Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Buyuk Britaniyaning David Aaron galereyasidan sovg‘a sifatida miloddan avvalgi davrlarga oid qimmatbaho marjonlar to‘plami topshirildi, deb xabar beradi Markaz matbuot xizmati.
Sovg‘a taqdimoti «Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori» forumi yakunlari bo‘yicha markaz muzeyiga eksponatlarni topshirish marosimida bo‘lib o‘tdi.
Hadya qilingan buyumlar orasida qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan oltin marjon, ellinistik davrga oid turkuaz va qora hoshiyali aqiqdan yasalgan marjon hamda aqiq toshlari qo‘llanilgan oltin marjonlar mavjud. Ta’kidlanishicha, bunday zargarlik buyumlari ko‘pincha sovg‘a sifatida emas, balki ayirboshlash va pul vositasi sifatida ham ishlatilgan.
«Marjonlardan ikkitasi miloddan avvalgi III-I asrlarga to‘g‘ri keluvchi Ellinistik davrga tegishli. Ushbu davr zargarlik san’atining rivojlangan davri sifatida e’tiborlidir. Yana biri esa undan ancha oldingi, ehtimol, miloddan avvalgi birinchi mingyillikda Baqtriya hududida yaratilgan bo‘lishi mumkin. Bu taqinchoqlar turli ustaxonalarda ishlangan bo‘lib, ularda turli mintaqalardan olib kelingan toshlar qo‘llanilgan», – deydi galereya vakili Solomon Aaron.
Artefaktlarni topshirish madaniy merosni tiklash va targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro dasturning bir qismidir. «Bu tariximizni asrab-avaylashga qo‘shilgan salmoqli hissadir», – dedi galereya vakili. Artefaktlar muzey zallariga joylashtirilgangan va ular doimiy ko‘rgazmaning bir qismiga aylanadi.
David Aaron galereyasi islomiy san’at va Markaziy Osiyo qadimgi buyumlari yo‘nalishida uzoq yillik tajribaga ega bo‘lib, muzey darajasidagi ashyolarning ishonchli manbalardan olinishiga alohida e’tibor qaratadi.
«Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori» mavzuidagi ikki kunlik forum Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan tashkil etildi. Tadbirda 20 dan ortiq davlatdan 200 dan ortiq olim va ekspertlar ishtirok etdi. TURKSOY, ISESCO, IRSICA, Al-Furqan kabi milliy va xalqaro ilmiy tashkilotlarning vakillari ekspert sifatida ishtirok etdi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.
	
			
			
			
			
			
			


