Samarqandda «130 millat, 16 konfessiya, bir Vatan» xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi

cisc.uz sayti fotosurati

Samarqandda O‘zbekistonga bag‘ishlangan «130 millat, 16 konfessiya, bir Vatan» xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berаdi Islom sivilizatsiyasi markazi (ITSM) matbuot xizmati.

Forum O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Amerikaning LYNC nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, ITSM, Tashqi ishlar vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida tashkil etildi.

Forumda 15 davlatdan 50 ga yaqin ekspert, din ulamolari, jamoat arboblari, jumladan, Islom hamkorlik tashkiloti va jahon musulmonlari ligasi vakillari, shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistonidan delegatlar ishtirok etdi.

Dinlararo muloqot, vijdon erkinligini himoya qilish, diniy kamsitishlarga qarshi kurashish, konfessiyalar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash masalalari muhokamaning asosiy mavzulari bo‘ldi. Ishtirokchilar geosiyosiy va diniy ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir sharoitda bunday tadbirlar alohida ahamiyat kasb etishi, amaliy yechimlar va qo‘shma tashabbuslar uchun platforma bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladilar.

O‘zbekiston konfessiyalararo totuvlik namunasi sifatida taqdim etildi: mamlakatda 130 dan ortiq millat va 16 diniy konfessiya vakillari istiqomat qiladi, yangilangan «Vijdon erkinligi to‘g‘risida»gi qonun amalda, Konfessiyalar bo‘yicha kengash faoliyati kengaytirildi, ilmiy-madaniy markazlar – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Islom sivilizatsiya markazlari faoliyat yuritmoqda.

Uch kun davomida muhokama va seminarlar bo‘lib o‘tdi va yakuniy kuni ishtirokchilar diniy ozchiliklar huquqlarini himoya qilish, kamsitishlarga qarshi kurashish, bag‘rikenglikni targ‘ib qilish va tinchlikni mustahkamlashga oid deklaratsiya qabul qildilar.

Forum yakunlari bo‘yicha Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va LYNC tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.