MDH davlat rahbarlari Dushanbe sammitida «MDH plyus» formatini tuzdilar

eccis.org sayti fotosurati

MDH doirasidagi hamkorlikning yangi formati — «Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi plyus» tashkil etildi. Tegishli qaror MDH Davlat rahbarlari kengashining 10 oktyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilindi, deb xabar berdi tashkilot ijroiya qo‘mitasi.

Bu format Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan taklif etilgan. U uchinchi davlatlar va xalqaro tashkilotlarning Hamdo‘stlik davlatlari bilan «o‘zaro manfaatli sohalarda» hamkorligini nazarda tutadi.

«Qaror Hamdo‘stlik shafeligida o‘tkaziladigan tadbirlarga manfaatdor shaxslarni taklif etish va ularning ishtirokini shakllantirish, manfaatdor sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha so‘rovlarni ko‘rib chiqish tartibini belgilaydi», — deyiladi ijroiya qo‘mita matbuot xizmati xabarida.

Tashkilotga raislik qilayotgan davlat MDH oliy organlarining tadbirlari va ochiq majlislariga uchinchi davlatlarni taklif qiladi. Asosiy shart — Hamdo‘stlikning boshqa a’zolari tomonidan e’tirozlarning yo‘qligi.

Avvalroq Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov mintaqaviy tashkilotlarda bunday shakllar tez-tez qo‘llanilishini ta’kidlagan edi. U SHHT+ (Shanxay hamkorlik tashkiloti) va BRIKS+ni misol qilib keltirgandi.

Sammit davomida jami 19 ta hujjat imzolandi. 2030 yilgacha bo‘lgan Harbiy hamkorlik konsepsiyasi, tashqi chegaralarda chegara xavfsizligini mustahkamlash dasturi, Mintaqaviy energetika xavfsizligini ta’minlashdagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya shular jumlasidandir.

Turkmaniston 2026 yil yanvaridan Hamdo‘stlikka raislikni o‘z zimmasiga olishi haqida qaror qabul qilindi. Bundan tashqari, MDH Bosh kotibi Sergey Lebedevning vakolati yana uch yilga uzaytirildi.