Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 30 noyabrga belgilangan Jogorku Kenesh (parlament) deputatlari uchun navbatdan tashqari saylovlarni shaxsan o‘zi nazorat qilishini va saylov jarayonining maksimal shaffofligini ta’minlashini rasman ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Men bu saylovlarni boshidan oxirigacha hakam sifatida kuzatib boraman. Agar biron-bir tumanda nohaq harakatlar aniqlansa, MSK majlisida shaxsan ishtirok etaman yoki komissiya tuzib, ishonchli vakillarimni yuboraman. Har bir ish adolatli ko‘rib chiqiladi», — dedi prezident 30 sentyabr kuni xalqqa qilgan murojaatida.
Japarovning tushuntirishicha, muddatidan oldin saylov o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror kelajakda «qo‘shaloq saylovlar»ga barham berish va Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi yukini kamaytirish, shuningdek, kelasi yilgi xalqaro tadbirlar – Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammiti va Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari oldidan barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.
Japarov Qirg‘iziston saylov tizimidagi tub o‘zgarishlarga ishora qildi.
«Biz eski saylov tizimini bekor qildik. Endi hamma narsa raqamli bo‘ladi. Saylov uchastkasiga borib, ro‘yxatdan o‘tganingizda, kompyuter sizga byulleten beradi. Nomzodni tanlaysiz va byulletenni avtomatlashtirilgan qutiga tashlaysiz. Avtomatlashtirilgan saylov qutisi darhol sizning ovozingizni yozib oladi va ovoz berish tugashini kutadi. Ovoz berish tugashi bilan — soat 20:00da, tegishli tugma bosilgandan so‘ng, quti har bir nomzod qancha ovoz olgani haqida ma’lumot beradi. Bundan tashqari, byulletenlar qutidan olinib, kuzatuvchilar ishtirokida qo‘lda sanaladi, bu byulletenlar bir yil davomida arxivda saqlanadi», — dedi prezident.
Uning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston MDHda saylov jarayonini to‘liq raqamlashtirgan va avtomatlashtirgan birinchi davlat bo‘lgan.
Japarov ayollar uchun yangi kvotani alohida ta’kidladi — har bir tumanda deputatlik o‘rinlarining uchdan bir qismi ular uchun ajratilgan, uning fikricha, dunyoda buning anologi yo‘q.
Prezident odamlarni ovoz sotish va populistlarni qo‘llab-quvvatlashdan qochib, munosib vakillarga ovoz berishga chaqirdi.
«Yo‘llar, maktablar, bog‘chalar quraman, «osmondan Oyni olib beraman» kabi va’dalarga ishonmang. Deputat hech narsa qurmaydi — ular qonunlar yozadi, ularning ijrosini nazorat qiladi, xalq bilan hukumat o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi, tumandagi muammolarni aniqlaydi, ularning yechimiga ko‘maklashadi, sizning ovozingizni sotib olgan deputat sizga ham, davlatga ham ishlamaydi — saylovga sarflangan mablag‘ini qaytarib olish uchun besh yil davomida o‘zi uchun ishlaydi», — deya tushuntirdi Japarov.
Prezident mustaqillikning 30 yili ichida mamlakatda uchta davlat to‘ntarishi sodir bo‘lganini, bularning barchasi saylovlardagi firibgarliklar bilan bog‘liqligini eslatdi. Japarov ovoz berish jarayonida inson omilini bartaraf etish yangi inqirozlar oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. U davlat xizmatchilari, o‘qituvchilar va shifokorlarni ishdan bo‘shatish va qonunbuzarlik uchun javobgarlik bilan tahdid qilgan holda saylov jarayoniga aralashmaslikka chaqirdi.
ℹ️ 25 sentyabr kuni yettinchi chaqiriq Jogorku Kenesh deputatlari parlament va prezidentlik saylovlari o‘rtasidagi vaqtni (ikkinchisi 2027 yil yanvariga belgilangan) uzaytirish maqsadida o‘zlarini tarqatib yuborishga qaror qilishdi. Bo‘lajak saylovlar Sadir Japarov joriy yil iyun oyida imzolagan Konstitutsiyaviy qonun bilan tasdiqlangan yangi tizim bo‘yicha o‘tkaziladi. Mamlakat bo‘ylab o‘ttizta ko‘p mandatli hududiy saylov okrugi tuziladi, har bir okrugdan uchtadan nomzod ovoz berishda g‘alaba qozonadi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			


