Rossiyaning «Medina» nashriyot uyi Islom sivilizatsiyasi markaziga kitoblar to‘plami, jumladan, birinchi bosma Qur’on nusxasini sovg‘a qildi. Bu haqda ITSM matbuot xizmati xabar berdi.
Qur’oni Karimning mazkur nusxasi 1787 yili Sankt-Peterburgda, Yekaterina II saroyida musulmonlar tomonidan chop etilgan. Nashr eng qadimgi to‘liq o‘lchamli bosma musxaflardan biri hisoblanadi: u maxsus quyma metall shriftda terilgan, bu ishga tatar olimi va xattoti Usmon (Mulla) Ismoil jalb qilingan. Birinchi nashri taxminan 1200 nusxani tashkil etadi, XVIII asr oxirigacha u bir necha marta qayta nashr etilgan.
Bu nashrlar islom matbaa tarixida muhim bosqich bo‘lib, XIX asrda «Qozon» ommaviy nashr an’anasi yo‘nalishini belgilab bergan. 1787 yilgi Qur’on yo «musulmonlar rahbarligida» birinchi bosilgan yoki XIX asr boshidagi «musulmon» bosma nashrlarining peshvosi hisoblanadi.
Sovg‘a Toshkentda «Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak asosi» xalqaro forumi doirasida topshirildi.
«Islom sivilizatsiyasi markaziga bunday to‘plamni taqdim etish biz uchun katta sharaf. Bu hadya orqali biz ilmiy va ma’rifiy hamkorlikni mustahkamlashni, Markaz faoliyati orqali yosh avlodga tarixiy merosni yetkazishda o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qilganmiz», — dedi «Medina» nashriyoti rahbari Ilyas Saduri.
ℹ️ «Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak asosi» mavzuidagi forum Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan tashkil etildi. Tadbirda 20 dan ortiq davlatdan 200 dan ortiq olim va ekspertlar ishtirok etdi. TURKSOY, ISESCO, IRSICA, Al-Furqan kabi milliy va xalqaro ilmiy tashkilotlarning vakillari ekspert sifatida ishtirok etdi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



