Rossiya prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyati va Inson Huquqlari Kengashi (IHK) rahbari Valeriy Fadeyev Rossiyada mehnat migrantlari «etnik anklavlar» tashkil etayotgani, ularning ayrimlari xatti-harakati ijtimoiy keskinlikni keltirib chiqarayotganidan xavotir bildirdi. Bu masala 2 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan MDHda yagona mehnat bozorini barpo etish sharoitida migratsiya siyosatini takomillashtirishga bag‘ishlangan davra suhbatida ko‘tarildi, deb xabar beradi IHK Telegram-kanali.
Fadeyevning tushuntirishicha, ko‘pincha bu «etnik anklavlar»da toshkentlik ziyolilar emas, balki «chekka qishloqlar turmush tarzi»ga kshnikkan odamlar yashaydi.
«Ijtimoiy taranglik mana shu yerda paydo bo‘ladi. Bu madaniyat, til va o‘zaro munosabatlar masalasidir. Metroda kimdir joynamoz to‘shasa yoki mikroavtobus haydovchisi namoz o‘qiy boshlasa, bu deyarli yovvoyi holatdek ko‘zga tashlanadi», — dedi IHK rahbari.
U namoz o‘qishga qarshi emasligini, biroq Fadeyev islom dini yetakchilari bilan maslahatlashganidan so‘ng aniqlashicha, jamoat joylarida namoz o‘qish zamon ruhiga ham, Payg‘ambar S.A.V o‘gitlariga ham to‘g‘ri kelmasligini qo‘shimcha qildi.
Rossiyalik mulozim o‘z nutqida yana bir dolzarb masalaga to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, Rossiyada bir necha yuz ming muhojir farzandlari maktabga bormaydi. Fadeyev buni «qabul qilib bo‘lmaydigan holat» deb atadi, zero Rossiya va O‘zbekiston konstitutsiyalarida barcha fuqarolar umumiy o‘rta ta’lim olishi shartligi aniq belgilab qo‘yilgan.
«Biz ularga rus tilini o‘z mamlakatida yoki istisno hollarda Rossiyada o‘rgatish mexanizmlarini ko‘rib chiqishimiz kerak», — degan taklifni ilgari surdi Kengash rahbari.
Shu bilan birga, Inson Huquqlari Kengashi rahbari mehnat migratsiyasi har ikki davlat uchun ham muhim ekanini ta’kidladi. U keltirgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Rossiyada 2 millionga yaqin o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda. O‘tgan yili ular vataniga taxminan 11,5 milliard dollar jo‘natgan, bu Markaziy Osiyo respublikasi yalpi ichki mahsulotining 9 foizini tashkil qiladi.
Shu bilan birga, chet el ishchi kuchi Rossiya uchun ham foydali, chunki migrantlar turli bozorlarda ishtirok etmoqda, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar yaratib, iqtisodiyotga hissa qo‘shmoqda.
Biroq, O‘zbekiston rasmiylari boshqa raqamni keltirdi. Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev davra suhbatida ta’kidlashicha, Rossiyada 1,3 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarolari mehnat qilmoqda. Biroq, bu ko‘rsatkichlar mavsum va talabga qarab o‘zgaruvchan bo‘ladi. Tabiiyki, qishda migrantlar soni qisqaradi, deya tushuntirdi rasmiy.
Shu bilan birga, O‘zbekistondan ishchi kuchiga talab yuqori. Bu yil Rossiya kompaniyalari 150 000 dan ortiq migrantni ishga olish uchun ariza topshirgan, ulardan 100 000 dan ortig‘i Rossiyaga uyushgan holda jo‘natilgan. Bundan tashqari, chet elliklar nafaqat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaliklarida, balki yirik korxonalarda – «Gazprom» va «Lukoyl»dan tortib, «KamAZ» va «AvtoVAZ»gacha ishlashadi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			


