O‘zbekistondagi birinchi auksion uyi Islom sivilizatsiyasi markaziga XVIII asrga oid usturlobni hadya qildi

Hadyani topshirish marosimi. ITSM matbuot xizmati fotosurati

Toshkent shahrida o‘tgan «Buyuk o‘tmish merosi — ma’rifatli kelajak asosi» xalqaro ekspertlar forumi doirasida respublikadagi ilk auksion uyi — Art Vernissage tomonidan Islom sivilizatsiyasi markaziga XVIII asrga oid noyob artefakt — Samarqandda yaratilgan 1711 yilgi latun usturlob hadya qilindi, deb xabar beradi Markaz matbuot xizmati.

21 sm uzunlikdagi ushbu ilm asbobi almashtiriladigan plastinalar bilan jihozlangan bo‘lib, turli jug‘rofik kengliklarda qo‘llash imkonini bergan. Shu xususiyati tufayli usturlob o‘sha davrda ko‘p maqsadli ilmiy qurilma hisoblangan.

«Bu mukammal asbob ayniqsa XV–XVIII asrlarda dunyo miqyosida eng ilg‘or qurilma sifatida e’tirof etilgan. Markaz ekspozitsiyasidagi mazkur usturlob islom dunyosi olimlarining yuksak bilim va mahoratini namoyon etib, barcha mehmonlarda katta taassurot qoldiradi, degan umiddamiz», — dedi Art Vernissage auksion uyi direktori Shavkat Sultonov.

ℹ️ «Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori» mavzuidagi forum Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan tashkil etildi. Tadbirda 20 dan ortiq davlatdan 200 dan ortiq olim va ekspertlar ishtirok etdi. TURKSOY, ISESCO, IRSICA, Al-Furqan kabi milliy va xalqaro ilmiy tashkilotlarning vakillari ekspert sifatida ishtirok etdi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.