Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi va O‘zbekistonda o‘qituvchilar va murabbiylar kunini nishonlash arafasida Markaz o‘z eshiklarini xalqaro ekspertlar uchun ochdi, deb xabar beradi Markaz matbuot xizmati.
Mehmonlar orasida — BAAning Khalifa University of Science & Technology prezidenti, doktor Ibrohim Al Hajri, Buyuk Britaniya Cambridge University Press & Assessmentning Yevropa, Markaziy Osiyo va Amerika bo‘yicha koordinatori Stiven Richard, shuningdek «Yangi O‘zbekistan» universiteti prezidenti Volfgang A. Xerrmann. Mutaxassislar Markaz faoliyati, tugallangan ilmiy loyihalari va kelgusidagi tashabbuslari bilan tanishdilar.
Doktor Ibrohim Al Hajri o‘z taassurotlarini quyidagicha bayon etdi:
«Bu bino — islom va adabiyot tarixini, shu zaminda tug‘ilib, butun dunyoga ilm-fan merosini bag‘ishlagan ulug‘ allomalar ruhini mujassam etuvchi go‘zal va ramziy inshoot. Biz hali ham Al-Xorazmiy, Ibn Sino singari allomalarning kashfiyotlaridan bahramandmiz. Bu markaz ana shu tarixni saqlaydi va kelajak avlodga yetkazadi».
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.


