish etilib, fuqarolarning xabardorligi oshiriladi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, aholini ro‘yxatga olish demografik va qishloq xo‘jaligi sohalarida real ko‘rsatkichlarni aniqlashga yordam beradi, bu esa davlat dasturlarini maqsadli amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezident mas’ullarning hisobotini eshitib, bildirilgan takliflarni ma’qulladi va keng ko‘lamli tadbirning tizimli va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.

O‘zbekistonda oxirgi marta 1989 yili aholini umumiy ro‘yxatga olish o‘tkazilgan. Faqat so‘nggi paytlarda bu yo‘nalishda choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, aholini kamida 10 yilda bir marta, qishloq xo‘jaligini esa 5 yilda bir marta ro‘yxatga oladigan tegishli qonun tasdiqlandi.

2021 yili mamlakatda snov tariqasida aholini, bir yildan so‘ng qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish o‘tkazildi. Ammo keng ko‘lamli jarayonni tashkil etish xalqaro tajribani o‘rganish va tuzatishlar ishlab chiqish uchun vaqt talab qilgani bois, butun respublikani qamrab oladigan tadbir keyinga qoldirilgandi.