Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston va AQSH munosabatlari barqarorlik va prognoz qilsa bo‘ladigan bosqichiga o‘tdi. Bu haqda prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ta’kidladi, deb yozadi «Gazeta.uz».
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar ikki shartli bosqichdan o‘tgan. 2017 yilgacha hamkorlik «yetarlicha barqaror bo‘lmagan» va asosan xavfsizlik va Afg‘oniston masalalari bilan cheklangan. «Savdo-iqtisodiy yoki investitsiya sohasidagi hamkorlikka kelsak, afsuski, bu borada sezilarli natijalarga erisha olmaganmiz», — deb ta’kidladi u.
2016 yili prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng vaziyat o‘zgardi. Komilov O‘zbekiston rahbarining 2018 yili Vashingtonga rasmiy tashrifi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab berganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, ikki tomonlama hamkorlik kun tartibi endi yanada kengayib, nafaqat xavfsizlik masalalari, balki savdo-iqtisodiy, gumanitar, ta’lim va sarmoyaviy sohalarni ham qamrab olgan.
«Amerika elitasining deyarli barcha vakillari, jumladan, siyosiy doiralar va biznes vakillari mamlakatlar hamkorlikning yangi bosqichi boshlanayotganini tan olmoqda», — dedi Komilov.
Toshkent va Vashington o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralarning asosiy natijasi, maslahatchining fikriga ko‘ra, munosabatlar barqarorlik va prognoz qilish mumkin bo‘lgan bosqichiga o‘tdi. Komilovning qayd etishicha, hozirda ikki tomon ham strategik masalalarni, ham hamkorlikning uzoq muddatli istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatiga ega.
Komilov Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasida ilgari surgan xalqaro tashabbuslariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Maslahatchi bu takliflar mamlakat milliy manfaatlariga asoslangani va global ahamiyat kasb etishiga urg‘u berdi.
«Tashabbus va takliflar, ular O‘zbekiston Respublikasining hayotiy muhim milliy davlat manfaatlariga bevosita aloqador. Nega ular global? Chunki O‘zbekiston atrofidagi mintaqada mavjud bo‘lgan bir qator chaqiriq va tahdidlar, xavf-xatarlarni faqat keng xalqaro va hatto global darajada hal qilish mumkin», — dedi Komilov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaviy xavfsizlik, ekologiya, Orol taqdiri, yoshlar masalasi Toshkentning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda. Komilov Mirziyoyevning diqqat markazida «birinchi navbatda O‘zbekiston, O‘zbekiston va yana bir bor O‘zbekiston» turishini aytib o‘tdi.
ℹ️ Abdulaziz Komilov 1947 yil noyabr oyida Yangiyo‘l shahrida tug‘ilgan va SSSR Tashqi ishlar vazirligi Diplomatik akademiyasini tamomlagan. U tarix fanlari nomzodi, arab va ingliz tillarini biladi. Mehnat faoliyatini Livan va Suriyadagi sovet elchixonalarida boshlagan, keyin SSSR Tashqi ishlar vazirligi va ilmiy muassasalarda ishlagan. 1991 yildan so‘ng mustaqil O‘zbekiston tuzilmalariga o‘tgan: Rossiyadagi elchi maslahatchisi, Milliy xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari, 1994 yildan Tashki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, so‘ng Tashqi ishlar vaziri va bir vaqtning o‘zida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori lavozimlarida ishlagan.
Prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha davlat maslahatchisi sifatida to‘rt yil ishlaganidan so‘ng (2003 yil) Komilov AQSH, Kanada va Braziliyaga (qarorgohi Vashingtonda) elchi etib yuborilgan. 2010 yili yana vazirning birinchi o‘rinbosari, 2012-2022 yillari Tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan. 2022 yil aprel oyida u Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, 2022 yil iyun oyida prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili bo‘lib ishlagan, 2025 yil iyul oyida esa prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga o‘tgan.



