Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudi 27 yoshli O‘zbekiston fuqarosini Rossiya qurolli kuchlari tarkibida Ukrainaga qarshi harbiy amaliyotlarda qatnashgani uchun uch yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda sud qaroriga asoslanib, Uznews.uz xabar berdi.
Ish materiallariga ko‘ra, Paxtachi tumanida yashovchi A.X. 2019 yili Rossiyaga ishlash uchun ketgan. Ikki yildan so‘ng u Rossiyada giyohvand moddalar savdosida ayblanib, jazoni o‘tash uchun Chelyabinsk viloyatidagi qattiq tartibli koloniyaga jo‘natilgan.
Qamoqxonada bo‘lganida 2024 yili A.X. Rossiya huquq-tartibot organlaridan Ukrainaga qarshi harbiy amaliyotlarda ishtirok etish taklifini oladi. Buning evaziga unga qamoqdan ozod etilishi, Rossiya fuqaroligi berilishi va pul mukofoti va’da qilingan. O‘zbekiston fuqarosi rozi bo‘lgan.
Ozodlikka chiqqanidan so‘ng u Luganskda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan va keyin Rossiya qurolli kuchlari safiga jangga jo‘natilgan. Lugansk, Zaporoje, Xerson va Kursk viloyatlarida jang qilgan. Ana shunday janglardan birida A.X. yaralanib, Moskvadagi kasalxonaga yotqizilgan.
Davolanishdan so‘ng, 2025 yil mart oyida u O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan va u yerdan vataniga qaytish uchun yangi hujjatlar olgan. 28 mart kuni A.X. O‘zbekistonga kelib, ichki ishlar organiga taslim bo‘lgan.
Sud jazo tayinlashda bir qator yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olgan. Jumladan, sudlanuvchining aybiga to‘liq iqror bo‘lgani va pushaymonligi, O‘zbekistonda muqaddam sudlanmagani, moliyaviy ahvoli og‘irligi va o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lgani.
Sud tomonidan A. X. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida («Yollanish») nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Jazo umumiy rejimdagi koloniyada o‘taladi.
ℹ️ O‘zbekiston fuqarolarining 154-modda bo‘yicha sudlanganligi bilan bog‘liq yana bir qancha holatlar avvali ham fosh bo‘lgandi. Jumladan, 55 yoshli namanganlik fuqaro Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolab, Rossiya armiyasida bir muddat xizmat qilgani uchun ikki yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Buxoro viloyatida tug‘ilgan 32 yoshli fuqaro Lugansk viloyatidagi jangovar harakatlarda qatnashgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan.