Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Eronga qarshi sanksiyalarni qayta tikladi va Xitoy va Rossiyaning ularni qaytarishni kechiktirishni taklif qiluvchi rezolyutsiyasini rad etdi. Bu haqda BMT axborot markazi xabar berdi.
Jarayon Yevropa davlatlari — Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya Eron yadroviy dasturini cheklashni maqsad qilgan Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasida (QKHR) nazarda tutilgan snapback mexanizmini qo‘llaganidan keyin boshlangan.
Xavfsizlik Kengashining 2231-rezolyutsiyasida mustahkamlangan snapback mexanizmi QKHRga a’zo bir davlatga Kengashni boshqa bir tomonning kelishuvni sezilarli darajada buzganligi haqida xabardor qilish imkonini beradi. Agar Kengash sanksiyalarni yengillashtirishni davom ettirish uchun ovoz bermasa, avvalgi cheklovlar avtomatik ravishda tiklanadi.
Rossiya va Xitoyning sanksiyalarni yengillashtirish bo‘yicha taklifi Rossiya, Xitoy, Jazoir va Pokistondan atigi to‘rtta yoqlab ovoz oldi va kerakli to‘qqiz ovozga ega bo‘lolmadi. Daniya, Fransiya, Gretsiya, Panama, Serra-Leone, Sloveniya, Somali, Buyuk Britaniya va AQSH qarshi ovoz berdi. Gayana va Koreya Respublikasi betaraf qoldi.
Rossiya va Xitoy Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishlarida Yevropa davlatlarining snapback mexanizmi va tashabbusining o‘zini noqonuniy deb bilishlarini ta’kidlab, ularni 2231-rezolyutsiyani ham, QKHR qoidalarini ham buzuvchi bir tomonlama sanksiyalarda ayblashdi. Moskva va Pekin delegatsiyalari diplomatik yechim zarurligini ta’kidladilar va barcha tomonlar, jumladan AQSH va Eron o‘rtasida muzokaralarni qayta boshlash bilan QKHRni yana olti oyga uzaytirishni taklif qilishdi, ammo bu taklif rad etildi.
Fransiya, o‘z navbatida, Eron yadro dasturining kuchayishi va Atom energiyasi xalqaro agentligi (MAGATE) bilan hamkorligi qisqarganiga ishora qildi. Elchi Jerom Bonnafonning ta’kidlashicha, Eron boyitilgan uran zahiralarini kelishuvda belgilangan chegaradan sezilarli darajada oshirgan va MAGATEning asosiy obyektlarga kirishini cheklagan. U «snapbek» mexanizmini xalqaro tinchlik va xavfsizlikni, shuningdek, yadro qurolini tarqatmaslik global rejimining yaxlitligini saqlash uchun zarur deb atadi.
Avvalroq, 24 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi minbaridan so‘zga chiqqan Eron prezidenti Masud Pezeshkian «AQSHning buyrug‘i bilan» ishlayotgan «uchta Yevropa davlati» – Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyaning sanksiyalarni tiklash borasidagi sa’y-harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasligiga umid bildirgandi.
«Ushbu uchrashuvda yana bir bor takror aytamanki, Eron hech qachon yadro qurolini yaratishga intilmagan va bunday qilmaydi ham. Biz yadroviy qurolga intilmayapmiz va bu bizning e’tiqodimiz masalasi va rahbarimizning fatvosi; shuning uchun biz hech qachon bunday ommaviy qirg‘in qurolini yaratishga intmaganmiz va harakat ham qilmaymiz», — deya ta’kidlagandi Pezeshkian.
Qayta tiklangan sanksiyalarga quyidagilar kiradi:
▪️ Eronga qurol yetkazib berishni taqiqlash,
▪️ uranni boyitish va qayta ishlash bilan bog‘liq faoliyatni cheklash;
▪️ Eronning ayrim fuqarolari uchun sayohat cheklovlari,
▪️ jismoniy va yuridik shaxslarning aktivlarini muzlatish,
▪️ savdo, moliya va transport sohasida cheklovlar.
Ushbu chora-tadbirlar 2006-2010 yillari qabul qilingan Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari qoidalarini takrorlaydi va ular bir qancha Yevropa davlatlarining milliy qonunchiligiga avtomatik tarzda kiritilgan.



