Islom sivilizatsiyasi markazida «Ulug‘bek portali»ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Islom sivilizatsiyasi markazi. cisc.uz sayti fotosurati

Islom sivilizatsiyasi markazida balandligi 37,7 metr va eni 33,7 metr bo‘lgan Ulug‘bek portalining taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar qiladi markaz matbuot xizmati.

Binoning sharqiy tomonida qad rostlagan portalning me’moriy qiyofasi XV asr Samarqand madrasalariga xos an’analar asosida, zamonaviy uslublar bilan uyg‘un holda yaratilgan.

Kirish qismidagi uchta arka eshik yurtdagi ilm-ma’rifat uyg‘onishlarini esga soladi. Portal feruzarang koshinlar bilan bezatilgan — bu rang koinot, tinchlik va bag‘rikenglik ramzi sanaladi. Qanotlardagi gulli girix naqshlar Mirzo Ulug‘bekning astronomik kashfiyotlariga ishora qiladi, ayrim joylarda olam xaritasi va metagalaktika modellari aks etgan.

Portalda suls va kufiy xatlarda oyat va hadislar yozilgan. Jumladan, «O‘qi!» («Alaq» surasi, 1-oyat) kabi ilohiy da’vatlar insonni ilmga chorlaydi. Peshtoq va ravoqlardagi har bir yozuv ma’naviy va axloqiy tarbiya maktabi sifatida xizmat qiladi.

Loyiha ijodkorlari uning Markaziy Osiyo buyuk mutafakkirlari, jumladan, Ulug‘bek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiylarning ma’naviy va intellektual davomiyligini me’moriy eslatuvchi ramziy rolini alohida ta’kidlaydilar. Portalning simmetriyasi qalb va aql uyg‘unligini ifodalaydi, badiiy elementlar esa tashrif buyuruvchilarni bilim olishga va o‘z-o‘zini takomillashtirishga undashga qaratilgan.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.