Tarix fanlari doktori, Rossiya etnografiya muzeyi yetakchi ilmiy xodimi Tatyana Yemelyanenko O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— O‘zbekistonning madaniyatga oid siyosatini anchadan beri kuzatib kelasiz. Sizningcha, uning o‘ziga xos xususiyati nimada?
— Bu madaniy taraqqiyot va mamlakat taqdimoti uchun uzoq muddatli va izchil yo‘nalishdir. Bir necha yillar, balki qariyb o‘n yildirki, O‘zbekiston xalqaro maydonda muntazam ravishda o‘zini namoyon etib, tarixi va zamonaviy madaniy hayotining eng sara qirralarini namoyish etib kelmoqda.
— Ushbu tizimli yondashuv nimalarda namoyon bo‘lyapti?
— Yirik, uzoq muddatli loyihalarda. «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi albomlarni chop etish, kongresslar o‘tkazish, dunyoning turli davlatlaridan mutaxassislarni taklif etish shular jumlasidandir. Ha, bu qimmatga tushadi, lekin u mahalliy madaniyatni chin dildan sevadigan va o‘rganadigan odamlarni birlashtiradi. Natijada xalqaro miqyosda yuqori obro‘ga erishildi. Men 2015 yildan buyon bu jarayonda ishtirok etaman va sifatning barqaror yaxshilanayotganini ko‘ryapman.
— Yangi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida ko‘p gapirildi...
— Muhokamalar anchadan beri davom etmoqda. Hatto o‘tgan yili bizni qurultoyga binoga olib kelishganda ham qurilish qoldiqlari bor edi. Kongressning o‘zida bo‘lajak markaz konsepsiyasi mualliflari so‘zlashdi – o‘shanda bu hali pishib yetmagandi. Hamma buni tushundi va uni jiddiy ravishda takomillashtirishga rozi bo‘lishdi. Biroq, qisqa vaqt ichida bunchalik yaxshi bajarilishini hech kim kutmagan edi.
— Aynan nimalar «yaxshi» bajarilgan? Arxitektura, ko‘rgazma, texnologiya?
— Birinchi navbatda, muzeyning mazmuni va texnologiyasi. Men muzey mutaxassisiman va shuni ayta olaman: multimedia yechimlari ajoyib; biz ko‘pincha Rossiyada bunday narsalarni orzu qilamiz. Asosiy kuch — bu bolalar ta’limiga e’tibor: zallar, ko‘rgazmalar va taqdimot usullari — bularning barchasi ma’rifatga yordam beradi. Kuchli davlatni istasangiz, ta’limni kuchaytiring. Bu yerda u har bir detalda seziladi.
— Sizni tashvishga solgan narsa bormi?
— Men «tashi yaltiroq» bo‘lishidan qo‘rqgandim: ma’nosiz tovlanishdan. Yaxshiyamki, buning aksi bo‘ldi — go‘zallik ma’no bilan birlashdi. Biz xonliklarga bag‘ishlangan ko‘rgazmani intiqlik bilan kutyapmiz, u o‘tish joylari — muzey zallari orasida joylashtirilishi rejalashtirilgan.
— Balki bu davrni temuriylar Renessansidan keyingi tanazzul davri deb atash ma’quldir?
— Buni «degradatsiya» deb belgilamaslik kerak. Imperiya makonining yemirilishidan so‘ng (Temur, Shohrux, keyinroq Ulug‘bekni eslang) Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonliklari vujudga keldi. Ular ko‘pincha «o‘zlari balan cheklandi» mahalliy xususiyatlarini ta’kidlagan holda va aloqalarni, jumladan, tarixan mansub bo‘lgan Eron dunyosi bilan ham yiroqlashdi.
— Bu «yopiqlik» obyektlarda qandaydir tarzda namoyon bo‘lganmi?
— Ha. Shuning uchun ham bugun biz «Xiva», «Qo‘qon» va «Buxoro» liboslarini — kesimi, matosi va bezaklari bo‘yicha ishonch bilan ajratamiz. Agar siz Buxoro yoki Hirot miniatyuralarini ko‘rsangiz, vaqt o‘tishi bilan kiyimlar o‘zgarganini ko‘rishingiz mumkin — turkiy element oldingi Eron libosida vizual tarzda hukmronlik qila boshlagan. O‘sha davrning haqiqiy liboslari haqida xulosa chiqarish qiyin — deyarli hech biri omon qolmagan — lekin ikonografiya buni ochib beradi.
— Markazga qaytsak: uning konseptual qiymatini qanday ifodalagan bo‘lardingiz?
— Islom «shunchaki din» sifatida emas, balki ko‘plab xalqlarning asrlar davomidagi sivilizatsiya tajribasi sifatida taqdim etilgan. Muhimi shundaki, Markaz madaniyatning avvalgi qatlamlarini «inkor etmaydi», masalan, zardushtiylikni «nojoiz» deb belgilamaydi, balki davomiylikni ko‘rsatadi: Islom o‘zidan oldingi narsalarning ko‘pini o‘zlashtirgan. Menimcha, bu yondashuv uslubiy jihatdan asosli.
— Ikki og‘iz xulosangiz?
— O‘zbekiston o‘zining madaniy «vitrinasi» va ekspert hamjamiyatlariga izchil sarmoya kirityapti va shu bois uning xalqaro nufuzi ortib bormoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi oldinga qo‘yilgan ajoyib qadamdir: ilg‘or texnologiyalar, ta’limga to‘g‘ri yo‘naltirilganlik va madaniy uzluksizlikka chinakam sodiqlik. Yaqin kelajakdagi vazifalar — «murakkab» eksponatlarning ilmiy tadqiqotlarini qiyomiga yetkazish. Shunda loyiha nafaqat shakl jihatidan, balki taqdim etgan dalillar darajasida ham etalonga aylanadi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



