«O‘zeltexsanoat» assatsiatsiyasi boshqaruv raisi Mirziyod Yunusov. O‘zbekiston prezideni matbuot xizmati fotosurati
O‘zbekiston muvofiqlikni baholash tizimini joriy qilgandan so‘ng Yevropaga elektr jihozlari eksportini kamida ikki barobar oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 8 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va uning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi taqdimoti chog‘ida ma’lum qilindi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimni joriy etish uchun yevropalik hamkorlar bilan hamkorlik qilmoqda. Natijada O‘zbekiston mahsulotlari Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi «CE» belgisiga ega bo‘ladi va bu Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatini kengaytiradi.
O‘zbekiston standartlar instituti Xalqaro elektrotexnika komissiyasi baholash sxemasiga a’zo organ sifatida qabul qilindi. Bu mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sertifikatlarining 53 davlatda tan olinishini ta’minlaydi.
Taqdimotda 2025 yilning to‘qqiz oyida elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish hajmi 16,3 foizga o‘sib, 34 trillion so‘mni (2,7 milliard dollardan ortiq) tashkil etgani, eksport hajmi 970 million dollarni tashkil etgani qayd etildi.
Shu bilan birga, sohada hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Xususan, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish, misni chuqur qayta ishlash va eksportni diversifikatsiya qilish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Taqdimotda mamlakatda chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, bu borada mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, misni xarid qilishda chegirma taqdim etish, kredit foizlarining 5 foizdan yuqori qismini davlat tomonidan qoplash, soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha yengilliklar berish rejalashtirilgan.
Tarmoqda an’anaviy turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan birga yuqori texnologik turlarini o‘zlashtirish, jumladan, elektronika va yarim o‘tkazgichlar sohasiga kirib borish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mamlakatda mis ishlab chiqarishni yaqin yillarda 250 ming tonnaga, 2030 yilga borib esa 500 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Bu xomashyodan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar, jumladan, serverlar, sanoat elektronikasi, konditsionerlar, quyosh batareyalari, boshqaruv va avtomatlashtirish uskunalari, smart-kartalar ishlab chiqariladi.
Umuman olganda, elektrotexnika sanoati umumiy qiymati 2,1 milliard dollarlik 157 ta loyiha portfeliga ega bo‘lib, ularning amalga oshirilishi 14,5 ming yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.



