RFA Sharqshunoslik instituti direktori: «Islom Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi «rishta»dir»

Alikber Alikberov. ITSM marbuot xizmati fotosurati

Rossiya Fanlar akademiyasi (RFA) Sharqshunoslik instituti direktori Alikber Alikberov Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro kengashi forumi doirasida jurnalistlar savollariga javob berarkan, Rossiya va O‘zbekiston musulmonlari o‘rtasidagi diniy aloqalar haqida gapirib o‘tdi.

Islomni Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi «rishta» deb atash mumkinmi?

— Ishonchim komilki, mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘plab aloqa nuqtalari mavjud: madaniy, tarixiy va siyosiy. Bizlarni nafaqat sovet davri bog‘laydi: jamiyatda hissiy va qadrlanadigan uzoq umumiy tarix mavjud. Islom muhim «rishta»lardan biridir. Buxoro, Samarqand va Toshkent (Shosh) asrlar davomida musulmonlar ilmi markazlari bo‘lgan; Sovet davrida O‘zbekiston islom ta’limining asosiy markazi bo‘lib qolgandi. Aynan shu zaminda islom an’analarining o‘zagini tashkil etuvchi ta’limot va ulamolar paydo bo‘lgan: Qur’ondan keyingi muhim manba bo‘lmish sahih hadislar to‘plamining muallifi — Imom Buxoriy, va samarqandlik mutafakkir Abu Mansur Moturidiy asosiy diniy maktablardan biriga asos solgan.

Bugun O‘zbekiston rossiyalik musulmonlarini nimasi bilan jalb qilmoqda?

— Rossiyadagi musulmonlarning aksariyati hanafiylar bo‘lib, ularning diniy asoslari to‘g‘ridan to‘g‘ri Moturidiy merosi bilan bog‘liq. Bugungi kunda O‘zbekiston, shuningdek ziyoratgoh markaziga aylangan: bu yerda Bahouddin Naqshband maqbarasi joylashgan bo‘lib, Rossiyadan ziyoratchilar tashrif buyurishadi. Bu respublikaning muhim roli hisoblanadi va uning amalga oshirilayotgani quvonarli.

Amaliy jihatni qo‘shimcha qilaman: Rossiya hozirda o‘zining islom dini maktablarini tiklamoqda va bu yerda O‘zbekistonning hissasi katta. Sizning tajribangiz bo‘lmaganda, biz uchun ishlash ancha qiyin bo‘lardi, zero tarixan Rossiyadagi islom O‘zbekistondagi islom bilan chambarchas bog‘liq. Bu hammaga ma’lum: XVIII asrda Yekaterina II Orenburg musulmonlari ma’naviyat assambleyasini (muftiylik prototipi) tashkil qilganida, Samarqand va Buxorodan olimlar jalb qilingan. Arxivlarda biz arab tilidagi muqaddas matnlar — Qur’on va hadislarni ko‘ramiz; muhim yozishmalar fors tilida olib borilgan; turkiy tildagi bitiklar ham bor. Rus kolleksiyalarida arab, fors va turkiy tillardagi qo‘lyozmalarning mavjudligi ko‘p yillik ilmiy va ma’naviy aloqalarning bevosita natijasidir. Bizning yevrosiyoligimiz nafaqat jug‘rofik va siyosiy, balki muhim ma’naviy jihatga ham ega va islom haqiqatan ham uni bog‘lab turuvchi «rishta» bo‘lib xizmat qiladi.

Islom sivilizatsiyasi markazidagi Qur’on zali suralar soniga to‘g‘ri keladigan 114 ta Qur’on nusxasini joylashtirishni rejalashtirmoqda. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?

— Ramziy ma’noda bu juda kuchli. Sizda jahon darajasidagi marvarid — Qur’onning eng qadimgi nusxalaridan biri bo‘lgan Usmon Musxafi bor. Xalifa Usmon, ma’lumki, matnning kanonizatsiyasini uyushtirgan: u Payg‘ambarimiz S.A.V sahih so‘zlarini saqlab qolish uchun kalimalarni taqqoslab tekshirish va standartlashtirish ishlarini olimlar qo‘mitasiga topshirgan. Usmon Musxafi alohida manba bo‘lib, «114» g‘oyasi Vahiy tuzilmasiga ongli ishoradir. Islomda ramziylikka katta e’tibor beriladi va bu yerda u nozik va ishonchli o‘rnini topgan.

Zallarning vizual va ilmiy dizayni ham menga yoqdi. Misol uchun, Abu Rayhon Beruniy xonasida men oy grafiklarini ko‘rdim — bu uning astronomik ishlariga aniq havoladir.

Ba’zi joylarda men «risola-texnologiya» aloqasini mustahkamlagan bo‘lardim: o‘rta asr qo‘lyozmasi sahifasi yoniga Pythondagi zamonaviy mashhur algoritm kodini joylashtirgan bo‘lardim.

Bu Al-Xorazmiy bilan bog‘liq bo‘lgan «algoritm» so‘zidan kelib chiqqan holda, bugungi raqamli asrning ildizi ana shu intellektual an’anaga asoslanganligini yaqqol ko‘rsatadi.

Sun’iy intellekt hayot tarzi va ijtimoiy o‘zaro ta’sir modellarini o‘zgartirmoqda; yangi davrga uning klassik matematika va Markaziy Osiyo astronomiyasidagi o‘rnini ko‘rsatgan holda kirib kelish — to‘g‘ri qadamdir.

Simvolizm haqida gapiryapsiz. «Al-Xorazmiy algoritmlari» va deylik, Kisvani yonma-yon qo‘yish qanchalik o‘rinli? Ilm va din o‘rtasida ziddiyatlar bormi?

— Tarixan G‘arbda bo‘lgani kabi musulmon sivilizatsiyasida fan qarama-qarshilikda emas, balki diniy tafakkur bilan muloqotda rivojlangan. Bular turli sohalar, lekin ular doimo muloqotda bo‘lgan. Al-G‘azzoliy ularni ayri qilmagan holda ilm sohalarini ehtiyotkorlik bilan ajratgan. Inson ongi yashalgan tajribani aks ettiradi: imonli kishi uchun ruhiy dunyoning haqiqati fizika qonunlari haqiqati kabi ravshandir. Nizo fanni dinga qattiq qarshi qo‘yganda yoki dinni dunyoviylashtirish yoki siyosiylashtirishga urinishlar sodir bo‘lganda yuzaga keladi. Bunday qarama-qarshilik bo‘lmasa va to‘g‘ri talqin tanlansa, qarama-qarshiliklar paydo bo‘lmaydi. Hatto Darvin nazariyasi atrofidagi zamonaviy munozaralar ham ko‘plab diniy oqimlar tomonidan ilohiy rejaning bir qismi sifatida tushuniladi: Xudoning amrisiz hech narsa sodir bo‘lmaydi. Binobarin, bu yerda namoyish etilayotgan muqaddas osori-atiqalar va ilmiy g‘oyalarning yonma-yon qo‘yilishi o‘rinli va ilohiyot, falsafa va tabiatshunoslik asrlar davomida yonma-yon yashab kelgan islom sivilizatsiyasi ruhini to‘g‘ri ifodalaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida Islom sivilizatsiyasi markazini bag‘rikenglik siyosati va ma’rifiy islom g‘oyasini o‘rganish kontekstida tilga oldi.

— Ortga qaramasdan oldinga qarash kerak, deyishadi. Ammo chuqur madaniy ildizlarga va sivilizatsiya xotirasiga ega xalqlar rivojlanishning uzoq muddatli dinamikasini ko‘ra oladi va shuning uchun yanada mustahkamroq harakat qiladi. Prezident aynan shunday dedi: tarix va madaniyat bizni muvaffaqiyatli va barqaror rivojlantirish imkonini beruvchi bazis, poydevordir. Bu ushbu zallar va turli Renessans davrlari misollarida muhokama qilayotgan modernizatsiya jarayonlarining davom etishini kafolatlaydi.

Har qanday taraqqiyot sakrash va chegaralarda — bir darajadan boshqasiga o‘tadi. Bugun O‘zbekiston tanlayotgan yo‘l – modernizatsiya, qurilish va bunyodkorlik yo‘li mustahkamlanib, hayotga tatbiq etiladi. Tarix va zamonaviylik o‘rtasidagi bog‘liqlik bizga ishonch bag‘ishlaydi: o‘tmishga tayanib, biz rivojlanish strategiyasini yanada ishonchli qurishimiz va amalga oshirishimiz mumkin. Har bir mamlakatda bunday strategiyalar bo‘lishi kerak, ammo, afsuski, hamma ham ularga ega emas va strategilarning barchasi taraqqiyotga yo‘naltirilgan emas.

O‘zbekistonning omadi bor ekan: uning prezidenti kelajakka yuzlangan, xalq manfaati uchun taraqqiyotga intilmoqda.

Sizlarni Toshkent shahrining markazidagi qadimiy Shoshdagi ushbu ajoyib obida bilan tabriklayman. Bu yerda bir paytlar taniqli Toshkent Sharqshunoslik instituti va boshqa ko‘plab mashhur ilmiy muassasalar faoliyat ko‘rsatgan. Endilikda yangi bilimlarni ilgari suradigan, meroslarni bir joyda tjamlaydigan, uni avaylab-asrab, o‘rganadigan Markaz tashkil etilmoqda. Meroslarni asrash va tadqiqot qilish eng muhim narsadir.

«Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori» mavzuidagi forum Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan tashkil etildi. Tadbirda 20 dan ortiq davlatdan 200 dan ortiq olim va ekspertlar ishtirok etdi. TURKSOY, ISESCO, IRSICA, Al-Furqan kabi milliy va xalqaro ilmiy tashkilotlarning vakillari ekspert sifatida ishtirok etdi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.