Pokistonning Bilim va davlat siyosati markazi rahbari ITSMning strategik ahamiyati haqida so‘z yuritdi

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi. cisc.uz sayti fotosurati

Pokistonning Bilim va davlat siyosati markazi prezidenti doktor Mahmud Al Hassan Xon nufuzli Pakistan Observer nashrida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazining (ITSM) strategik ahamiyati haqida maqola chop etdi.

Muallifning yozishicha, O‘zbekiston azaldan yetuk insonlar uchun markaz bo‘lib kelgan va o‘zining boy madaniyati bilan mashhur bo‘lgan. ITSM tashkil etilishi bilan mamlakat yana mintaqadagi muhim markazga aylanib bormoqda.

Markaz O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda imzolangan qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, uning ochilishi 2025 yilning noyabriga mo‘ljallangan. Arxitektura loyihasi 7,5 gektar maydonni egallagan, balandligi 65 metrli gumbazli uch qavatli binoni o‘z ichiga oladi. Markaz ko‘rgazmasi beshta tematik bo‘limdan iborat bo‘lib, mintaqaning butun tarixini – islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalardan tortib «Yangi O‘zbekiston»gacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Bu yerda Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri bo‘lmish «Usmon Mus'hafi»ning mavjudligi markazga o‘zgacha ma’naviy ruh beradi, deb yozadi ekspert.

U ITSM madaniyatlararo muloqot, bag‘rikenglik va ilmiy bilimlar uchun o‘ziga xos platforma bo‘lib, muzey va ilmiy-tadqiqot majmuasi funksiyalarini o‘zida mujassam etgan Luvr va Smitson instituti kabi global institutlar qatoridan joy olishiga umid bildiradi.

Islom sivilizatsiyasi markazi YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish orqali insonparvarlikni targ‘ib qilish, ekstremizmga qarshi kurashish, islom dinining tinch mohiyatini ochib berish bo‘yicha muhim missiyani bajaradi, deb yozadi Al Hassan Xon.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro ekspertlar ushbu loyihani yuqori baholagan, prezident Mirziyoyev esa uni islomni ezgulik va ma’rifat dini sifatida namoyon etuvchi tarixiy tashabbus sifatida baholagan.