Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi (United Nations Assistance Mission in Afghanistan) toliblarni* butun mamlakat bo‘ylab internet va telekommunikatsiyalardan foydalanishni zudlik bilan to‘liq tiklashga chaqirdi, deb xabar beradi UNAMA matbuot xizmati.
UNAMA ma’lumotlariga ko‘ra, 16 sentyabrdan beri Afg‘onistonning ayrim hududlarida internet va mobil aloqa xizmatlarida keng miqyosda uzilishlar kuzatilgan. 29 sentyabr kuni mamlakat bo‘ylab, jumladan, poytaxt Kobulga ham hech qanday oldindan ogohlantirilmasdan internet o‘chirilgan. Bu Afg‘onistonning tashqi dunyodan butunlay uzilib qolishiga olib kelgan.
BMT missiyasi ta’kidlashicha, internetdagi uzilishlar uzoq vaqtdan beri dunyodagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan birini boshdan kechirayotgan mamlakatning iqtisodiy barqarorligiga tahdid solmoqda.
Internet yo‘qligining eng jiddiy oqibatlari bank va moliya tizimlaridagi uzilishlar, shoshilinch tibbiy yordam olish imkoniyati cheklanishi, aviatsiyaning falaj bo‘lishi va mablag‘larga qaram bo‘lgan oilalar uchun pul o‘tkazmalarining kechikishi misolida namoyon bo‘lmoqda. Mobil aloqaning o‘chirilishi ayollar va qizlar izolyatsiyasini yanada kuchaytirib, so‘z erkinligi va axborotdan foydalanishni yanada cheklayotgani alohida ta’kidlanadi.
UNAMA telekommunikatsiya tabiiy ofatlardan erta ogohlantiruvchi va muvofiqlashtiruvchi yordamni ta’minlovchi muhim tizim ekanini eslatadi. Bu, ayniqsa, Afg‘oniston sharqida ro‘y bergan kuchli zilzilalardan keyingi so‘nggi kunlarda, shuningdek, qo‘shni davlatlardan qochqinlarning keng miqyosda vatanga qaytayotgani munosabati bilan o‘ta dolzarbdir.
BMT missiyasi bunday cheklovlar nafaqat insonning asosiy huquq va erkinliklarini poymol etishini, balki fuqarolarning hayotiga, ayniqsa, og‘ir vaziyatlarda bevosita xavf tug‘dirishini ta’kidlaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi mandatiga muvofiq, UNAMA Afg‘oniston hukumati bilan mamlakat aholisiga maksimal darajada yordam ko‘rsatish uchun aloqalarni davom ettirmoqda.
Afg‘onistondagi internet bilan bog‘liq vaziyatga boshqa xalqaro tashkilotlar ham munosabat bildirgan. Xususan, Human Rights Watch tashkiloti internetga bog‘lanishdagi cheklovlar afg‘onlarning asosiy huquqlarini xavf ostiga qo‘yayotganini, ularni ta’lim, sog‘liqni saqlash, savdo va axborot olishdan mahrum qilayotganini ta’kidlaydi. Onlayn darslar ta’lim olishning yagona yo‘li bo‘lgan va onlayn ish bilan ta’minlanish yagona daromad manbai bo‘lgan qizlar va ayollar, ayniqsa, qattiq jabr ko‘rmoqdalar.
«Internet o‘chirilishi toliblarning shafqatsiz gender aparteid tizimida faoliyat yuritib, afg‘on ayollari va qizlarini dunyoning qolgan qismidan uzib qo‘yishga qaratilgan navbatdagi urinishidir», — deydi Malala jamg‘armasi hammuassisi, Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Malala Yusufzay. — Ishonchli internet aloqalarisiz ular o‘z darslariga qatnasha olmaydilar, sinfdoshlari va o‘qituvchilari bilan muloqot qila olmaydilar. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. [Boshqa mamlakatlar hukumatlari] Internetga kirishni tiklash, afg‘on qizlari va ayollarining asosiy huquqlari, xususan, ta’lim olish huquqini tiklanishi uchun toliblarga zudlik bilan maksimal darajada bosim o‘tkazishlari kerak».
▶️ Afg‘oniston matbuotiga ko‘ra, «Tolibon» yetakchisi Haybatulloh Oxundzodaning og‘zaki buyrug‘i bilan internet uzilgan. Afg‘oniston telekommunikatsiya kompaniyalari mamlakat bo‘ylab internet uzilishi mamlakat oliy rahbariyatining bevosita buyrug‘i bilan amalga oshirilganini tasdiqladi.
Afg‘oniston bo‘ylab internet va telefon xizmatining yo‘qligi darhol hukumat va tijorat operatsiyalariga ta’sir qildi. Mamlakat aholisi asosiy xizmatlardan va tashqi dunyo bilan aloqadan mahrum bo‘ldi. Xorijdagi afg‘onlar vatandagi qarindoshlariga pul jo‘nata olmayapti. Xorijda davolanmoqchi bo‘lganlar afg‘on banklaridan foydalana olmayotgani va tibbiy xizmatlar uchun pul to‘lay olmayotgani sabab, kasalxonaga yotish va jarrohlik amaliyotini keyinga surishga majbur bo‘lmoqdalar.
Aksariyat telekanallar faoliyatini to‘xtatdi. 30 sentyabr kuni Kobul aeroportida barcha reyslar bekor qilindi. Faqat 1 oktabr kuni mahalliy Kam Air aviakompaniyasi yo‘lovchilar ma’lumotlarini qo‘lda qayta ishlab, ba’zi yo‘nalishlarga parvozlarni qayta tiklash rejasini e’lon qildi.
Zawia News xabariga ko‘ra, Afg‘onistonning chegaradosh viloyatlari aholisi qo‘shni davlatlar orqali internet tarmog‘iga ulanishga harakat qilmoqda. Xususan, Qandahor viloyatining Durand liniyasi yaqinida joylashgan Spin Buldak tumanida o‘nlab odamlar Pokiston internetidan yaqinlari bilan bog‘lanish va xabar yuborish uchun foydalanmoqda. Mahalliy aholidan biri kasal onasining ahvoli haqida Yevropadagi akasini WhatsApp orqali xabardor qilish uchun maxsus Qandahordan tumanga kelgan, chunki u shunday yo‘l bilangina o‘z oilasi bilan aloqada bo‘la oladi.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.



