O‘zbekiston hukumati katta va kichik AESni bitta joyda qurish niyatida

O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston hukumati Jizzax viloyatidagi yagona maydonda quvvati 2 GVt bo‘lgan yirik atom elektr stansiyasi va quvvati 110 MVt bo‘lgan kichik atom elektr stansiyasini qurish niyatida. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Moskvada bo‘lib o‘tayotgan Global atom forumi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida shunday rejalar haqida ma’lum qildi, deb yozadi Spot.uz.

Mulozim mazkur loyihani noyob deb atagan va u Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, 525 gektar maydonda har biri 1000 MVt quvvatga ega ikkita yirik reaktor va har biri 55 MVt quvvatga ega ikkita kichik reaktor o‘rnatiladi. Bunday kombinatsiyalashgan yondashuv bir vaqtning o‘zida 2,1 GVt asosiy quvvat ishlab chiqarish va moslashuvchan manyovr imkoniyatlarini ta’minlaydi

Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, 2035 yilga borib 525 gektar maydondagi kombinatsiyalashgan atom elektr stansiyasi 15 mlrd kVt/soatdan ortiq energiya ishlab chiqaradi.

Kichik va yirik atom elektr stansiyasini bir joyda birlashtirish rejalarini «O‘zatom» agentligi direktori Azim Axmedxadjayev ham tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat kichik atom elektr stansiyalariga (KAES) taraqqiyot katalizatori sifatida qaraydi.

«O‘zbekiston amalda kichik modulli reaktorlarni joriy etishda peshqadam hisoblanadi. Biz ularni yirik reaktorlar bilan integratsiyalashgan holda rivojlantirishni rejalashtiryapmiz, shu orqali keng qamrovli kompetensiyalar maktabini yaratamiz», — dedi agentlik rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, KAES qurilishi mamlakatning chekka hududlarida energiya ta’minotini markazlashtirmaydi. Bundan tashqari, ushbu obyektlar «yashil» istiqbol ega bo‘lib, an’anaviy elektr energiyasini ishlab chiqarish usullaridan, shu jumladan ko‘mirda ishlaydigan elektr stansiyalaridan voz kechib, dekarbonizatsiya dasturini ilgari surish imkonini beradi.

Axmedxadjayevning aniqlik kiritishicha, mutaxassislar joriy yilning kuzida Jizzax viloyatidagi kichik elektr stansiyasi uchun kotlovan qazishni boshlashi kerak. Agentlik direktorining ta’kidlashicha, barcha tadqiqot ishlari yakunlanib, qazish ishlari boshlangan.

«Prezidentimiz kelgusi yil mart oyida kichik modulli reaktor uchun birinchi betonni quyish ishlarini boshlash vazifasini qo‘ygan. Biz qayta tashkil etdik, rejalashtirdik va bu maqsad sari harakat qilyapmiz», — dedi mulozim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ruxsatnoma va litsenziyalar olish bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya regulyatorlari, shuningdek, loyihaning xalqaro xavfsizlik talablari va standartlariga muvofiqligini doimiy ravishda monitoring qilib boradigan MAGATE (Xalqaro atom energiyasi agentligi) bilan parallel ravishda ishlar olib borilmoqda.

Joriy yil iyun oyida «Rosatom» O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasini har biri ikkita energoblok bilan jihozlangan katta va kichik stansiya qurish foydasiga qayta tuzgani haqida xabar berilgan edi. Biroq, o‘shanda Jizzax viloyatidagi barcha obyektlar bitta maydonda joylashtirilishi aytilmagandi.

ℹ️ O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida atom energetikasi sohasida, jumladan, O‘zbekistonning birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim 2017 yil dekabrida imzolangan. Qiymati 11 milliard dollar bo‘lgan birinchi energoblok 2028 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan edi. O‘shanda atom elektr stansiyasi majmuasi har biri 120 MVt quvvatga ega ikkita energoblokdan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilgandi.

2024 yil 27 may kuni Toshkentda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifi chog‘ida «Rosatom» bilan kichik atom elektr stansiyasini loyihalash, yetkazib berish va qurish bo‘yicha yangi shartnoma imzolandi. Kichik atom elektr stansiyasini Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Tuzkon ko‘li yaqinida qurish rejalashtirilgan. Joriy yil mart oyida ushbu inshootning birinchi betonini quyish 2026 yilning ikkinchi choragiga mo‘ljallangani ma’lum qilingan edi.