Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga noyob osori-atiqalar sovg‘a qilindi

Artefakt topshirilishi. ITSM matbuot xizmati fotosurati

Poytaxtdagi Islom sivilizatsiyasi markazi (ITSM) muzeyiga noyob osori-atiqalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Hadyachilar orasidan dunyoga mashhur muzeylar, shuningdek, shaxsiy kolleksiyachilar ham o‘rin olgandi.

26-27 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan «Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori» forumi yakunlari bo‘yicha Sevimli telemedia majmuasining anjumanlar zalida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda 20 dan ortiq davlatdan 200 dan ortiq olimlar ishtirok etdi.

Sahnada taniqli estrada xonandalari va raqs guruhi chiqish qildi. Har bir hadyachi sahnaga chiqdi yoki onlayn-rejimga qo‘shildi, artefaktlar haqida gapirdi va O‘zbekiston va ITSM rahbariyatini tabrikladi.

ITSM xodimlari Londonga tashrifi davomida uchrashgan Buyuk Britaniya vakillari Markaz muzeyi fondini kengaytirishdan faol manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar. Shunday qilib, Britaniyaning Devid Aaron san’at galereyasi islomgacha bo‘lgan davr marjonlarini hadya qildi, ular o‘z davrida nafaqat zargarlik buyumlari, balki valyuta sifatida ham ishlatilgan. Londondagi Momtaz Islamic Art galereyasi Safaviylar davridagi noyob to‘y boltasini sovg‘a qildi, ITSM vakillari uni bu yil sotib olishni umid qilgan, biroq xaridni keyinga surgandi. Londonning yana bir galereyasi — Yacob's Gallery temuriylar davriga oid laganlarning go‘zal kolleksiyasini (sopol idishlar) yubordi. Britaniyalik kolleksiyachi Sem Fogg o‘rta asrlarga oid metall va bronza buyumlar to‘plamini sovg‘a qildi. Doktor Firuza Melvill Kembrij universiteti nomidan XX asr boshida to‘qilgan gilamni sovg‘a qildi. Londonning Mansour Gallerysi «Shohnoma»ning XVI asrda ko‘chirilgan nusxasi sahifalarini taqdim etdi.

Rossiyaning «Medina» nashriyoti diniy mavzudagi ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar to‘plamini sovg‘a qildi.

O‘zbekistonlik hadyachilar ham o‘z hissalarini qo‘shdilar. Sevimli telekanali 20 ta eng mashhur me’moriy yodgorliklar maketlari to‘plamini namoyish etdi. Toshkentdagi Art Vernisage auksion uyi XVIII asrga oid astrolablar to‘plamini sovg‘a qildi. «Mahalla» xayriya jamoat fondi markazning muzey fondini XIX-XX asrlarga oid Qur’onlarii bilan boyitdi. O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan Surxondaryo viloyatida topilgan 1—3 asrlarga oid Kushon imperiyasiga tegishli noyob tangalar jamlanmasi geografik xaritalar to‘plami bilan birga sovg‘a qilindi. ITSM direktori Firdavs Abduxoliqov uning oilasi tomonidan sotib olingan va Toshkent viloyatidan topilgan Vizantiya askarlariga tegishli bo‘lgan V-VI asrlarga oid oltin buyumlar kolleksiyasini muzeyga sovg‘a qildi.

«Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori» mavzuidagi ikki kunlik forum Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan tashkil etildi. Tadbirda 20 dan ortiq davlatdan 200 dan ortiq olim va ekspertlar ishtirok etdi. TURKSOY, ISESCO, IRSICA, Al-Furqan kabi milliy va xalqaro ilmiy tashkilotlarning vakillari ekspert sifatida ishtirok etdi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.