Xorazm viloyati kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha O‘zbekistonda yetakchi o‘rinni egalladi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Xorazm viloyatida joriy yil boshidan buyon 100 ming nafar kam ta’minlangan fuqaro ish bilan ta’minlandi. Bu holat viloyatda kambag‘allik darajasining 12 foizdan 6,8 foizga kamayganiga ta’sir ko‘rsatdi va bu mamlakatdagi eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda viloyatni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyevga axborot berildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Mahalliy mutasaddilarning ta’kidlashicha, tabiiy resurslarning cheklanganiga qaramay, tarkibiy o‘zgarishlar tufayli Xorazm iqtisodiyoti ijobiy dinamika ko‘rsatmoqda. O‘tgan sakkiz yilda 2 milliard dollarlik investitsiyalar jalb qilindi, 25 mingdan ortiq sanoat korxonasi ishga tushirildi, ishlab chiqarish hajmi 2,2 barobar oshdi.

Toshsoqa magistral kanali qayta tiklangani natijasida Xorazm uchun o‘ta muhim bo‘lgan sug‘orish tizimi yaxshilandi. Amudaryo ustida yangi ko‘prik qurilishi viloyat aholisining uzog‘ini yaqin qildi.

Bundan tashqari sakkiz yilda viloyatda 660 ta ko‘p qavatli turar joy barpo etilib, 21 ming oila yangi uyli bo‘ldi. 4 ming 751 kilometr ichimlik suvi va 206 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i qurildi, 580 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvidan bahramand bo‘ldi.

Ammo viloyat bu bilan to‘xtab qolmaydi, shu maqsadda bu yerda yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun islohotlar shtabi tashkil etilgan.

Jumladan, Urganch tumanida chiqindilarni yoqib elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zavod qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihaga Janubiy Koreya investorlari 100 million dollar sarmoya kiritadi.

Avstraliya kompaniyasi 820 million dollar investitsiya kiritib, Tuproqqal’a tumanida 600 ming tonna ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi va 50 ming tonna «yashil dizel» ishlab chiqarish taklifini bildirgan. Korxona ehtiyoji uchun 5,5 ming gektarda 4 gigavatt quyosh panellari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Slovakiya korxonasi 170 million dollar hisobiga Tuproqqal’a tumanida 5 ming gektarda raps yetishtirib, bioyoqilg‘i ishlab chiqarish zavodi qurishni rejalashtirgan.

Umuman, Xorazmda 2 milliard 400 million dollarlik yangi loyihalar tayyorlangan. Shuningdek, shahar va tumanlarning qo‘shimcha imkoniyatlari hisobidan yana 86 million dollarlik istiqbolli loyiha va tashabbuslar shakllantirilgan.

Shu munosabat bilan prezident investorlar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib, loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Viloyatdagi sanoat zonalaridan to‘liq foydalanilmayotganiga e’tibor qaratildi. Mirziyoyev sanoat yo‘nalishlarini puxta rejalashtirish, bunga viloyatning ichki salohiyatini to‘liq safarbar qilish kerakligini ta’kidladi. Yig‘ilishda tadbirkorlikni rivojlantirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish masalalari ham muhokama qilindi.