Toliblar* hukumatidagi Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy O‘zbekiston va Tojikistonni 2021 yil avgustida afg‘on uchuvchilari tomonidan olib qochilgan harbiy vertolyotlarni qaytarishga chaqirdi. Bu haqda Tolonews xabar berdi.
«Biz to‘rt yil avval siyosiy voqealar natijasida olib ketilgan va qo‘shni davlatlarga topshirilgan vertolyotlarimizni afg‘on xalqiga qaytarishni so‘raymiz, toki ulardan insonparvarlik maqsadlarida foydalanilsin», — dedi Muttaqiy Kobulda diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvda.
Shuningdek, u xalqaro sanksiyalar mavzusiga to‘xtalib, bank cheklovlari xorijda yashovchi afg‘onlar uchun mablag‘ o‘tkazish, jumladan, zilzila qurbonlariga yordam berishni qiyinlashtirayotganini ta’kidladi.
Avvalroq, 8 sentyabr kuni Afghanistan International o‘z manbalariga tayanib, O‘zbekiston 2021 yili mamlakatdan olib ketilgan 57 ta harbiy vertolyotni yaqin kunlarda Afg‘onistonga qaytarishini ma’lum qilgandi. 11 sentyabr kuni The Kabul Times gazetasi Afg‘oniston muvaqqat hukumatining rasmiy vakili Zabihulloh Mujohiddan iqtibos keltirgan holda, O‘zbekiston havo kemalarini qaytarishga rozi bo‘lganini ta’kidladi.
«Bu Afg‘onistonning aviatsiya salohiyatini tiklash va ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi», — deya rasmiy so‘zlaridan iqtibos keltirgan nashr.
Biroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxonov Gazeta.uz nashriga bergan izohida bu gaplarni inkor etdi.
«Bu kabi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekiston pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolgan, bu yangiliklar — fake news», — dedi u.
ℹ️ 2021 yili olib qochilgan harbiy texnikani qaytarish masalasi bir necha bor afg‘on rasmiylari bayonotlariga asos bo‘lgandi. Toliblar Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil avgust oyida O‘zbekiston va Tojikistonga 60 ga yaqin samolyot va vertolyot uchgan. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, 46 tasi O‘zbekistonda, yana 18 tasi Tojikistonda bo‘lgan. Bu 2021 yilning 14-15 avgust kunlari «Tolibon»* harakati tomonidan hokimiyat tezda egallab olingan vaqtda afg‘on harbiylari qo‘shni davlatlarga ommaviy ravishda texnikalarni olib o‘tgan paytda sodir bo‘lgan.
2022 yil yanvarida toliblar Mudofaa vaziri Muhammad Yoqub Toshkent va Dushanbeni harbiy tehnikalar qaytarilmasa, yomon «oqibati» bilan tahdid qilgan edi.
«Men [O‘zbekiston va Tojikistonni] sabr-toqatimizni sinamaslikka va bizni mumkin bo‘lgan javob choralarini [samolyotni qaytarish uchun] qo‘llashga majburlamaslikka chaqiraman», — degandi Muhammad Yoqub o‘shanda.
Bunga javoban O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni vaqtincha cheklab, bir kundan keyin qayta tikladi. Toliblar Toshkentga muammoni hal qilgani uchun minnatdorchilik bildirgandi va ularning hukumati «barcha qo‘shnilari bilan yaxshi va mustahkam munosabatlar tarafdori» ekaniga ishontirgandi.
Keyinroq AQSH Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jon Kirbi O‘zbekiston va Tojikistonga olib o‘tilgan aviatsiya Afg‘onistonga qaytarilmasligini aytdi. 2022 yil aprel oyida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev samolyotlar AQSH hukumati tomonidan sotib olingani bois, Amerika hukumatiga qaytarilishini ma’lum qildi.
2023 yil iyun oyida Afg‘oniston Mudofaa vazirligi Toshkent va Dushanbega samolyot va vertolyotlarni qaytarish zarurligini yana bir bor eslatib, ular afg‘on xalqining mulki ekanini ta’kidlagan edi.
«O‘zbekiston va Tojikiston bizning qo‘shnilarimiz. Biz ular bilan yaxshi munosabatda bo‘lishini istaymiz va qo‘shnichilik va diplomatik me’yorlar tufayli ushbu samolyotlarni bizga qaytarishga chaqiramiz. Va har qanday holatda imkon tug‘ildi deguncha, biz ularni qaytarib olamiz», — degandi o‘sha paytda departament vakili Inoyatulloh Xvarazmiy.
2025 yil boshida O‘zbekiston «afg‘on partiyasi»dan AQSHga yettita Black Hawk vertolyotini jo‘natdi. Toliblar Mudofaa vazirligi ushbu qarorni qoralab, texnikalar Afg‘onistonga tegishli ekani va ularni qaytarib berish kerakligini ta’kaidlagandi. Vazirlik mamlakatning harbiy resurslaridan foydalanish huquqini ta’kidlab, Qo‘shma Shtatlarni afg‘on xalqi manfaatlarini hurmat qilishga chaqirgandi.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.