Sevimli telekanali Islom sivilizatsiyasi markaziga me’moriy yodgorliklar maketlari kolleksiyasini sovg‘a qildi

Jaloliddin Safoyev. ITSM matbuot xizmati fotosurati

Sevimli telekanali Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga O‘zbekiston tarixiga oid 20 ta eng mashhur me’moriy obidalar maketlarini rasman sovg‘a qildi.

Xayriya taqdimoti «Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori» forumi yakunlari bo‘yicha Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyiga eksponatlarni topshirish marosimida bo‘lib o‘tdi. Modellar orasida Ulug‘bek rasadxonasi, Fayoztepa va Sopollitepa,Afrasiyob manzilgohlari, Buxorodagi Somoniylar maqbarasi, Misrdagi Ahmad Farg‘ona tomonidan qurilgan Nilometr bor.

Maketlar Sevimli buyurtmasiga asosan «Artefakt» tashkiloti tomonidan ishlab chiqarilgan. Loyihada dizaynerlar, texniklar va 3D modellashtirish bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etishgan. Har bir model ilmiy maslahatchilar nazorati ostida tarixiy aniqlik bilan yaratilgan.

Sevimli telekanali direktori Jaloliddin Safoyevning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistlar Markaz ko‘rgazmasini yanada boyitishda o‘z hissalarini qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lganidan juda faxrlanadilar.

Barcha eksponatlar muzey zallaridan o‘rin oldi.

«Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori» mavzuidagi ikki kunlik forum Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan tashkil etildi. Tadbirda 20 dan ortiq davlatdan 200 dan ortiq olim va ekspertlar ishtirok etdi. TURKSOY, ISESCO, IRSICA, Al-Furqan kabi milliy va xalqaro ilmiy tashkilotlarning vakillari ekspert sifatida ishtirok etdi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.