O‘zbekiston startap ekotizimining o‘sishi bo‘yicha Kremniy vodiysidan o‘zib ketdi

it-park.uz sayti fotosurati

Oxirgi besh yil ichida O‘zbekiston startap ekotizimining bahosi 5 baravar oshdi va ayni paytda 3,9 milliard dollarni tashkil etmoqda. Qolaversa, Markaziy Osiyo respublikasining o‘sish sur’ati hatto Kremniy vodiysidan ham, Hindiston, Turkiya, Litva kabi ilg‘or IT-mamlakatlaridan ham o‘tib ketdi. Dealroom.co xalqaro tahliliy platformasi ekspertlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan ICT Week 2025 tadbirlarida ana shunday xulosalarni taqdim etdi, deb yozadi Repost.uz.

Mutaxassislarning fikricha, vaziyat O‘zbekistonda IT-loyihalar bozori jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi. Qayd etilishicha, mamlakatda yosh startaplardan tortib yirik kompaniyalargacha to‘laqonli o‘sish zanjiri shakllanmoqda.

Tahlilchilar bozor yetakchilari sifatida Uzum, TBC Bank Uzbekistan, Click, Billz, Alif, Green White Solutions (Smartup), FOM Group (ArzonApteka), Oson va FlexSoft kabi kompaniyalarni aniqlashdi. Ushbu ro‘yxatda birinchi bo‘lib sanab o‘tilgan ikkita brend ajralib turadi. Ular endi bozor bahosi 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan texnologiya kompaniyalari sifatida belgilangan «yakka shox» maqomiga erishdilar. Bu O‘zbekistonda jahon andozalari darajasidagi loyihalarni yaratish mumkinligini anglatadi, deb yozadi Dealroom.co.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, mamlakatdagi 54 ta startap EdTech sohasida, 51 tasi FinTech sohasida, 31 tasi logistika va yetkazib berishni optimallashtirish, 26 tasi sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekistonliklar tomonidan asos solingan 50 dan ortiq startaplar AQSH va Buyuk Britaniyadan tortib Fors ko‘rfazigacha bo‘lgan xalqaro bozorlarda faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston startaplari jalb etgan sarmoyalarning umumiy hajmi 9 million dollarga yaqinlashmoqda.

Darvoqe, ICT Week doirasida o‘tkazilgan ixtisoslashtirilgan sammit chog‘ida Markaziy Osiyoda xorijiy kapital ishtirokidagi birinchi Yevropa venchur fondi — Domino Uzbekistan Fund ishga tushirilgani e’lon qilindi. Tashkilot istiqbolli loyihalarga 20 million dollar sarmoya kiritishga tayyor.

Bundan tashqari, IT Park Ventures startaplarga Amazon xizmatlaridan foydalanish imkonini beruvchi AWS Activate provayderiga aylandi.

«AWS bilan biz ta’sischilarga jahon miqyosidagi yetakchilarni yetishtiradigan bir xil infratuzilmaga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish imkoniyatini beramiz. Bu butun ekotizim uchun o‘yinni o‘zgartiradi», — deya ta’kidladi IT Park Uzbekistan direktori Abdulaxad Qo‘chqorov.

ℹ️ Dealroom.co 2013 yili Amsterdamda tashkil etilgan bo‘lib, startaplar, innovatsiyalar, yuqori o‘suvchi kompaniyalar, ekotizimlar va rivojlanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumotlar yetkazib beruvchi yetakchi hisoblanadi. Kompaniya venchur kapitalining shaffofligi, tahlili va tushunchasini ta’minlash uchun ko‘plab taniqli investorlar, tadbirkorlar va davlat idoralari bilan hamkorlik qiladi.