Rossiya qozog‘istonlik haydovchilar uchun o‘z hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan yiliga 90 kun bo‘lishi mumkinligiga oid qoidani bekor qildi. Bu haqda Majilis (parlament quyi palatasi) deputati Bolatbek Najmetdinuli (Aliyev) Facebook (RFda ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan Meta korporatsiyasiga tegishli tarmoq) dagi sahifasida ma’lum qildi.
«Hukumatimiz Rossiya Federatsiyasidagi hamkasblari bilan operativ kanallar orqali bog‘landi va kecha kechqurun xalqaro yuk va yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarga yangi migratsiya cheklovlarini qo‘llamaslik to‘g‘risida qaror qabul qilindi», — dedi u.
Bir kun avval Qozog‘iston Rossiya bilan chegaradagi tirbandlik va haydovchilarning Rossiya immigratsiya qonunchiligidagi yangi moddalar yuzasidan shikoyatlari tufayli Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga (YEIK) murojaat qilgani xabar qilingandi. Ostona mavjud vaziyatni tashqi savdoga to‘sqinlik qilayotgan to‘siq sifatida tan olinishini taklif qildi.
Yanvar oyida kuchga kirgan qoidalarga ko‘ra, chet el fuqarolari Rossiyada ro‘yxatdan o‘tmasdan, kirish va chiqishlar sonidan qat’i nazar, kalendar yilida 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda qolishlari mumkin (ilgari bu muddat 180 kun bo‘lgan). Bolatbek Najmetdinuli avvalroq qozog‘istonlik haydovchilardan ushbu cheklov yuzasidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushayotganini xabar qilgandi.
Ularning aksariyatida Rossiya Federatsiyasida qolish limiti tugagan va ular reyslarni davom ettirish uchun yangi yil boshini kutishga majbur. Belgilangan 90 kunlik limitdan oshib ketganlar qo‘lga olingan va ular mamlakatni tark etishlari to‘g‘risida ogohlantirilgan, degandi deputat.
Vaziyat sentyabr oyidan «yashirin» import mahsulotlariga qarshi kurash olib borilayotgani tufayli ikki davlat chegarasida yuk mashinalarining tirbandligi yuzaga kelgani sabab, yanada og‘irlashgandi.