O‘zbekistonning barcha hududlarida sun’iy intellekt bo‘yicha xakatonlar o‘tkaziladi

O‘zbekistonning barcha hududlarida innovatsiyalarni rag‘batlantirish va istiqbolli yechimlarni aniqlash maqsadida sun’iy intellekt (SU) xakatonlari o‘tkaziladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish hamda ularni iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga keng joriy etish taqdimotida ma’lum qilindi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Majlisda prezidentga O‘zbekistondagi SI rivojlanishining asosiy yutuqlari va strategik yo‘nalishlari taqdim etildi. Jumladan, Nukusda sog‘liqni saqlash bo‘yicha HealthTech AI Hackathon musobaqasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi. Shavkat Mirziyoyev bu tajribani kengaytirib, ta’lim, sud tizimi, suv xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarida ham o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi.

ℹ️ Xakaton — bu cheklangan vaqt ichida jamoalar yangi mahsulotlar, xizmatlar yoki yechimlar prototiplarini ishlab chiqadigan intensiv tadbirdir. Eng yaxshi loyihalar sovrinlar oladi, qo‘llab-quvvatlanadi yoki kelgusida rivojlanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Davlat rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda bu sohada tizimli islohotlar amalga oshirilib, mamlakat sun’iy intellektni tatbiq etish bo‘yicha xalqaro reytingda 17 pog‘ona yuqorilgani, hozirda O‘zbekiston 188 davlat ichida 70-o‘rinni, Markaziy Osiyo bo‘yicha esa birinchi o‘rinni egallaganini qayd etdi. Prezident ta’kidlaganidek, bu natijalar sohada qo‘yilgan ilk qadamlar samarasidir, ammo oldinda hali ko‘p ish turibdi. Shu maqsadda o‘tgan yili 2030 yilgacha mo‘ljallangan Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi va Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etildi.

Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt loyihalarini joriy etish maqsadida 50 million dollar mablag‘ ajratilgan. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ekologiya va moliya sohalarini qamrab olgan 86 ta loyiha shakllantirildi. Hozirda sun’iy intellektni qo‘llash uchun zarur hisoblash imkoniyatlarini yaratish maqsadida «superkompyuter klasteri»ni tashkil etish ishlari jadal olib borilmoqda.

Prezident xorijiy va mahalliy tajribalarni o‘rganib borish zarurligini, buning uchun mazkur sohada samarali faoliyat yuritayotgan vatandoshlar, xorijiy ekspertlar va xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerakligini ta’kidladi.

Majlisda sohani kadrlar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor berildi. Bu ishlarni maktablardan boshlash, informatika o‘qituvchilarini qayta tayyorlash, yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. «Bir million sun’iy intellekt yetakchilari» milliy dasturi doirasida yoshlar uchun aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalari ishga tushirildi, ularda SI bo‘yicha 5 ta bepul onlayn o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Dastur doirasida 2027 yilga qadar 1 million nafar yosh sun’iy intellekt sohasidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.

Mirziyoyev taqdimot qilingan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlab, ularni sun’iy intellektni joriy etishni yanada jadallashtirish, ilg‘or tajribani amaliyotga tatbiq etish, sohada kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishida yanada takomillashtirish va kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Taqdimotda sun’iy intellekt sohasida zamonaviy hisoblash quvvatlarini O‘zbekistonda yaratish, ma’lumotlar markazlarini qurish va bunga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun jozibador muhitni ta’minlashga urg‘u berildi.