Rossiyada mahalliy tarmoqda ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng 24 soat davomida xorijiy sim-kartalar va eSimdagi mobil internet va SMS xizmatlari bloklana boshlandi. Yangi qoida 6 oktyabrdan boshlab kuchga kirdi va u «Rossiya davlat idoralari talablari» bilan bog‘liq. Aloqa operatorlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va boshqa mamlakatlardagi abonentlarga tegishli xabarlarni yuborishni boshladilar.
Unga ko‘ra, foydalanuvchilar Rossiyaga kirganidan so‘ng 24 soat davomida mobil internet yoki SMS xizmatlaridan foydalana olmaydi. Unga bog‘lanish 24 soatdan keyin avtomatik ravishda tiklanadi. Biroq, ovozli qo‘ng‘iroqlar ishlaydi — foydalanuvchilar odatdagidek qo‘ng‘iroqlarni qabul qilishi va o‘zlari qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.
Yangi qoidalarga oid press-reliz e’lon qilgan Belarus aloqa va axborot vazirligining aniqlik kiritishicha, agar mahalliy tarmoqda ro‘yxatdan o‘tgan sim-kartada uch kun davomida faollik kuzatilmasa, cheklovlar yana 24 soatga tiklanadi. Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi xorij sim-kartalarining bloklanishiga hali rasman izoh bermagan.
Shu yilning avgust oyida Rossiya Raqamli rivojlanish, kommunikatsiyalar va ommaviy axborot vositalari vaziri Maqsut Shadayev ham xuddi shunday chorani («sovutish davri» deb ataladi) kiritishni taklif qilgandi.
«Biz chet el sim-kartalari Rossiyaga kirganidan so‘ng bir necha soat sovib turishi va ularning mobil internet xizmatlaridan foydalanmay turishiga kelishib oldik», — dedi u «Raqamli evolyutsiya» forumida («Interfaks» keltirgan iqtibos). Biroq, o‘shanda kartalar mahalliy tarmoqda ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng dastlabki besh soat davomida faol bo‘lmasligi muhokama qilingan.
Bunday chora xavfsizlik maqsadida, «dronlardagi sim-kartalarga qarshi kurashish uchun» taklif qilinmoqda, deb tushuntirdi vazir.
Shu bilan birga, chet el fuqarolari muhim ommaviy xizmatlardan foydalanishi, jumladan taksiga buyurtma berishi uchun «kapcha» (foydalanuvchi robot emas, inson ekanini aniqlovchi test — tarj.izohi) joriy etish rejalashtirilgan.



