Katanes va Stoilovning sobiq jamoadoshi Tojikiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi

Goran Stevanovich. TFF matbuot xizmati fotosurati

Serbiyalik mutaxassis Goran Stevanovich futbol bo‘yicha Tojikiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu haqda respublika Futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Stevanovich so‘nggi ikki yil davomida jamoani boshqargan gruziyalik murabbiy Gela Shekiladzening o‘rnini egalladi.

«Farg‘ona» xabariga ko‘ra, shartnoma 2027 yilgi Osiyo Kubogi saralash bosqichi yakuniga qadar, uzaytirilishi mumkin.

Stevanovichga Qozog‘istonning «Atirau» klubida tojikistonlik futbolchilar Xusrav Toirov va Fathullo Olimzoda bilan birga ishlagan Milan Pavlovich va Radmilo Azaniyatslar yordam berishadi.

«Farg‘ona» ma’lumotiga ko‘ra, terma jamoa bosh murabbiyligiga nomzodlar ro‘yxatida Tojikiston terma jamoasining sobiq ustozi Petar Segrt, Turkmaniston terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi xorvatiyalik Ante Mishe, germaniyalik Villi Kronxardt va bir qancha rossiyalik mutaxassislar bo‘lgan.

Qizig‘i shundaki, Goran Stevanovich o‘tgan asrning 80-yillarii Belgradning «Partizan» klubida bir necha o‘n yillar o‘tib O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqargan Yugoslaviya yulduzlari Predrag Miyatovich, Zlatko Zaxovich va Srechko Katanes bilan birga o‘ynagan. Keyinchalik, 1990-yillari Stevanovich qisqa vaqt davomida Qozog‘iston terma jamoasining bo‘lajak murabbiyi Stanimir Stoilov bilan birga Portugaliya chempionatida «Kampomayorense»da o‘ynadi.

Murabbiy sifatida Stevanovich «Partizan» bilan ishlagan, u bilan Serbiya chempionligini qo‘lga kiritgan, Gana terma jamoasi bilan Afrika Millatlar Kubogining yarim finaliga chiqqan, Serbiya yoshlar terma jamoasi, shuningdek, Gretsiya va Xitoy terma jamoalari bilan birga ishlagan. Uning so‘nggi murabbiylik lavozimi Serbiya ikkinchi divizionidagi «Napredak» klubi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston terma jamoasi ikki turdan so‘ng Osiyo Kubogi saralash guruhida peshqadamlik qilmoqda. Ularning navbatdagi saralash o‘yinlari 9 va 14 oktyabr kunlari Maldiv orollari termasiga qarshi o‘tkaziladi.