O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganda boshlangan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» III Xalqaro forumidagi nutqida uning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Davlat rahbarining nutqi forum saytida e’lon qilindi.
Davlat rahbari dunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlik, iqlim o‘zgarishlari ta’sirida global iqtisodiy o‘sish sekinlashgani, oqibatda kambag‘al aholi soni oshganiga e’tibor qaratdi.
Shunday ekan, islohotlar o‘tkazishga zarurat tug‘ildi. Mamlakatda yetti ustuvor yo‘nalishdan iborat «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi ishlab chiqildi.
Birinchidan, kambag‘al aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirib, odamlar barqaror daromad manbasiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratilmoqda. O‘tgan yili 35 milliard dollarlik investitsiyalar 9 mingdan ortiq yangi korxonalarni ochishga va 300 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratishga yordam berdi. Qolaversa, davlat tomonidan tadbirkorlarga sharoit yaratib berilmoqda, ular o‘z navbatida kam ta’minlangan oilalarni doimiy ish bilan ta’minlashga ko‘maklashmoqda.
Ikkinchidan, sifatli ta’lim inson kapitalini rivojlantirish, uzoq muddatli istiqbolda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy «drayveri» bo‘lib qoladi. Kam ta’minlangan oilalar farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalariga to‘liq qamrab olinishi ta’kidlandi. Bundan tashqari, davlat ularning chet tillarini o‘rganish va kasb-hunarga o‘rgatish xarajatlarining 80 foizini qoplaydi.
Uchinchidan, ayollarning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish. Ayni paytda talaba qizlarga foizsiz o‘qish kreditlari taqdim etilmoqda, magistraturada bepul o‘qish imkoniyati mavjud. 2024 yili ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga 1,5 milliard dollar ajratilgan bo‘lsa, joriy yil oxiriga qadar 2 million nafar ayolni doimiy daromad bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
To‘rtinchidan, inson salomatligi muhofaza qilinib, uning imkoniyatlari to‘laqonli yuzaga chiqarilmoqda. Jumladan, 140 ming kambag‘al oilaga shifokor biriktirilib, ular yiliga bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Endi kafolatlangan tibbiy xizmatlar ko‘paytirilib, kambag‘al oilalarning bunga sarf qiladigan xarajati 2 karra qisqartiriladi. Bunda ularga bepul dori va kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi taqdim etiladi.
Beshinchidan, manzilli ijtimoiy himoya. Islohotlar doirasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilib, barcha shahar va tumanlarda «bir darcha» tamoyili asosida xizmat ko‘rsatuvchi «Inson» markazlari ochildi. Natijada o‘tgan yili mamlakatning 2,7 million aholisi qo‘llab-quvvatlandi.
Oltinchidan, hududlarda infratuzilmani yaxshilash, odamlarga yashash uchun qulay sharoit yaratish – ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni qisqartirishda muhim qadam. Infratuzilmani yaxshilash, ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturida mingdan ortiq sharoiti og‘ir mahallalar ishtirok etmoqda. Bu ehtiyojlar uchun joriy yilda 400 million dollar ajratildi. Shu bilan birga, suv ta’minoti, yo‘llar, maktab va bolalar bog‘chalari qurilishi loyihalari amalga oshirilmoqda.
Yettinchidan, davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun sarflanmoqda. Bunday chora-tadbirlar keng ko‘lamli sarmoyalarni talab qiladi: rivojlanayotgan mamlakatlar har yili 4 trillion dollardan ortiq mablag‘ sarflaydi. Shu sababli, kambag‘allikka qarshi kurashish uchun yangi, yanada samarali moliyaviy arxitektura zarur.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, islohotlar 7,5 million kishini kambag‘allikdan chiqargan, o‘tgan yili kambag‘allik darajasi 8,9 foizga tushgan. Joriy yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 6 foizga kamaytirish maqsad qilingan. Mutaxassislarning bashorat qilishicha, aholi jon boshiga daromad 3500 dollarga yetishi kerak.
«Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlarimiz hisobiga O‘zbekiston 2030 yilga qadar kambag‘allikni 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilyapti. Shularni inobatga olib, bugun yangi, yanada yuqori marrani belgilab olishga tayyormiz. 2030 yilga borib, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berishga barcha imkoniyatimiz bor va biz buni, albatta, uddalaymiz», — dedi Mirziyoyev.



