O‘zbekiston Senati Farg‘ona viloyatida ayolning tahqirlanishi bilan bog‘liq hodisani o‘z nazoratiga oldi

Kun.uz sayti fotosurati

O‘zbekiston Senati Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi maktab direktorining hibsga olinishi va omma oldida tahqirlanishi bilan bog‘liq hodisani o‘z nazoratiga oldi. Bu haqda Oliy Majlis yuqori palatasi (O‘zbekiston parlamenti) matbuot xizmati xabar berdi.

Voqea shu yilning 17 aprel kuni sodir bo‘lgan. Kun.uz xabariga ko‘ra, o‘sha kuni Furqat tumanidagi 29-maktab direktori Gulira’no Qosimova yo‘l-transport hodisasida jabrlangan turmush o‘rtog‘ini ikkinchi operatsiya qilish uchun qarz so‘rab, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonovning qabulxonasiga kelgan. Shu payt ofisga fuqaro kiyimidagi ichki ishlar xodimlari bostirib kirishadi. Ular Qosimova va Abdurahmonovlarni kaltaklab, yechintirishadi va ularni yalang‘och holda videoga olishadi. Qosimovadan Abdurahmonov uni jinsiy aloqa qilishga majburlagani haqida ariza yozishni so‘rashadi, biroq ayol kaltaklanganiga va uning eriga xotini «boshqasi bilan don olishi» borasidagi gaplar yetkazilishiga oid tahdidlarga qaramay, Abdurahmonovga tuhmat qilishdan qat’iyan bosh tortadi.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, bu voqea Abdurahmonov bilan ziddiyatda bo‘lgan Furqat tumani IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayevning qasddan uyushtirgan provokatsiyasi bo‘lgan. Xo‘jayev Qosimovaning soliq inspektori huzuriga borishidan foydalanib, Abdurahmonovni hibsga olish va uni ayolni jinsiy zo‘rlashga uringanlikda ayblash uchun foydalanmoqchi bo‘lgan.

Mazkur voqeadan so‘ng Gulira’no Qosimova chuqur ruhiy tushkunlikka tushadi, ammo davolanishdan so‘ng adolat uchun kurashishga qaror qiladi va voqeani ommaga oshkor qiladi. Qosimovaning so‘zlariga ko‘ra, tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari unga jim turishi uchun 50 ming dollargacha pul taklif qilishgan va u rad javobini berganidan so‘ng uning yosh bolalariga nisbatan tahdidlar bo‘lgan. Shunga qaramay, u voqeaga aloqador barcha shaxslarni javobgarlikka tortishni talab qilgan.

Natijada, iyun oyida Furqat tumani ichki ishlar bo‘limining sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Ularga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari, jumladan, shaxsiy hayot daxlsizligini buzish (141-1-modda 2-qism), inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilish (141-3-modda 2-qism), mansab vakolatini suiiste’mol qilish (206-modda, 1-qism) va tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini qalbakilashtirish (230-2 modda 1-qism) bilan ayblangan.

Xo‘jayev va Rasulov dastlab hibsga olingan, biroq keyinroq 15 million so‘m (taxminan 1200 dollar) garov evaziga qo‘yib yuborilgan. Hozirda tergov yakunlanib, jinoyat ishi sudga yuborilgan.

Ishda asosiy dalil Gulira’no Qosimova va Qurbonali Abdurahmonovlar jinsiy aloqada bo‘lmaganliklarini tasdiqlovchi videokuzatuv kameralari tasvirlari bo‘lgan. Buning o‘rniga, zobitlar ularga jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qilishgan. Kadlarda ayolning yechinishga majburlangani, erkak esa kaltaklangani aks etgan. Shuningdek, «qo‘lga olinganlik» haqidagi xabar 102 tezkor xizmatiga soat 17:21 da kelib tushgani, Qosimovaning o‘zi ichki ishlar bo‘limiga soat 16:58da olib kelingani, navbatchi esa go‘yo qo‘ng‘iroqni soat 17:00 da qabul qilgani, bu hujjatlar qalbakilashtirilganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, Rasulov va hodisaga aloqador bir necha zobitlar o‘z lavozimlarini saqlab qolishgan va jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan. Qosimova voqeaning barcha ishtirokchilari jazolanishi kerakligini ta’kidlamoqda.

Farg‘ona viloyat prokuraturasi Kun.uz nashriga surishtiruv ishlari davom etayotganini tasdiqlagan.

O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Feruza Eshmatova) ham ushbu holatga e’tibor qaratdi.

«Ombudsman insoniylikka qarshi bo‘lgan har qanday xatti-harakatlarni qat’iy qoralaydi hamda mazkur holatga aloqador bo‘lgan har bir shaxslarning qilmishi har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganilishi ta’minlanishini so‘raydi», — deyiladi Ombudsman saytidagi bayonotda.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi «qonun buzilishi holatining har qanday ko‘rinishiga murosasiz ekanini» e’lon qildi va «Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qonuniy qaror qabul qilinishi yuzasidan tegishli parlament nazorati» o‘rnatdi.