Rossiyada ishlamoqchi bo‘lgan Tojikiston fuqarolari Dushanbe shahrida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi mumkin

mt.ru sayti fotosurati

Tojikiston fuqarolari Dushanbeda Rossiyada ishlash uchun zarur bo‘lgan tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Bu 8 oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Tojikistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan Tojikistonlik migrantlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuvda ko‘zda tutilgan, deb yozadi RIA Novosti.

Hujjatni RF Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko va Tojikiston Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi rahbari Jamoliddin Abdullozoda imzolagan.

Tibbiy ko‘rik Dushanbedagi tibbiyot muassasasi hududidagi maxsus markazda va Rossiya qoidalariga muvofiq o‘tkaziladi. Rossiyaga borgandan so‘ng takroriy tibbiy ko‘rikdan o‘tish talab qilinmaydi.

Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Tojikiston muzokaralari yakunlari bo‘yicha matbuotga bergan intervyusida Putin bir milliondan ortiq tojikistonlik mehnat muhojiri qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, transport kabi sohalarda mehnat qilib, Rossiya iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. Tojikistonliklarning pul o‘tkazmalari ularning oilalari va mamlakat iqtisodiyotiga katta yordam beradi. Prezident Rossiya Tojikiston fuqarolari uchun munosib mehnat sharoitlari va ijtimoiy himoyani ta’minlashga intilayotganini, ikki davlatning tegishli idoralari migratsiya siyosati masalalarida yaqindan hamkorlik qilayotganini ta’kidladi.

ℹ️ Tibbiy ko‘rik natijalari Rossiyada vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi (RVP), doimiy yashash ruxsatnomasi (VNJ), mehnat patenti (vizasiz mamlakatlardan Rossiya Federatsiyasiga kelgan chet elliklar uchun), ishlash ruxsatnomasi (viza talab qilinadigan mamlakatlardan kelgan chet elliklar uchun), qochoqlik guvohnomasi va vaqtinchalik boshpana guvohnoma berish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar to‘plamiga kiritilgan.