O‘zbekiston ijro hokimiyatida 2141 ta shtat birligi qisqartiriladi. Bu Prezidentning «Boshqaruv apparatini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, mazkur qaror davlat boshqaruvini modernizatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida qabul qilingan. Davlat organlarida zamonaviy raqamli texnologiyalar va bozor mexanizmlarini joriy etish, davlat funksiyalarini bajarishga xususiy sektorni jalb etish shular jumlasidandir. Ushbu islohotlardan maqsad milliy ijroiya organlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda ma’muriy xarajatlarni kamaytirishdan iborat.
Eng katta qisqartirishlar Soliq qo‘mitasi (486 ta o‘rin), Suv xo‘jaligi vazirligi (224 ta), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (218 ta), Adliya vazirligi (197 ta), Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi (176 ta), Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (163 ta) yuz beradi.
Iqtisodiyot va Moliya vazirligi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi va vazirlik huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasida zamonaviy xizmatlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezidentning iyundagi qarorida qayd etilgan 1080 tadan tashqari 56 ta rahbar shtat birligi qisqartiriladi.
Bundan tashqari, bir qancha qo‘mitalar, idoralar va inspeksiyalar rahbarlari bittadan o‘rinbosarlarini yo‘qotadi, Transport inspeksiyasidagi uchta o‘rinbosarlik lavozimidan ikkitasi tugatiladi.
ℹ️ O‘zbekistonda ma’muriy islohotlarga 2022 yil dekabrida start berilgandi. Shu jumladan, barcha vazirliklarning shtat birliklarini 30 foizga qisqartirish rejalashtirilgan edi. 2023 yil yanvar oyida prezident vazirlik va idoralardagi umumiy xodimlar sonini 56 573 nafarga qisqartirish to‘g‘risida buyruq bergandi. Natijada, davlat organlari 17,5 mingga yaqin shtat birligiga yoki xodimlar umumiy sonining 24 foiziga qisqardi. 2024 yilning noyabriga qadar davlat organlarining boshqaruv xodimlari soni yana 2949 birlikka qisqartirildi.



